Bloger Sevara Usmonova Akmal Mirzo bilan bog‘liq mojaro ortidan himoya orderi oldi (video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Bloger Sevara Usmonova hamkasbi Akmal Mirzo bilan yuzaga kelgan mojaro ortidan o‘ziga nisbatan qilingan tahdid va haqoratlar sababli himoya orderi oldi.
- Sud-lingvistik ekspertiza natijalari blogerning sha’ni va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi iboralar mavjudligini tasdiqladi.
- Ayni paytda ma’muriy ish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda va ishga qonuniy baho berish uchun materiallar prokuratura organlariga yuborildi.
“Sevars.life” nomi bilan ijod qiluvchi bloger Sevara Usmonova ibratli videolari bilan tanilgan bloger Akmal Mirzo bilan bog‘liq mojaro ortidan bosim, haqorat va tahdidlarga uchraganini ma’lum qildi. U o‘ziga nisbatan bildirilgan haqoratlar yuzasidan sud-lingvistik ekspertiza o‘tkazilganini, shuningdek, himoya orderi olganini bildirdi.
17 noyabr kuni Sergeli fuqarolik sudida mazkur ish ko‘rib chiqilishi kerak edi, biroq majlis boshqa kunga qoldirildi. O‘sha kuni Sevara Usmonova “Darakchi” nashriga bergan intervyusida o‘ziga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda kamsituvchi va obro‘sizlantiruvchi fikrlar bildirilganini aytdi.
Blogerning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan sud-lingvistik ekspertiza taqdim etilgan materiallarda uning shaxsiyatini kamsituvchi, haqoratlovchi va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi iboralar mavjudligini ko‘rsatgan. Hozirda ma’muriy ish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda, yakuniy qaror esa hali qabul qilinmagan.
Jurnalist Akmal Mirzo aynan qanday so‘zlar bilan uni haqorat qilganini so‘raganida, Sevara ayrim postlar va shaxsiy yozishmalarda uning sha’ni va obro‘siga tegadigan iboralar ishlatilganini ta’kidladi. Blogerning aytishicha, u haqida uch milliondan ortiq ko‘rish yig‘gan videoda ham salbiy fikrlar bildirilgan.
Sevara bu gaplar nafaqat o‘ziga, balki oilasiga ham ta’sir qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaynonasi va turmush o‘rtog‘iga ham turli gap-so‘zlar yetib borgan, oilada kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. Bundan tashqari, blogerga ovozli xabarlar orqali tahdidlar kelgan. Undan kechirim so‘rash talab qilinib, aks holda blogerlik faoliyatidan pushaymon qilinishi bilan qo‘rqitilgan.
Sevara Usmonova bunday bosimlar sabab o‘z xavfsizligi va sog‘lig‘idan xavotirga tushganini bildirdi. U mojaro yuzasidan hech kimga nisbatan shaxsiy adovati yo‘qligini, o‘z sha’ni va qonuniy huquqlarini sud orqali himoya qilish niyatida ekanini ta’kidladi.
Keyinchalik bloger Instagram sahifasida himoya orderi olgani haqida xabar berdi. U Sergeli tumani ichki ishlar organlaridan chiqqanidan so‘ng kuzatuvchilarga murojaat qilib, uni qo‘llab-quvvatlagan ayollar va qizlarga minnatdorlik bildirdi.
“Ancha vaqt indamay, hammasini ichimga yutib keldim. Har xil tahdidlar, bosimlar va haqoratlar bo‘ldi. Oilam sha’niga ham turli gaplar aytildi. Ammo har narsaning sabr chegarasi bor. Hech kimning boshqa insonning tinchini buzishga, unga bosim o‘tkazishga, tahdid qilishga yoki obro‘sizlantirishga haqqi yo‘q”, — dedi u.
Bloger, shuningdek, Akmal Mirzoga nisbatan shaxsiy adovati bo‘lmaganini, mojaro uning bir videodagi personajga nisbatan jahldor emoji qo‘yishidan boshlanganini aytdi. U o‘z huquqlarini qonun doirasida oxirigacha himoya qilishini bildirdi.
Sevara Usmonova so‘nggi videosida navbatdagi sud majlisi davomida ishda jinoyat alomatlari mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash va qonuniy baho berish uchun materiallar tegishli tartibda prokuratura organlariga yuborilganini ma’lum qildi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…