“Paxtakor” bosh murabbiyiga aylangan Shota Arveladze klub rasmiy sayti uchun intervyu berdi. Gruziliyalik mutaxassis bilan intervyudan bahramand bo‘ling.
- “Paxtakor” va O‘zbekistondagi dastlabki taassurotlaringiz qanday?
- Birinchi navbatda menga O‘zbekistonda ishlash va yashashga imkoniyat taqdim etgan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Alohida tashakkurimni esa klub Prezidenti Bobur Kabulovich Shodievga yo‘llayman. U qisqa vaqt ichida “Paxtakor” uchun ko‘p narsalar qilishga ulgurdi va meni klubning kelajagi ajoyib ekaniga ishontira oldi.
O‘zbeklar juda mehmondo‘st xalqligini oldindan bilardim. Toshkentdagi qisqa davr mobaynida bunga yanada ko‘proq amin bo‘ldim. Shunday ekan, hammasi ajoyib va kayfiyatim a’lo darajada.
- “Paxtakor”dan taklif uchun siz uchun kutilmagan bo‘ldimi?
- Ha, bu klubdan taklif tushishini kutmagandim. Hayot shunday narsa, unda turli holatlar ro‘y beradi. Menga kutilmagan jihatlar yoqadi.
- O‘zbekistonga kelishdan oldin yurtimiz va uning futboli haqida nimalarni bilardingiz?
- Klub tarixini bilaman. Jamoa ilgari qo‘lga kiritgan yutuqlar va 1979 yil ro‘y bergan aviahalokatdan xabardorman. Bu juda afsuslanarli voqea bo‘lgan.
Gruziyalik mashhur futbolchilar “Paxtakor”da o‘ynaganini bilaman. Masalan, Manuchar Machaidze. Terma jamoa haqida ko‘p ma’lumotga egaman deb ayta olmayman, ammo tez orada o‘zbek futboli to‘g‘risida ko‘p narsalarni bilib olishga umid qilaman.
- 1993 yil MDH Kubogida “Paxtakor”ga qarshi o‘ynagansiz. O‘shanda ikki gol urgansiz va “Dinamo” 5:2 hisobida zafar quchgan. O‘sha o‘yinni yaxshi eslaysizmi? “Dinamo” safida uch aka-uka Arveladze maydonga tushgan – Shota, Archil va Revaz.
- To‘g‘risi, o‘zim o‘sha uchrashuvni eslay olmadim, lekin yigitlar Moskvada o‘tgan o‘sha bellashuv haqida aytib berishdi. Uch aka-uka Arveladze o‘sha o‘yinda maydonga tushgani to‘g‘ri.
- Xorij klublari orasida o‘zingiz o‘ynagan qaysi jamoani ko‘proq yoqtirgansiz?
- To‘p tepgan barcha klublarimni yoqtiraman. Ularning bari faoliyatim va o‘sishimda katta o‘rin tutgan. “AZ Alkmaar”da yordamchi murabbiy sifatida ishlashni boshlaganman. Bu klubni alohida e’tirof etib, Marsel Brans va Lui van Galga rahmat aytaman.
Van Gal, Dik Advokat va Ronald Kuman bilan ishladim. Yana Turkiyaning “Qayserispor” klubi bosh direktori janob Xurmadan minnatdorman. U menga ishondi va murabbiylik faoliyatimda ilk bor bosh murabbiylik vazifasini bajardim. “Qayserispor”da uch mavsum ishladim.
- O‘zingizni golland futbol maktabi murabbiyi deb hisoblaysizmi?
- Ha deya olaman, chunki Gollandiyada juda ko‘plab bilimlarga ega bo‘lganman.
- Lui van Gal, Ronald Kuman va Dik Advokat. Ular qanday murabbiy edi va ushbu mutaxassislardan nimalarni o‘rgangansiz?
- Ular turlicha uslubga ega. Hammasidan o‘zim uchun ko‘p narsalar oldim. Xarakter va uslub taraflama ishlarida farq bor, lekin barchasi mashhur va muvaffaqiyatga erishgan futbol maktabi vakillaridir.
- “Paxtakor” qanday futbol namoyish etishini istaysiz?
- Klub an’analariga mos bo‘lgan o‘yin ko‘rsatishini – hujumkor va chiroyli futbol. Buni faqat so‘zlarda aytmaymiz. Shuni uddalash uchun harakat qilamiz.
- Yurtimizga kelgach, oliy liganing bir necha o‘yinlarni kuzatdingiz. Oliy liga haqida qanday fikrdasiz?
- Ko‘p fikr ayta olmayman, ammo texnik futbol o‘ynalishini bilib oldim. Barcha to‘p bilan ko‘proq ishlashni yoqtiradi.
- Yordamchilaringizni qanday taklif qildingiz? Ular nima uchun javob beradi?
- Barchaning o‘zi javob beradigan vazifasi bo‘ladi. Shtab bizda kichik emas, klub rivojlanishi uchun ko‘p mehnat qilamiz. Akademiyaga e’tibor berib, yoshlar bilan ishlashimiz kerak bo‘ladi. Bu klub Prezidentining xohishi. Falsafamiz o‘zbek yoshlarini kelajak uchun o‘ylash va o‘stirishdan iborat bo‘ladi.
- Arveladze fondini ochish g‘oyasi kimdan chiqqan? Uning faoliyati hozir qanday ketmoqda?
- Aka-ukalar birgalikda ushbu fondni ochganmiz. Bundan maqsad yoshlarga jamiyatning to‘laqonli a’zosiga bo‘lishda yordam berish. Birinchi o‘ringa hamisha ta’lim olish qo‘yiladi. Shundan keyin sport va boshqa narsalarga e’tibor qaratiladi.
Fond 10 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Biz katta muvaffaqiyatlarga erishdik deb ayta olaman. Bolalarning ijtimoiy o‘sishi, sport va sog‘lom hayot tarzi borasida ko‘p ishlarni amalga oshirdik.
Biz bosh vazir fondi bilan yaqin aloqada bo‘lib, og‘ir kasalliklardan aziyat chekayotgan bolalarga ko‘mak berishga intilyapmiz.
- Siz va Archilni adashtirib yuborishgani sababli kulguli holatlar yuzaga kelganmi? Sizlar egizaksiz va bir-biringizga juda o‘xshaysiz.
- Ha, bunday holatlar juda ko‘p uchragan. Biror shou dasturida chiqqanimda bu haqda hammasini aytib beraman. Kechirasiz, barchasini emas (kuladi).
- “Paxtakor” muxlislariga qanday tilaklar aytgan bo‘lardingiz?
- Birinchi o‘rinda mustahkam sog‘liq tilayman. Keyin esa ularsiz klub hech qanaqasiga katta klubga aylanmasligi va o‘zi arziydigan mavqeda bo‘lmasligini ta’kidlayman.
Ular bilan birgalikda tez orada “Paxtakor”ni yana katta va buyuk klubga aylantiramiz. Klub Prezidenti va xodimlari tinim bilmasdan buning uchun mehnat qilishmoqda.
Manba: www.pakhtakor.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin