Jahon chempionati: Angliya va Fransiya oʻrtasidagi oʻyinda 10 ta gol urildi

Futbol bo‘yicha jahon chempionatining uchinchi o‘rni uchun kechgan bahsda Angliya terma jamoasi Fransiya ustidan 6:4 hisobida g‘alaba qozonib, bronza medallariga ega chiqdi. Mazkur uchrashuv turnir tarixidagi eng sermahsul "kichik final" sifatida qayd etildi. Tomas Tuxel boshqaruvidagi inglizlar yarim finaldagi mag‘lubiyatdan so‘ng o‘zlarini tiklab olishganini ko‘rsatishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
O‘yin Angliya uchun juda muvaffaqiyatli boshlandi. Deklan Rise uchrashuvning ilk daqiqalaridayoq 23 metrlardan yo‘llagan zarbasi bilan Mike Maignan darvozasini ishg‘ol qildi. Bu gol yarim finalda Argentina tomonidan tanqidga uchragan jamoaga qo‘shimcha ishonch bag‘ishladi. 20-daqiqada esa Rise tomonidan amalga oshirilgan burchak to‘pini Ezri Konsa boshi bilan darvozaga yo‘llab, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Birinchi bo‘limning qolgan qismi Bukayo Saka benifisiga aylandi. Arsenal yulduzi dastlab qarshi hujumda darvozabon xatosidan unumli foydalanib gol urgan bo‘lsa, tanaffus arafasida Eberechi Eze uzatgan to‘pni raqib himoyachilarini ortda qoldirgan holda to‘rtinchi bor darvozaga joylab qo‘ydi. Shunday qilib, inglizlar tanaffusga yirik ustunlik bilan yo‘l olishdi.
Kilian Mbappe va tarixiy rekord
Ikkinchi bo‘limda Fransiya terma jamoasi o‘yinni butunlay o‘zgartirishga harakat qildi. Kilian Mbappe tezkor qarshi hujumdan so‘ng hisobni qisqartirdi. Ko‘p o‘tmay Bredli Barkolya ikkinchi golni urdi, Maykl Olise esa Mbappe uchun uchinchi golni tayyorlab berdi. Natijada hisob 4:3 ko‘rinishiga kelib, Angliya qiyin ahvolda qoldi.
Kilian Mbappe ushbu o‘yinda urgan ikkinchi goli evaziga jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi. Uning hisobidagi gollar soni 22 taga yetdi va u Lionel Messi (21 gol) rekordini yangiladi. Shuningdek, Mbappe 10 ta gol bilan ushbu turnirning "Oltin butsa" poygasida yetakchilikni o‘z qo‘liga oldi. Maykl Olise esa bitta turnirda 6 ta golli uzatmani amalga oshirib, afsonaviy Pele rekordini takrorladi.
Biroq, Fransiya vaziyatni tenglashtirish uchun berilgan imkoniyatlardan foydalana olmadi. Olise ikki marta qulay vaziyatni qo‘ldan chiqargach, Angliya yana ikkita gol urib, yakuniy 6:4 hisobidagi g‘alabani ta’minladi. Goal.com nashrining yozishicha, ushbu o‘yin muxlislar uchun haqiqiy bayramga aylandi va Tomas Tuxelning Angliya terma jamoasidagi ilk medali bilan yakunlandi.






























Izohlar 0
…