13:35 / 27.06.2017
3 549

Siz kutmagan mulohaza: Babayan o‘zbek futbolining “Rikardu”si bo‘la oladimi?

Siz kutmagan mulohaza: Babayan o‘zbek futbolining “Rikardu”si bo‘la oladimi?
“Maktabda o‘qigan kezlarimda bir o‘qituvchim bo‘lardi. Matematikadan dars berardi. Bilimi zo‘r, matematika fanini suv qilib ichib yuborgan edi. Ammo negadir sinfimizning shu fandan o‘zlashtirishi past edi. O‘sha paytlarda buning sababini bilmasdim. Endi bilsam, bunda o‘qituvchining o‘zi ham aybdor ekan. Ya’ni unda pedagogik qobiliyat yo‘q edi, bilimlarini o‘quvchilarga etkazib berolmas, o‘quvchilarning diqqatini, mehrini qozona olmagan edi. Oqibatda biz darsga kirmasdik.

HAMMA GAP PEDAGOGIKADA
Buning futbolga nima aloqasi bor, deb o‘ylayotgandirsiz. Yaxshigina aloqasi bor, futbolda ham bilimiz zo‘r, ammo shogirdlarining, futbolchilarning hurmatini qozona olmagan murabbiylar istagancha topiladi. Yana bir jihat ham isbotini topmoqda — murabbiy futbolchilarning ko‘ngliga yo‘l topa olmasa, uning futbol borasidagi barcha bilimu tajribalarni to‘plagani ham sariq chaqaga arzimay qoladi. Bunga misollar ko‘p. Masalan, Lui van Galni olaylik. Bu mutaxassisni aslo tajribasiz deb bo‘lmaydi, chunki u qayd etgan natijalarni takrorlash uncha-buncha murabbiyning orzusi bo‘lsa kerak. Ammo aynan shu gollandiyalik mutaxassis “Manchester Yunayted”da hech narsani eplay olmadi.

Sababi, van Gal futbolchilar bilan til topishishni, ularga quloq tutishni xohlamadi. O‘zini tajribali deb hisoblab (bu to‘g‘ri, albatta), faqat o‘z qarorlarini hurmat qildi, qolganiga esa qo‘l siltab qo‘ya qoldi (bu esa noto‘g‘ri). Xususan, Ueyn Runi bu mutaxassis haqida fikr bildirganida quyidagi gaplarni aytib o‘tgandi: “Van Gal ijodkorlikka imkon bermaydi. Maydonda qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar, bizga taktikadan chiqib ketmaslikni tayinlardi. Agar qulay vaziyat bo‘lganida o‘zim qaror qabul qilib, zarba bersam-u, harakatim o‘xshamasa, undan dakki eshitardim”. Tabiiyki, bunday mutaxassisdan futbolchilar tezda bezishadi. Aynan shu bois “qizil iblislar” van Galning yo‘rig‘iga yurishni istashmadi va murabbiy ta’bir joiz bo‘lsa sharmandalarcha ishdan haydaldi.

Yoki portugaliyalik Joze Mourinyuni olaylik. O‘z vaqtida “Portu” jamoasi bilan UEFA Chempionlar ligasi bosh sovriniga ega chiqqanida butun dunyo Jozega tan bergandi. Keyinchalik “Inter”ni ham xuddi shu musobaqa g‘olibiga aylantirgan bu inson haqli ravishda “Special 1” e’tirofiga munosib ko‘rildi va haligacha bu nom aytilganda ko‘z oldimizga aynan Mourinyu keladi. Biroq bu mutaxassis Londonning “Chelsi” klubidan haydaldi. Vaholanki, aynan Joze “Chelsi”ning muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo‘shgan, London klubining tirik ramziga aylangandi. Biroq aynan pedagogik jihatdan noto‘g‘ri yo‘l tanlaganligi, xudbinligi, xarakteridagi qusurlar uning oyog‘iga bolta bo‘ldi. Aynan shu qusurlaridan bezor bo‘lgan futbolchilar o‘yin sifatini pasaytirib yuborishdi va Mourinyuning jamoadan ketishini ochiq-oydin istashlarini ko‘rsatib qo‘yishdi. Natijada Mour uchun “Chelsi” eshiklari yopildi.

