Sunʼiy intellekt markazlari elektr tarmoqlari uchun kutilmagan xavfga aylandi

Vashington yaqinida yuz bergan kichik bir avariya sunʼiy intellekt va maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarining (data-markazlar) zamonaviy energetika tizimlari uchun qanchalik jiddiy xavf tugʻdirishi mumkinligini koʻrsatib berdi. Oddiy sharoitda bir necha soniyada bartaraf etilishi kerak boʻlgan nosozlik, data-markazlarning bir vaqtda tarmoqdan uzilishi oqibatida oʻn daqiqadan koʻproq davom etgan inqirozga aylandi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
TechCrunch va Reuters xabarlariga koʻra, Shimoliy Virjiniyada elektr uzatish liniyasining uzilishi natijasida 3 gigavattdan ortiq quvvatni isteʼmol qiluvchi maʼlumotlar markazlari deyarli bir vaqtning oʻzida tarmoqdan uzilgan. Bu holat AQSHdagi eng yirik tarmoq operatori hisoblangan PJM tizimida kuchlanishning keskin sakrashiga sabab boʻldi. Hodisa oqibatida Nyu-Jersidan tortib Illinoysgacha boʻlgan hududlarda chiroqlar miltillashi kuzatilgan, biroq xayriyatki, ommaviy oʻchishlar (blackout) yuz bermadi.
Kichik nosozlikdan yirik inqirozga
Shimoliy Virjiniya dunyodagi eng koʻp maʼlumotlar markazlari toʻplangan hudud hisoblanadi. Ting Labs startapi maʼlumotlariga koʻra, elektr tarmogʻidagi nosozlik sezilishi bilan barcha markazlar avtomatik ravishda zaxira quvvat manbalariga oʻtgan. Buning oqibatida atigi 30 soniya ichida tarmoqdagi 3,1 gigavattlik yuklama yoʻqolgan. Energetika tizimi bu yoʻqotishni kompensatsiya qilishga ulgurmasidan, qoʻshimcha quvvatlar ham uzilib, umumiy ortiqcha energiya 3,49 gigavattga yetgan.Mutaxassislarning tushuntirishicha, elektr tarmogʻi taklif va talab oʻrtasidagi mukammal muvozanatda ishlashi kerak. Agar bu muvozanat buzilsa, kuchlanish pasayib ketadi yoki aksincha, keskin koʻtariladi. Data-markazlar oʻz uskunalarini himoya qilish uchun soniyaning ulushlarida qaror qabul qiladi va tarmoqdan uziladi. Bu esa zanjirli reaksiyani keltirib chiqarib, butun bir mintaqa energetikasini izdan chiqarishi mumkin.
Kelajakdagi xavf va yechimlar
ON.Energy kompaniyasi texnik direktori Ricardo de Azevedo bu hodisani "konchidagi kanareyka" (yaqinlashayotgan xavf belgisi) deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, sunʼiy intellekt texnologiyalari rivojlangani sari bunday yirik yuklamali obʼyektlar soni ortib bormoqda va ularning tarmoq bilan oʻzaro aloqasi tobora murakkablashmoqda. Agar maʼlumotlar markazlari bunday uzilishlarni yumshoqroq boshqarishni oʻrganmasa, kelajakda yanada yirikroq avariyalar sodir boʻlishi tayin.Hozirda energetika sohasi mutaxassislari data-markazlar uchun yangi standartlarni joriy etishni taklif qilmoqdalar. Bu quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:
- Tarmoqdan uzilish jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirish;
- Zaxira tizimlarini tarmoq barqarorligini qoʻllab-quvvatlashga moslashtirish;
- Sunʼiy intellekt yordamida yuklamani aqlli boshqarish tizimlarini joriy etish.






























Izohlar 0
…