14:37 / 31.08.2017
3 585

Odil Ahmedov: Bizni hech kim to‘xtata olmaydi | Eksklyuziv intervyu

Odil Ahmedov: Bizni hech kim to‘xtata olmaydi | Eksklyuziv intervyu
Samvel Babayan murabbiylik qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasini Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida ikki muhim uchrashuv kutib turibdi. Bugun Xitoyning Uxan shahrida hamyurtlarimiz mezbon jamoa vakillariga qarshi maydonga chiqsalar, oradan 5 kun o‘tib, Toshkentda Janubiy Koreya termasini qabul qiladi.

Shu paytga qadar 8 uchrashuvning 4 tasida g‘alaba qozongan «oq bo‘rilar» 12 ochko bilan A guruhining 3-o‘rnini band etib turibdi. Futboldagi azaliy raqiblarimiz hisoblangan koreyaliklar atigi bir ochko ko‘p jamg‘argan holda, ikkinchi o‘rinni egallashgan.

Xitoy va Janubiy Koreya vakillariga qarshi o‘yinlardan avval SPORTS.uz internet axborot portali muxbiri Xitoyning mashhur OAVlaridan biri hisoblangan Titan Sports Media uchun milliy terma jamoamiz a’zolari Odil Ahmedov hamda Anzur Ismoilov bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi.

E’tiboringizga terma jamoamiz sardori hamda Xitoy Super Ligasida Shanxay SIPG klubi sharafini himoya qilib kelayotgan Odil Ahmedov bilan uyushtirilgan intervyuni havola etamiz.

- Siz ikki mamlakat milliy terma jamoalari va ushbu jamoalardagi ichki muhit haqida juda yaxshi ma’lumotga ega kam sonli futbolchilardan birisiz. Ushbu ma’lumotlarga tayangan holda, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi bahs haqida qanday fikr bildira olasiz?

- Marchelo Lippi qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rayotgan xitoyliklarga qarshi bu safargi bahs ham odatdagidek shiddatli va tomoshabop tarzda o‘tadi. Nazariy jihatdan Xitoy terma jamoasi guruhda 3-o‘rinni egallagan holda, pley-off bosqichiga yo‘l olish imkoniyatiga ega. Biroq so‘nggi ikki uchrashuvda qo‘lga kiritgan g‘alabalar ham ularni kuchli uchlikdan joy olishini ta’minlay olmasligi mumkin.

O‘zbekiston terma jamoasi haqida fikr bildiradigan bo‘lsam, hammasi o‘z qo‘limizda. Agar imkoniyatlardan samarali foydalanib, g‘alabani qo‘lga kirita olsak, Jahon chempionati yo‘llanmasini naqd qilib qo‘yamiz. Buyog‘iga xato qilishga haqqimiz yo‘q. Kichik bir xato ham bizni mundial haqidagi umidlarimizni barbod etishi mumkin. So‘nggi ikki o‘yinda olti ochkoni qo‘lga kirita olsak, bizni hech kim to‘xtata olmaydi.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari Xitoy va Janubiy Koreyaga qarshi qanday tayyorgarlik olib bormoqda? Ularning jismoniy va ruhiy holati qanday?

- Qanday o‘yin bo‘lishidan qat’iy nazar har doim a’lo kayfiyat va yuqori jismoniy holat bilan shug‘ullanib borish zarur. Gap milliy terma jamoada haqida ketayotgan bo‘lsa, vatan sharafini munosib tarzda himoya qilish uchun ikki hissa ko‘proq tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. So‘nggi ikki uchrashuv oldidan yigitlar yuqori sport formasida mashg‘ulot o‘tashmoqda. Ishonamanki, oldinda turgan sinovlarda mardonavor harakat qilgan holda, ijobiy natijalarni qayd etamiz va necha yillardan buyon butun mamlakatimiz orzu qilib kelayotgan Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritamiz.

- 2011 yili Qatarda va 2015 yili Avstraliyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatlarida Xitoyga qarshi bahs gol urushga muvaffaqiyat bo‘lgan edingiz. Bu degani siz xitoyliklar darvozasini qanday ishg‘ol etish sirini juda yaxshi bilasizmi?