HECh NARSA TASODIFAN BO‘LMAYDI
Biz bu misollarni bejizga keltirmadik. Ayni damda futbol ixlosmandlarining asosiy muammosi O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiysi masalasi bo‘lib turibdi. Ko‘pchilikni “Samvel Babayan terma jamoa murabbiyi bo‘lishga arziydimi?” degan savol qiynamoqda. Ularning ikkilanishiga ham asos bor, chunki Samvel Babayan murabbiylik borasida unchalik tajribaga ega emas. Ammo futbolda hamma narsani ham tajriba belgilab beravermaydi. To‘g‘ri, ayni damda Babayan terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqishiga ishonmayotgandirsiz, ehtimol, termamizning sust o‘yini ishonchingizning poymol bo‘lishiga, ko‘nglingizda shubhayu gumonlar ko‘payishiga sabab bo‘layotgandir. Keling, sizga bir misol keltiraman. Portugaliya terma jamoasining Evropa chempionatida g‘olib bo‘lganidan xabaringiz bor. Ko‘pchilik buni tasodifga yo‘ymoqda. Ammo bu hech qanaqa tasodif emas. Bu esa bosh murabbiyning taktikasi muhim rol o‘ynadi.

To‘g‘ri, Rikardu Santush ilgari shov-shuvli natijalar qayd etgan tajribali murabbiy emas, ammo u kerakli vaziyatda kerakli taktikani tanlay oldi. Tarkibdan kelib chiqqan holda himoyaviy taktikaga asoslangan o‘yin ko‘rsatdi, shu bois ham Fransiya finalda portugallar darvozasini ishg‘ol eta olmadi, shu bois ham Portugaliya chempion bo‘ldi. Ikkinchi tomondan bu terma jamoaga omad kulib boqdi. Qizig‘i, Rikardu Santush hozir ham tajribali murabbiy sifatida e’tirof etilmaydi, ammo Portugaliya futboli tarixida qolishi turgan gap. Muhimi, u termani chempion qildi. Muxlislarga esa hech narsa qoyillata olmaydigan tajribali mutaxassisdan ko‘ra futbolchilarni o‘ynata oladigan murabbiy ma’qulroq.

Bizning terma jamoada ham hozir xuddi shunday jarayon hukm surayotgandek. Terma jamoamiz oldingiga qaraganda himoyaviyroq o‘yin ko‘rsatmoqda, ammo hozircha vaziyat yomon emas. Real olib qaraydigan bo‘lsak, so‘nggi saralash bosqichida 4 o‘yinda 9 ochko jamg‘ardik. Bu 75 foizlik natija degani, bunday natija esa “yaxshi” deya baholanadi. Ko‘pchilik “Agar Eron xohlasa, yirik hisobda g‘alaba qozonardi”, qabilidagi fikrlarni ham ilgari surmoqda. Ammo, aslida, bunday emas. Agar Eron to‘liq hujumkorlikka berilganida biz vaziyatni o‘z foydamizga og‘dirib olardik. Aytmoqchimizki, bu o‘yin terma jamoamizning haqiqiy kuchini ko‘rsatib bera olgani yo‘q. Qolaversa, mazkur matchdagi omadsizlikka raqibning o‘yinini yaxshilab o‘rganmaganimiz, natijada taktikani noto‘g‘ri tanlaganimiz sabab bo‘ldi. Vaholanki, biz Eronni ilgari mag‘lub etganmiz, bundan keyin ham g‘alaba qozona olamiz.

BABAYaN TAJRIBASIZDIR, AMMO…
Samvel Babayanda tilga olganimiz pedagogik qobiliyat, futbolchilarga fikrini tushuntira olish va aytganini qildirish mahorati bor. Bu esa murabbiy uchun juda muhim jihatlardan biri sanaladi. Ishonamizki, Samvel Babayan boshchiligida futbolchilarimiz Koreya atalmish qulfning kalitini topib, uni yo‘limizdan olib tashlashadi. Bu qulfning kaliti esa aqlli taktika va o‘rinli tarkib. Ishonamizki, bu safar azaliy raqibimiz maydonidan kerakli ochkolarni olib qaytamiz”.

Ochig‘i yuqoridagi fikrlarga o‘zimning ham ishongim keladi. Ha, men ham Babayandan kuygan o‘zbek futbolining jonkuyar muxlislaridan biriman. Shunchaki Xitoyga qarshi o‘yinga o‘zimni tayyorlayapman, sizga ham shuni maslahat beraman, aziz darddoshlar.

Nizomjon Islomov


Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Siz kutmagan mulohaza: Babayan o‘zbek futbolining “Rikardu”si bo‘la oladimi?