Quyoshdagi sirli hodisa Yer uchun xavfli bo‘lishi mumkin

Olimlar Quyosh yuzasida magnit energiyasini to‘plashi va katta portlashlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan aylanma girdoblarni yuqori aniqlikda tasvirga oldi. Tadqiqot Gavayidagi Inoue teleskopi yordamida o‘tkazilib, natijalari Nature jurnalida e’lon qilindi. Bu hodisalar «kosmik ob-havo»ning bir qismi bo‘lib, Yerdagi elektr tarmoqlari va sun’iy yo‘ldoshlar ishiga xalal berishi, kosmonavtlar uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Quyoshdagi plazma harakati uning magnit maydonini o‘zgartiradi va aylanma harakatlarni yuzaga keltiradi. Olimlar bu jarayonni yuqori aniqlikda tasvirga olib, Quyoshdagi katta energiya portlashlarining sabablarini yaxshiroq tushunishga yaqinlashdi.
Mazkur hodisalar «kosmik ob-havo»ning bir qismi bo‘lib, ular Yerdagi elektr tarmoqlari va sun’iy yo‘ldoshlar ishiga xalal berishi, hatto kosmonavtlar uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
AQSH Milliy quyosh rasadxonasi xodimi doktor Devid Boboltzning ta’kidlashicha, yangi tasvirlar olimlarga kosmik ob-havoni yaxshiroq o‘rganish va unga samaraliroq tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kosmik ob-havoni tushunish va uni kelajakda bashorat qilish uchun Quyosh fizikasini eng kichik masshtablargacha o‘rganish zarur.
Olimlarning tadqiqot natijalari va yangi tasvirlar Nature jurnalida e’lon qilingan. Tadqiqot Gavayidagi tog‘ cho‘qqisiga o‘rnatilgan dunyodagi eng yirik quyosh teleskopi — Inoue teleskopi yordamida amalga oshirilgan. Hudud osmonining tozaligi va chang miqdorining kamligi sababli teleskop uchun tanlangan.
Tadqiqotchilar Quyosh yuzasida aylanib, bir-biriga o‘ralayotgan girdoblarni yuqori darajadagi detallar bilan tasvirga tushirdi. AQSH Milliy quyosh rasadxonasi astronomi David Kuridzening aytishicha, bunday aylanma harakatlar magnit energiyasini hosil qiladi. Bu energiya ma’lum vaqt davomida to‘planib, keyinchalik katta miqyosdagi portlashlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Quyoshdagi «portlashlar» nimadan yuzaga keladi?
Olimlar o‘rgangan jarayon Kelvin–Gelmgols beqarorligi deb ataladi. U plazma kabi gaz qatlamlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir natijasida paydo bo‘lib, aylanuvchi girdobsimon tuzilmalarni hosil qiladi. Xuddi shunday jarayon okeanlardagi ayrim to‘lqinlarning shakllanishida ham kuzatiladi.
Rasadxona xodimi Fridrix Vyogerning ta’kidlashicha, ushbu hodisaning Quyosh yuzasida aniqlanishi kosmik ob-havo dinamikasini tushunish bilan birga, Quyosh yuzasining nima uchun yuqori haroratga ega ekanini anglashga ham yordam beradi.
Olimning so‘zlariga ko‘ra, yuqori qatlamlarda yetarlicha energiya to‘planganida, u chaqnash yoki koronal massa chiqarilishi ko‘rinishida ajralib chiqishi mumkin.
Devid Boboltz tadqiqotning amaliy ahamiyatini ham ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur kashfiyot insonlarga kosmik ob-havoni va undan qanday himoyalanish mumkinligini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
«Bu bizga eng yaqin yulduz. U fizikaning asosiy qonunlarini tushunishga yordam beradi. Insoniyat bilimini boyitish uchun bunday tadqiqotlarni davom ettirishimiz kerak», — dedi olim.






























Izohlar 0
…