19:50 / 05.09.2017
3 115

Ravshan Ermatov: Futbolchilarimiz yagona maqsad yo‘lida maydonga chiqishsa, har qanday vazifani bajarsa bo‘ladi

Ravshan Ermatov: Futbolchilarimiz yagona maqsad yo‘lida maydonga chiqishsa, har qanday vazifani bajarsa bo‘ladi
Toshkent shahar prokuraturasi mehnat jamoasining taklifiga ko‘ra, FIFA referisi Ravshan Ermatov ishtirokida ochiq muloqot ko‘rinishidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir mehmoni o‘zining futboldagi bosib o‘tgan murakkab yo‘li, erishgan yutuqlari haqida kamtarlik va samimiyat bilan hikoya qilib berdi.

Osiyoda 5 marotaba yilning eng yaxshi hakami deb topilgan, ikkita jahon chempionatida 9ta o‘yinni boshqarib, dunyoning bu boradagi mutlaq rekordini o‘rnatgan Ermatovning dil so‘zlaridan kasbga fidoyilik, burchga sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ulari ufurib turdi.

Xabaringiz bor, hamyurtimiz JCh-2010 final bosqichidan so‘ng «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. 2014 yilgi mundialdan keyin esa «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.

2015 yilga kelib dunyoda «Yilning eng yaxshi hakami» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilgach, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibiga aylandi.

Tadbirning yakuniy qismi ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, unda Ravshan Ermatov prokuratura xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob berdi.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasini katta sinov kutib turibdi. Mundialga chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Termamizning Toshkentda Qirg‘izistonga qarshi o‘tkazilgan yopiq tarzdagi o‘rtoqlik uchrashuvini bosh-qardim. Garchi yirik hisob qayd etilgan bo‘lsa-da, yon qo‘shnilarimizni kuchsiz jamoa demayman. O‘yin natijaga mos emasdek, go‘yo. Bugungi kunda qirg‘izistonlik futbolchilar ham legioner sifatida xorij klublarida o‘ynashyapti. Bu mamlakatda futbolga e’tibor kuchaygan. Shunga qaramay, uchrashuv futbolchilarimizning yirik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu esa, o‘z navbatida, muhim o‘yinlar oldidan termamiz a’zolarining kayfiyatlarini ko‘tarishi aniq. Barcha yurtdoshlarimiz kabi men ham milliy jamoamizning JCh-2018 final bosqichiga chiqishini chin dildan istayman. Ha, bu vazifani uddalash oson bo‘lmaydi. Lekin hammasi o‘z qo‘limizda va eng muhimi shu. Futbolchilarimiz fikrni bir joyga qo‘yib, yagona maqsad yo‘lida maydonga chiqishsa, har qanday murakkab vazifani ham bajarsa bo‘ladi.

- Yaqinda Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan Konfederatsiyalar kubogida qatnashib qaytdingiz. Siz u yerda videotakrorlar kuzatuvchisi vazifasini bajardingiz. Taassurotlar qanday bo‘ldi? Umuman, bu yangilikka munosabatingiz ijobiymi?

- Bunday nufuzli musobaqalarda har bir o‘yinni 50dan ortiq videokamera tasvirga oladi. Aytish mumkinki, hakamlarning eng muhim lahzalarda chiqaradigan qarorlari noto‘g‘ri bo‘lmasligi uchun videotakror namoyishi kerak va mazkur yangilik o‘zini oqlamoqda, deyish mumkin. Hozir aksariyat mutaxassislarning bu boradagi fikri ijobiy va kelasi yili Rossiyada o‘tkaziladigan navbatdagi jahon chempionatida videotakrorlardan rasman foydalanilishi kutilmoqda. Ushbu o‘zgarish bahsli holatlarga munosib yechim vazifasini o‘taydi. Shu tariqa muayyan tomonning hakam qarori tufayli jabr chekib qolishining oldi olinadi. Shaxsan o‘zim ham bu yangilikning amaliyotga tatbiq etilishi tarafdoriman.

- Hakamlikdagi ustozlaringiz haqida gapirib bering.

- Birinchi navbatda, ko‘p jihatdan otam Sayfiddin Ermatovning mehnatlari samarasi o‘laroq, shunday yutuqlarga erishdim. Aynan otam birinchi ustozim hisoblanadi. Professional referi oilasida voyaga yetganim sabab menda bolalikdan boshqa sport turi emas, aynan futbolga mehr uyg‘ondi. Hakamlikdagi faoliyatim qay tarzda boshlangani haqida ko‘p gapirganman. Barchasi taqdir taqozosi bilan amalga oshdi. Agar o‘shanda jarohat olmaganimda, hozir futbol murabbiyi sifatida ishlayotgan bo‘larmidim. Sportchining shikastlanishi yaxshi emas, lekin men taqdirimdan bir umrga minnatdorman. Shu kungacha qanday muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsam, barchasida murabbiylarimning xizmatlari mujassam. Mendan avval qo‘liga hushtak olganlarning barchasi ustozlarimdir. Bu jumlani hech ikkilanishsiz ayta olaman. Fursatdan foydalanib, menga saboq bergan hammaga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. Boshim yerga tekkuncha ularga hurmat bajo keltiraman.

- Faoliyatingizda oilangizning roli qanday?
- Biz o‘zbeklarda oila muqaddas hisoblanadi. Uzoq safarlarda ko‘p bo‘lamiz. Shunga qaramay, hamisha ota-onam, farzandlarim, yaqinlarimni xuddi yonimda yurgandek his etib turaman. Shundan kuch olaman.

Marosimning ushbu qismida Ravshan Ermatov ko‘plab savollarga javob qaytardi. Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Yo.Abdullayev o‘zining yakunlovchi so‘zida Ermatov shaxsi har bir prokuratura xodimi uchun namuna, uning ish faoliyati esa ibrat bo‘lishi kerakligini uqtirdi. Shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlashda har bir prokuratura xodimi o‘z burchi va mas’uliyatini oshirishi, Vatanni ulug‘lashi va uning qadr-qimmatini himoya qilishi zarurligiga urg‘u berdi.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Manba: www.iff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Ermatov: Futbolchilarimiz yagona maqsad yo‘lida maydonga chiqishsa, har qanday vazifani bajarsa bo‘ladi