Vinisius ketma-ket uchinchi marta eng yaxshi futbolchi bo‘ldi

Braziliya milliy jamoasi hujumchisi Vinisius Junior jahon chempionati guruh bosqichi 3-turidan o‘rin olgan Shotlandiyaga qarshi uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Braziliya 3:0 hisobida g‘alaba qozongan bahsda «Real» vingeri birinchi bo‘limning o‘zidayoq ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, dubl qayd etdi. Uning faol harakatlari Shotlandiya himoyasiga katta bosim o‘tkazdi va o‘yin taqdiri hal bo‘lishida muhim rol o‘ynadi.
Statistik ko‘rsatkichlar ham Vinisiusning uchrashuvdagi ustunligini tasdiqladi. U darvoza tomon 10 ta zarba yo‘lladi, 30 ta uzatmaning 25 tasini aniq amalga oshirdi. Bu 83 foizlik aniqlikni tashkil etdi.
Shuningdek, braziliyalik futbolchi raqib jarima maydonida 13 marta to‘pga tegdi. Bu har ikki jamoa o‘yinchilari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Qizig‘i, Vinisius ketma-ket uchinchi marta Braziliya milliy jamoasi ishtirokidagi uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi. U avval Marokashga qarshi 1:1 hisobida yakunlangan bahsdan, shuningdek, Haiti ustidan 3:0 hisobida qozonilgan g‘alabadan keyin ham mazkur mukofotni qo‘lga kiritgan edi.
Ma’lumot uchun, Vinisius Junior JCH-2026 doirasida o‘tkazgan 3 ta uchrashuvida 4 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shu tariqa, u turnirning eng yorqin futbolchilaridan biriga aylanib bormoqda.































Izohlar 0
…