- Har bir uchrashuvda maydonga g‘alaba qozonish uchun chiqamiz. Muvaffaqiyat zavqi va shavqini oddiy so‘zlar bilan ifoda etib bo‘lmaydi. Agar ushbu o‘yinlarda jamoam g‘alabasi uchun munosib tarzda yordam bera olsam mendan boshqa baxtli futbolchi bo‘lmasa kerak. Biroq Xitoyga qarshi bahslarda raqib darvozasini ishg‘ol etganim bu futboldagi oddiy holatlardan biridir. Shunchaki jamoadoshlarim yaratib bergan qulay imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, gol kiritganman, xolos. Men uchun o‘yinda kim gol urishi muhim emas, balki jamoaviy g‘alaba barcha shaxsiy yutuqlarimdan ustunroqdir.

- Xitoy terma jamoasining kuchsiz taraflari nimada deb o‘ylaysiz?

- Har bir jamoaning kuchli va kuchsiz taraflari bo‘ladi. Buni raqiblarning o‘tkazgan o‘yinlari tushirilgan video takrorlar yordamida bilib olishimiz mumkin. Ammo xitoyliklarning zaif taraflari haqida nimadir deyishim qiyin. Barchasi Uxan shahrida bo‘lib o‘tadigan o‘yinda namoyon bo‘ladi.

- Chin yurti vakillariga qarshi bahsda Shanxay SIPGdagi jamoadoshlaringiz va Xitoy Super ligasida to‘p suradigan bir qator futbolchilarga qarshi maydonga tushasiz. Nima deb o‘ylaysiz, ularning qaysi biri O‘zbekiston uchun haqiqiy «bosh og‘rig‘i» bo‘la oladi?


- Marchello Lippi bir qator tajribali futbolchilarni terma jamoa o‘yinlariga jalb etgan. Ammo biz uchun eng xavfli o‘yinchi sifatida Shanxay SIPG hujumchisi Vu Leyni alohida ajratib o‘tgan bo‘lardim.

- Siz bilan birgalikda yana ikki nafar hamyurtimiz Xitoy Super ligasida to‘p surmoqda. Ular bilan har doim muloqotda bo‘lasizmi? Shuningdek, terma jamoamizga qarshi maydonga tushishi kutilayotgan xitoylik futbolchilari haqida murabbiylar shtabiga kerakli ma’lumotlarni berib borasizlarmi?

- Albatta, ular bilan har doim suhbatlashib turaman. Bu barchamiz uchun birdek foydalidir. Agar murabbiylar shtabiga xitoylik futbolchilar haqida ma’lumot kerak bo‘lib qolsa, har doim biz bunga tayyormiz va kerakli ma’lumotlarni yetkazamiz.

- Xitoylik jurnalistlar va muxlislar sizni Guanchjou Evergrand hamda Xitoy terma jamoasi sardori Jeng Ji bilan har doim taqqoslashadi. Sizlar ikki terma jamoaning yulduz futbolchilari hisoblanasizlar. Xatto bir xil pozitsiyada to‘p surasizlar. Uxandagi o‘yinda Odil Ahmedov hamda Cheng Ji o‘rtasidagi duelni guvohi bo‘lamizmi?

- Bu shunchaki Xitoy OAVning yoki muxlislarning fikri deyish mumkin. Xitoyga qarshi o‘yinda sardorlar o‘rtasidagi duelga guvoh bo‘linmaydi, balki ikki mamlakat futbolchilari o‘rtasidagi qarama-qarshilikni tomosha qilishingiz va tahlil etishingiz mumkin. Qaysi futbolchi kuchliroq ekanligini o‘yin davomida o‘zingiz bilib olishingiz mumkin.

- Sizlar joylashgan guruhdagi vaziyat haqida qanday fikr bildira olasiz?

