63 yoshida talabalik orzusini ro‘yobga chiqargan ayol hammani hayratga soldi

63 yoshida talabalik orzusini ro‘yobga chiqargan ayol hammani hayratga soldi

Qashqadaryo viloyatida yashovchi 63 yoshli ayol ko‘p yillik orzusini amalga oshirib, oliy ta’lim muassasasini muvaffaqiyatli tamomladi. Nishon tumanida istiqomat qiluvchi Gulsum Xurramova Qarshi davlat universitetini bitirib, bakalavr diplomini qo‘lga kiritdi.

Ma’lum bo‘lishicha, u 2020 yilda, 58 yoshida universitetning Tarix fakulteti qoshidagi “Ijtimoiy ish” yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilingan. Besh yil davomida yosh talabalar bilan birga tahsil olib, ta’limni muvaffaqiyatli yakunladi.

Gulsum Xurramovaning ta’kidlashicha, oliy ma’lumotli bo‘lish uning bolalikdangi eng katta orzularidan biri bo‘lgan. Mahalla tizimida oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlar uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, hujjat topshirishga qaror qilgan.

Ayni paytda u Nishon tumanidagi Abdulla Qodiriy mahallasida ijtimoiy xodim sifatida faoliyat yuritmoqda. U uzoq yillar mahalla tizimida mehnat qilib, turli mahallalarda rais lavozimida ham ishlagan.

Gulsum Xurramovaning eng yorqin xotiralaridan biri esa nevarasi bilan bir vaqtda talabalik gashtini surganidir.

«Eng quvonarlisi, men farzandim bilan emas, nevaram bilan bir vaqtda universitet talabasi bo‘ldim», — deydi u.

Hamkasblarining aytishicha, u mahallada xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ham faol ish olib borgan. Uning tashabbusi bilan ehtiyojmand ayollar uchun kasb-hunar to‘garaklari tashkil qilinib, bir qator xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minlangan.

63 yoshida bakalavr diplomini qo‘lga kiritgan Gulsum Xurramovaning hayot yo‘li ilm olish va o‘z ustida ishlash uchun yosh hech qachon to‘siq emasligini yana bir bor isbotladi. Uning hikoyasi ko‘plab insonlar uchun kuchli motivatsiya va ibrat bo‘lmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar