Liam Rosenior Parijga qaytdi: Angliyalik mutaxassis Fransiyada ish boshladi

Chelsi klubining sobiq murabbiyi Liam Rosenior professional futboldagi faoliyatini Fransiyada davom ettiradigan boʻldi. 41 yoshli angliyalik mutaxassis rasman Pari Sen-Jermen bilan raqobatlashuvchi va Fransiya poytaxtining yana bir vakili hisoblangan Paris FC jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu tayinlov mutaxassisning Stamford Bridge stadionidagi qisqa muddatli faoliyatidan soʻng oradan uch oy oʻtib amalga oshdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Klub matbuot xizmati xabariga koʻra, Rosenior bilan ikki yillik shartnoma imzolangan boʻlib, kelishuvda hamkorlikni yana bir mavsumga uzaytirish bandi ham koʻzda tutilgan. U jamoa jilovini Parij klubini oʻtgan mavsumda kuchli oʻn birlikda ushlab qolgan Antuan Kombuaredan qabul qilib oldi. Bu Rosenior uchun Fransiya chempionatidagi ikkinchi murabbiylik tajribasi boʻladi.
Yangi loyiha va Red Bull koʻmagi
Paris FC rahbariyati, xususan, Arnault oilasi va Red Bull kompaniyasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan klub mutasaddilari angliyalik murabbiyning yetakchilik qobiliyatiga yuqori baho berishgan. Sport direktori Marko Neppe Roseniorning zamonaviy va talabchan uslubi jamoani yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirmoqda."Liam Rosenior biz qidirayotgan barcha fazilatlarni oʻzida mujassam etgan. U nafaqat taktik jihatdan bilimli, balki yosh oʻyinchilarni rivojlantirish va jamoani umumiy maqsad yoʻlida birlashtirish borasida ham katta tajribaga ega. Uning qarashlari bizning uzoq muddatli strategiyamizga toʻla mos keladi", — deya taʼkidladi Neppe.
Murabbiyning oʻzi ham ushbu tayinlovdan mamnunligini yashirmadi. U jamoa bilan ishlashni intiqlik bilan kutayotganini va futbolchilar maydonda erkin, shiddatli va zavq bilan toʻp surishlarini istashini maʼlum qildi. Uning maqsadi — Paris FC muxlislariga jozibador futbol namoyish etishdir.
Maʼlumot uchun, Roseniorning Fransiyadagi obroʻsi RC Strasbourg klubidagi muvaffaqiyatli faoliyati bilan bogʻliq. Oʻshanda u Yevropaning eng yosh tarkibi bilan jamoani turnir jadvalining yettinchi pogʻonasiga olib chiqqan va Konferensiyalar ligasi yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan edi. Shuningdek, u Angliyaning Xall Siti va Derbi Kaunti klublarida ham oʻzini koʻrsatishga ulgurgan.
Eslatib oʻtamiz, Rosenior ketganidan soʻng uning sobiq jamoasi Chelsi rahbariyati ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonso bilan shartnoma imzolagan edi. Endilikda angliyalik murabbiy Fransiya poytaxtida oʻzining yangi gʻoyalarini amalga oshirishga kirishadi.






























Izohlar 0
…