Portugaliya — O‘zbekiston o‘yini turning eng tomoshabop bahslari qatoriga kirdi

2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichi ikkinchi turidan o‘rin olgan Portugaliya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv tomoshabinlar soni bo‘yicha turning eng ommaviy o‘yinlari o‘ntaligiga kirdi.
Xyuston shahridagi «NRG Stadium» arenasida o‘tkazilgan bellashuvni 68 777 nafar muxlis bevosita stadion tribunalaridan kuzatdi. Bu natija Portugaliya — O‘zbekiston uchrashuviga ikkinchi turning eng ko‘p tomoshabin to‘plagan bahslari ro‘yxatida yettinchi o‘rinni olib berdi.
Ikkinchi turda eng katta auditoriya Norvegiya va Senegal terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda qayd etildi. Ushbu bahsni 80 663 nafar muxlis stadiondan tomosha qildi.
Shuningdek, Argentina — Avstriya uchrashuviga 70 649 nafar, Belgiya — Eron bahsiga esa 70 317 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.
JCH-2026 ikkinchi turida eng ko‘p muxlis yig‘gan 10 ta o‘yin:
Norvegiya — Senegal — 80 663 nafar
Argentina — Avstriya — 70 649 nafar
Belgiya — Eron — 70 317 nafar
Shveysariya — Bosniya va Gersegovina — 70 026 nafar
Turkiya — Paragvay — 68 827 nafar
Niderlandiya — Shvetsiya — 68 777 nafar
Portugaliya — O‘zbekiston — 68 777 nafar
Ekvador — Kyurasao — 68 598 nafar
Iordaniya — Aljir — 68 371 nafar
Braziliya — Gaiti — 68 324 nafar
Eslatib o‘tamiz, Portugaliya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yevropaliklarning 5:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan edi.
Portugaliya safida Krishtianu Ronaldu dubl qayd etdi. Nunu Mendesh va Rafael Leau ham bittadan gol urishdi. Yana bir to‘p O‘zbekiston terma jamoasi darvozaboni Abduvohid Ne’matovning avtogoli sifatida qayd etildi.































Izohlar 0
…