09:57 / 02.10.2017
5 165

O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov ikkinchi safarini Dubayga uyushtirdi

O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov ikkinchi safarini Dubayga uyushtirdi
O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov kecha, 1 oktyabr kuni Dubayda Birlashgan Arab Amirliklari Futbol uyushmasi vitse-prezidenti Abdulla Nosir al-Junaybiy bilan uchrashdi, deb yozadi Qalampir.uz nashri.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va BAA futbolini yanada rivojlantirish uchun hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, O‘zbekiston futbol federatsiyasi va Birlashgan Arab Amirliklari Futbol uyushmalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash orqali o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ikki mamlakat yoshlari orasida futbolni yanada ommalashtirish uchun amalga oshirilishi kutilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida suhbat olib borishdi.

Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov va Abdulla Nosir al-Junaybiy O‘FF va BAA Futbol uyushmasi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Ushbu memorandum O‘zbekiston va BAA terma jamoalari va klublariga turli yosh toifalarida o‘rtoqlik o‘yinlari va musobaqalar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil qilish va o‘tkazish, ikki mamlakat terma jamoalarining murabbiylari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, futbol, ayollar futboli, futzal, bolalar-o‘smirlar futbol maktablarida faoliyat olib boradigan murabbiylarni o‘qitish va malakasini oshirish, murabbiylar, hakamlar va sport meditsinasi xodimlarini o‘qitish va malaka oshirish kurslariga yuborish kabi katta imkoniyat eshiklarini ochib berishi kutilmoqda.

Umid Ahmadjonov Abdulla Nosir al-Junaybiy bilan uchrashuvda BAA Futbol uyushmasining xalqaro musobaqalarni tashkil qilish va o‘tkazish tajribasini o‘zlashtirish haqidagi muzokara vaqtida 2018 va 2019 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, 2019 yilgi Osiyo Kubogi tashkiliy qo‘mitasiga bir guruh O‘FF mutaxassislarini malaka oshirish uchun yuborish masalasini ham alohida muhokama qildi.

“O‘zbekiston futbol federatsiyasi kelajakda BAA kabi FIFA va OFK turnirlarini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor bo‘lishi uchun ham biz kadrlar tayyorlash dasturi doirasida ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratdik”, deydi Umid Ahmadjonov.

“O‘FFda xalqaro tajribaga ega mutaxassislar bor, lekin biz FIFA va OFK tadbirlarini O‘zbekistonga olib kelmoqchi ekanmiz, katta tajribaga ega mutaxassislarni tayyorlash birlamchi vazifaga aylanadi. Shuning uchun ham Osiyoning yetakchi federatsiyalari bilan o‘zaro tajriba almashinuviga erishish oldimizdagi katta vazifalardan biri hisoblanadi”.

Memorandum, shu bilan bir vaqtda, O‘zbekiston va BAA futbol ligalari doirasidagi o‘yinlarga ikki mamlakat hakamlarini taklif qilish, xalqaro tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda O‘FF va BAA Futbol Uyushmasi xodimlarining o‘zaro tajriba almashishiga imkoniyat yaratib berishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bu Umid Ahmadjonov O‘FFga prezident etib saylanganidan beri xorijga amalga oshirgan ikkinchi safaridir.

Bungacha Umid Ahmadjonov FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashib, O‘zbekiston FIFAning xalqaro musobaqalari va tadbirlariga mezbonlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov ikkinchi safarini Dubayga uyushtirdi