15:56 / 05.09.2017
3 097

O‘ng qanot himoyasi kimga ishonib topshiriladi? yoxud Son Hin Min – terma jamoamizning eng ojiz nuqtasiga qarshi

O‘ng qanot himoyasi kimga ishonib topshiriladi? yoxud Son Hin Min – terma jamoamizning eng ojiz nuqtasiga qarshi
O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi hayot-mamot jangi boshlanishiga ham oz fursat qoldi.
Garchi so‘nggi paytlarda mazmunli o‘yin namoyish etmayayotgan bo‘lsada, koreyaliklar juda ham kuchli tarkib va o‘ta tezkor futbolchilarga egalar.

Janubiy Koreya tarkibidagi eng iqtidorli futbolchilardan biri bu shubhasiz Son Hin Mindir. Angliya chempionati havosidan bahramand bo‘lgan Son bugun himoyachilarimizga bosh og‘rig‘i bo‘lishi tayin. Jarohati tufayli uzoq muddat maydonga tusha olmagan 25 yoshli hujumchi oxirgi paytlarda o‘z o‘yinini ancha tiklab oldi.

Bilamizki, Son chap qanot hujumchisi hisoblanadi, uning ushbu qanotdagi yorqin o‘yinlari “Tottenxem”da asosiy tarkibga davogarlik qilishiga zamin yaratmoqda. Biroq, u oldinlari terma jamoada ko‘pam qanot hujumida harakat qilmasdi, murabbiylar uni ko‘pincha markazga yaqinroq yoki yarim himoyada o‘ynatardilar.

Lekin, bugun katta ehtimol bilan Son o‘zining jonajon chap qanotida to‘p suradi. Ayni damda terma jamoamiz himoyasining eng zaif nuqtasi o‘ng qanot bo‘lib turibdi. Anchadan beri bu qanotni o‘zi markaziy himoyachi bo‘lgan Islom To‘xtaxujayev qo‘riqlamoqda.

Ushbu kamchiligimiz Xitoyga qarshi o‘yinda yaqqol ko‘rinib qoldi, o‘yin davomida (ayniqsa birinchi bo‘limda) xitoyliklar aynan To‘xtaxo‘jayevning qanotidan hujum yog‘dirdilar. Agar o‘tgan o‘yinlardagi kabi taktika qo‘llanilsa, xitoylik o‘rtamiyona futbolchilarning o‘zi toliqtirib qo‘ygan chap qanotimizni koreyalik top o‘yinchilar “teshib” tashlashlari aniq.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi... Xo‘p, Islom bu chiziqqa noloyiq bo‘lsa, unda kimni maydonga tushirish mumkin? Aynan mana shu savol ustida terma jamoamiz murabbiylar shtabi ham bosh qotirayotgani tayin. Katta ehtimol bilan Akmal Shorahmedov bu o‘yinda maydonga tusha olmasa kerak. Ha, to‘g‘ri tushundingiz, Akmalning jismoniy holati a’lo darajada, biroq ruhiyat... O‘sha Koreyadagi mash’um avtogol esingizdadir.

Eng maqbul variant Davron Xoshimovni maydonga tushirish bo‘lib qolmoqda. “Paxtakor” himoyachisi Koreyadagi o‘yinda ham o‘ng qanot himoyamizni qo‘riqlagandi. Davronning agressiv o‘yini raqib hujumchilarini cho‘chitadi degan umiddamiz.

Islom To‘xtaxo‘jayevning iqtidoriga shubha bildirmagan holda shuni aytish mumkinki, bugun o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasiga loyiqroq futbolchi – bu Davron Xoshimov. “Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin” degan naql bor xalqimizda, har holda Davron o‘sha chiziqning futbolchisi, uning ba’zi kamchiliklariga esa ko‘z yumishga majburmiz.

Fursatdan foydalanib terma jamoamizga omad tilab qolamiz. Futbolchilarimizga aytar so‘nggi so‘zimiz: Siz hech qaysi jabhada Koreyadan kam emassiz va bugun albatta chiroyli g‘alabani qo‘lga kiritasiz!


Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘ng qanot himoyasi kimga ishonib topshiriladi? yoxud Son Hin Min – terma jamoamizning eng ojiz nuqtasiga qarshi