O‘zbekiston terma jamoasining “Zob Ohan”ga imkoniyatni boy berishi ko‘pchilikni jig‘ibiyron qildi. Mana shunday paytda ko‘ngilni keng qilish kerak, deb hisoblardim.
Birinchidan, bu rasmiy o‘yin emas. Ikkinchidan, bunda na legionerlar bor va na Oliy liga termasining optimal tarkibi. Eronga qarshi ikki o‘yinda hech narsa qila olmagan murabbiyning fors klubi bilan o‘ynashga rozi bo‘lishining o‘zi kulguli edi. Avstriya safari bir hafta qolganida Turkiya bo‘lib qolgani ham alohida mavzu. Va eng asosiysi, “Zob Ohan” mag‘lub etilganida ham baribir negativ fikrlar ko‘proq bo‘lardi, undan ko‘ra Eronni o‘zini yutmaysanmi, degandek.
Hozir bu qadar mayda emas masalalar bizga yordam bermaydi. Men Xitoy va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlardan xavotirdaman. Avgust oyida Samvel Babayan xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, bunga qanday erishmoqchiligi rosti qiziqtiryapti.
Evropada, arab mamlakatlarida yangi mavsumning start olishi, O‘zbekiston milliy terma jamoasining optimal tarkib bilan o‘yin o‘tkazishiga katta ehtimol bilan to‘sqinlik qiladi. Xuddi shunday muammo Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabilarda ham bor. Futbolchilari asosan o‘zida to‘p suradigan Xitoy, BAA, Saudiya kabi termalar esa bir ishning epini qilishi mumkin.
Mana endi savol: kimga qarshi bo‘lmasin, asosiy futbolchilar ishtirok etmaydigan uchrashuv bizga qanday yordam berishi mumkin? Eron bilan o‘yingacha bizda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib olish uchun imkoniyat bor edi. Raqib tanlashni bopladik — Tailand. Bor mahoratimni ishga solib ham, taylarni forslar bilan solishtira olmagandim. Keyrush esa o‘yin uslubini O‘zbekistonnikidan u qadar uzoq bo‘lmagan va shu uslubda O‘zbekistondan ikki-uch marta yaxshi o‘ynaydigan Chernogoriyani tanladi va Podgorisadan zafar quchdi. O‘zaro o‘yinda Samvel Babayanga umuman imkoniyat qoldirilmadi.
Biz shunga o‘rganib qolyapmiz, Janubiy Koreya bilan o‘yinga ketish oldidan Iordaniya bilan o‘ynaymiz, Eron bilan o‘yinga Tailand bilan tayyorlanamiz. Oldindagi ikki raqib — Xitoy va Janubiy Koreya bir-biriga oz bo‘lsa-da o‘xshab ketadi. Xo‘sh, O‘FF Yaponiya, KXDR, nari borsa, Vetnam bilan o‘yin tashkil qilib bera oladimi? Masalan, Avstraliya va Saudiya bo‘lajak raqiblari hisoblangan Yaponiya ham O‘zbekiston variantiga ijobiy javob qaytarishi katta ehtimol. Biroq FIFA kunlari degan masala ham borki, bu bizning asosiy muammo bo‘ladi.
Endi qarang, Vitaliy Denisovda jarohat. Sardor Rashidov, Temurxo‘ja Abduxoliqov, Aziz Haydarov kabi futbolchilarda o‘yin amaliyoti bilan bog‘liq muammo bo‘ladi. Ular hozir ta’tilda. Shota Arveladze Igor Sergeev bilan Aleksandr Lobanovni zaxiraga o‘tkazib qo‘ysa, Babayandagi muammolar soni yanada oshadi, to‘g‘rimi? Shunday vaqtda kimga suyanamiz? Yoshi 40 ga qarab ketayotgan Geynrix yoki Oliy liga futbolchilariga, to‘g‘rimi? Sizningcha, “Zob Ohan”ga gol urolmayotgan Oliy liga futbolchilari Xitoy yoki Janubiy Koreyani dumalatib tashlay oladimi? Menimcha qiyin masala.
Turkiya yig‘inidan maqsad nima? Uning Xitoy va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlarga kuchli ta’siri bormi? Nega yig‘inlar yil boshida rejalashtirilmaydi? Raqiblar nega Turkiyaga ketilgunicha aniq va taxt qilib qo‘yilmaydi? Nega o‘rtoqlik o‘yinlarida sparing raqib bo‘lajak raqibga qarab tanlanmaydi? Ko‘ryapsizmi, bu erda o‘yin uslubi, Babayan taktikasi, futbolchilar holati borasida savollar yo‘q. Nazarimda hozirgi jamoa o‘sha bosqichga ham etib kelmagan, hozirgi jamoa tashkilotchilikda ham o‘rnak bo‘ladigan ahvolda emas.
P.S. Men hamma narsaning faqat salbiy tomonini ko‘ramanmi? Shu savolga asosan kamchiliklarini olib chiqaman deb javob bergan bo‘lardim. Ijobiylari — yutug‘imiz. Kamchiliklar esa kulish uchun emas, bartaraf etish uchun, xulosa chiqarish uchun yoziladi.
Men Babayandan hech narsa umid qilmayman va unga ishonmayman. Biroq O‘zbekiston milliy terma jamoasining har bir futbolchisini qo‘llab-quvvatlayman. Va aynan ular sabab mundialdan umid qilishda davom etaman.
Diyor Imomxo‘jaev
Manba : Championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi