Liverpul Janubiy Amerikaning yangi yulduzini oʻz safiga qoʻshib olmoqda

Angliyaning Liverpul klubi transfer bozorida istiqbolli yosh iqtidorlarni izlashda davom etmoqda. Mersisaydliklar Kolumbiyaning Atletiko Nasional jamoasi aʼzosi, 17 yoshli Samuel Martinez transferini hal qilishga juda yaqin turibdi. Ushbu kelashuv klubning kelajak uchun poydevor yaratish strategiyasining bir qismidir. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
The Athletic nashri xabariga koʻra, Liverpul kolumbiyalik yosh iqtidor uchun taxminan 750 ming funt sterling miqdorida mablagʻ sarflaydi. Samuel Martinez allaqachon Mersisaydga tashrif buyurgan va transferning soʻnggi rasmiyatchiliklarini yakunlagan. Biroq, u darhol Angliya Premer-ligasida debyut qilmaydi.
Kelishuv shartlariga koʻra, Martinez kelasi yilning yoziga qadar Atletiko Nasional safida qoladi. Liverpul rahbariyati futbolchining oʻzi uchun tanish boʻlgan muhitda oʻsishda davom etishini maʼqul koʻrdi. Shu bilan birga, ingliz klubi mutaxassislari uning mashgʻulotlari va jismoniy holatini masofadan turib nazorat qilib borishadi.
Skautlar nazariga qanday tushdi?
Samuel Martinez Liverpul skautlari eʼtiborini joriy yilning aprel oyida boʻlib oʻtgan Janubiy Amerika U-17 chempionatidagi yorqin oʻyinlari bilan tortdi. Musobaqa davomida u Kolumbiya yoshlar terma jamoasining yetakchisiga aylandi va finalda Argentina ustidan qozonilgan gʻalabada katta hissa qoʻshdi. Aynan ushbu turnirdagi muvaffaqiyat uning Yevropa grandlari nazariga tushishiga sabab boʻldi.Ushbu transfer ustida klubning bir qator tajribali mutaxassislari, jumladan, Janubiy Amerika boʻyicha skautlar rahbari Fernando Troiani va global iqtidorlar boʻyicha direktor Matt Newberry jiddiy ish olib bordi. Ularning saʼy-harakatlari natijasida Mersisayd klubi raqobatda boshqa jamoalardan oʻzib ketishga muvaffaq boʻldi.
Liverpul soʻnggi vaqtlarda akademiyani kuchaytirish maqsadida butun dunyo boʻylab yosh iqtidorlarni yigʻmoqda. Yanvar oyida senegallik himoyachi Mor Talla Ndiaye va Avstriyadan Ifeanyi Ndukwe kabi futbolchilarning transfer qilinishi ham klubning uzoq muddatli rejalari borligidan dalolat beradi. Samuel Martinez esa ushbu zanjirning navbatdagi muhim boʻgʻini boʻlishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…