Portugaliyalik agent Ronaldu haqida: «O‘zbekistondan keyin haqiqiy sinov boshlanadi»

Portugaliyalik futbol agenti Paulu Barboza 2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi turida o‘tkazilgan Portugaliya — O‘zbekiston uchrashuvidan keyin Krishtianu Ronaldu haqida keskin fikrlar bildirdi.
41 yoshli hujumchi mazkur bahsda dubl qayd etib, Portugaliyaning 5:0 hisobidagi yirik g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Shuningdek, Ronaldu milliy jamoa safida jahon va Yevropa chempionatlaridagi 10 o‘yinlik golsiz seriyasiga chek qo‘ydi.
Uchrashuvdan keyin Krishtianu «Men qaytdim!» deya bayonot bergan edi. Biroq Paulu Barboza bu so‘zlarga shubha bilan munosabat bildirdi.
«O‘zbekistonga qarshi o‘yinda qaytdimi? Unda u avval qayerda edi? Oldingi 10 ta muhim uchrashuvda-chi? Men aynan jahon va Yevropa chempionatlaridagi bahslarni nazarda tutyapman.
O‘sha o‘yinlarda Krishtianu terma jamoaga gollari bilan jiddiy yordam bera olmadi. U 2022 yilgi jahon chempionati chorak finalida Marokashga, Yevro-2024 chorak finalida esa Fransiyaga qarshi gol urolmagan», — dedi agent.
Barboza Ronalduning O‘zbekistonga qarshi o‘yindagi muvaffaqiyatini e’tirof etgan bo‘lsa-da, uni oldinda ancha jiddiy sinovlar kutayotganini ta’kidladi.
«Endi u O‘zbekistonga qarshi o‘yinda qaytgan bo‘lib chiqyapti. Mayli, uning uchun xursandman. Lekin avvalgi yirik turnirlarni ham unutmaslik kerak. Endi Kolumbiyaga qarshi o‘yinni kutamiz», — dedi u.
Suhbat davomida agentdan Ronaldu uchun mazkur jahon chempionatida Lionel Messidan ko‘proq gol urish qanchalik muhim ekani so‘raldi. Ayni paytda Messi turnirda beshta gol urgan.
Barboza Krishtianuning shaxsiy ambitsiyalari barchaga ma’lum ekanini aytdi va uni Portugaliya afsonasi Eysebio bilan taqqosladi.
«Bizda Eysebio bo‘lgan. U faqat bitta jahon chempionatida ishtirok etib, 1966 yilda to‘qqizta gol urgan. Ronaldu kecha uni ortda qoldirdi va endi hisobida 10 ta gol bor. Ammo u bu natijaga oltita jahon chempionati davomida erishdi. Hamma narsa taqqoslanganda aniq ko‘rinadi», — dedi mutaxassis.
Paulu Barboza hozirgi natijalardan kelib chiqib, «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlar qatoriga Kilian Mbappe, Lionel Messi, Harri Keyn va Lamin Yamalni kiritdi. U Neymarning ham maydonga qaytganidan keyingi holatini kuzatish lozimligini aytdi.
Ronaldu mazkur ro‘yxatga kirishi mumkinmi, degan savolga esa agent salbiy javob berdi.
«Ushbu sovrin uchun Ronaldu jiddiy da’vogar bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Albatta, futbolda har qanday voqea yuz berishi mumkin. Lekin guruhimizda endi O‘zbekiston darajasidagi raqiblar qolmadi. Uning keyingi o‘yinlarda ham gol ura olishi katta savol ostida», — dedi Barboza.
Hozirda Portugaliya 4 ochko bilan «K» guruhida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Hisobida ochko bo‘lmagan O‘zbekiston esa so‘nggi pog‘onada bormoqda.
Guruh bosqichining hal qiluvchi turida Portugaliya Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. O‘zbekiston milliy jamoasi esa Kongo Demokratik Respublikasi bilan kuch sinashadi.































Izohlar 0
…