Jorjina Ronalduning sirini ochdi: «U 50 yoshgacha ham o‘ynay oladi»

Krishtianu Ronalduning turmush o‘rtog‘i Jorjina Rodriges portugaliyalik yulduzning 41 yoshida ham yuqori motivatsiya va futbolga bo‘lgan kuchli ishtiyoqni qanday saqlab qolayotgani haqida gapirdi.
Jorjinaning aytishicha, u ba’zan Ronalduga barcha katta yutuqlarga erishib bo‘lganini eslatib, hayotdan ko‘proq zavqlanishni taklif qiladi. Biroq futbolchi uchun maydondagi kurash hali ham oddiy kasb emas, balki hayotining muhim qismi bo‘lib qolmoqda.
«Men ko‘pincha Krishtianuga: “Senda allaqachon hamma narsa bor, endi hayotdan biroz ko‘proq zavqlanaylik”, deyman.
U esa menga: “Sizlar men uchun hamma narsasiz, futbol esa mening ishtiyoqim”, deb javob beradi», — dedi Jorjina.
Uning ta’kidlashicha, Ronalduning futbolga bo‘lgan mehri va ishtiyoqi ular tanishgan dastlabki kunlardan beri deyarli o‘zgarmagan.
«Eng hayratlanarlisi — u bilan tanishgan kunimdagi futbolga bo‘lgan ishtiyoqi hozir ham xuddi shunday. U hech qachon o‘zini ayamaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Jorjina Ronalduning faoliyatini qachon yakunlashi haqidagi savollarga ham javob berib, portugaliyalik hujumchi hali uzoq yillar maydonda qolishga qodirligini aytdi.
«Odamlar undan faoliyatini qachon yakunlashini so‘rashadi. Ochig‘ini aytsam, u 50 yoshgacha ham o‘ynay oladi», — dedi Rodriges.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu ayni paytda 41 yoshda va Portugaliya milliy jamoasi safida JCH-2026da ishtirok etmoqda. U turnirning dastlabki ikki uchrashuvida 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu tariqa, yosh raqam bo‘lib qolmoqda: Ronalduning asosiy «yoqilg‘isi» esa hamon futbolga bo‘lgan tugamas ishtiyoq.































Izohlar 0
…