- Bizning guruhdagi har bir ishtirokchi mamlakatda Jahon chempionat yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyati saqlanib qolgan. Bu degani jamoalar so‘nggi turga qadar jon-jahdi bilan harakat qiladi. Bizni oldimizga qo‘yilgan eng asosiy maqsad – Xitoyni safarda mag‘lub etish. Shundan so‘ng, Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuv haqida o‘ylashimiz mumkin. Hammasi o‘zimizga bog‘liq. Agar o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olsak, g‘alaba yo‘lida bizni hech kim to‘xtata olmaydi.

- O‘zbekiston avvalgi Jahon chempionti saralashidan ko‘ra bu yil yaxshiroq imkoniyatga egami?


- Yo‘q, deyarli bir xil imkoniyatga egamiz. 2014 yilda ham barchasi so‘nggi ikki o‘yinga bog‘liq bo‘lib qolgan edi. Bu safar ham xuddi shunday holat takrorlanmoqda.

- Mavsum avvalida Xitoy Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan mahalliy chempionat o‘yinlarida xorijiy futbolchilar ishtirokiga doir kutilmagan qaror qabul qilindi. Natijada Oskar, Halk, Elkeson va Rikardo Karvalo kabi tajribali futbolchilar bilan raqobat olib borishga majbur bo‘ldingiz. Ushbu o‘zgartirish sabab futbolchilar o‘rtasidagi intensiv raqobat oshdimi?

- Bu kutilmagan o‘zgarish futbolchilardan ko‘ra bosh murabbiylarga katta muammo tug‘dirdi. Sababi mavsum avvalida ular o‘z rejalariga asosan bir qator transferlarni amalga oshirgan edi. Xitoy Futbol Assotsiyatsiyasining qarori murabbiylarning avvaldan tuzib chiqqan rejalarini chippakka chiqarib yubordi.

- Albatta bu futbolchilar o‘rtasidagi raqobatni oshirib yubordi, ammo bu faqatgina xorijiy futbolchilar o‘rtasida kechmoqda. Bu jamoa rivojiga salbiy natija ko‘rsatmay qolmaydi. Shuning uchun, jamoadagi barcha o‘yinchilar asosiy tarkibdan o‘rin olish uchun kurash olib borishi kerak.

- Shanxay SIPG safida jami 5 nafar xorijlik futbolchi bor, lekin ularning faqatgina 3 nafari milliy chempionat bahslarida o‘yin qaydnomasiga kiritilishi mumkin. Ko‘p hollarda, bosh murabbiy sizni asosiy tarkibda maydonga tushirmoqda. Bunday natijaga qanday erishdingiz?

- Futbolchi jamoa safida maydonga tushadimi yoki tarkibdan chetda qoladimi mashg‘ulotlarni yuqori kayfiyat bilan davom ettirishi kerak. Bir kun kelib ushbu sayi harakatlar o‘z natijasini beradi.

- Osiyo chempionlar ligasi chorak final bahsida Xitoyning yana bir klubi Guanjou Evergrandni yirik 4-0 hisobda mag‘lub etildi. Ushbu o‘yin haqida qanday fikr bildira olasiz?


- Milliy chempionatning so‘nggi tur uchrashuvlarida yomonroq natija qayd etgan holda, bir qancha ochkolarni boy berib qo‘ydik. Shu sababli barcha e’tiborimizni Osiyo chempionlar ligasi va Xitoy Futbol Assotsiyatsiyasi kubogi bahslariga qaratdik. Futbolchilar vaziyatni to‘laqonli tushungan holda, OChLda munosib tarzda o‘yin ko‘rsatdik va g‘alabaga haqli erishdik.

- Mavsum tugagandan so‘ng, Shanxay SIPG klubida faoliyatingizni davom ettirasizmi?

- Yil avvalida jamoam bilan uch yillik shartnoma imzolagan edim. Biroq bu shartnoma kelasi yilgi mavsumlarda shanxayliklar safida harakat qilishimni taminlamasligi ham mumkin. Shuning uchun avvaldan nimadir deyishim qiyin. Lekin o‘zimning rejam bo‘yicha Shanxay SIPG klubida qolib, jamoa bilan juda ko‘plab yutuqlarga erishmoqchiman.

Manba: sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Odil Ahmedov: Bizni hech kim to‘xtata olmaydi | Eksklyuziv intervyu