Vaqt yana iyulga qaytib qolgandek. Hamma Neymar haqida gapiryapti. Uning goh Emeri bilan, goh jamoadoshlari bilan mojarolari, gohida «Real»ga transferi yoki «Barselona»ga qaytishi haqidagi gap so‘zlar - bularning barchasi aslida braziliyalik futbolchining Parijda o‘zini baxtsiz his qila boshlagani bilan bog‘liqdek. Parijda o‘zini baxtsiz his qilish mumkinmi? Ha, agar siz Neymar bo‘lsangiz...
Aslida Neymar hammasini to‘g‘ri qilgandi go‘yo. Butun dunyoni hayrat ko‘chasiga yetaklagan summa evaziga dunyo markazlaridan biri bo‘lmish Parijga o‘tish, yangi jamoada asosiy va eng charog‘on yulduz sifatida porlash va balki «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish. Messining soyasida dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lish imkonsizdek, Inestadan so‘rang, goho jahon chempioni bo‘lish ham yetmay qoladi. Pul yoki e’tiborni bir chetga surib qo‘ysak, Neymarning «PSJ»ga o‘tishini mana shunday futbol ambitsiyalari asosida ham tushunish qiyin emasdi. Ammo ko‘p jihatlar Neymar kutganidek bo‘lib chiqmadi. Misol uchun:
FRANSIYa ChEMPIONATI
Tan olish lozimki, «Liga 1» La Liga emas. «PSJ» «Barselona» emas. Albatta, ilk kunlarda, ilk turlarda Neymarning debyut o‘yinlari barchaning e’tiborida bo‘ldi. Faqat boshida. Tasavvur qiling, Neymar ajoyib gol urib jamoasiga g‘alaba keltirgan kunning ertasiga uyg‘onadi-yu, qarasa, butun dunyo u haqida gapirmayapti. Dahshat. O‘z vaqtida yutub qiroli bo‘lgan, «Barselona»dan aynan soyada qolmaslik uchun ketib qolgan Neymar uchun bu juda yomon. Rostan ham «PSJ»ning «Renn» yoki «Tuluza»ga nechta gol urishi hech kimga kerak emas. To‘g‘ri, «Xetafe»lar Ispaniyada ham bor, lekin «Real» bilan raqobat fonida, shuningdek, butun dunyoga tarqalgan «Barselon» muxlislari orasida o‘sha o‘yin ham «trend» sifatida kuzatilardi. Fransiyada unday emas. O‘z vaqtida Devid Bekhemdan tortib, Zlatan Ibrahimovichlargacha bu jarayonni o‘z boshlaridan kechirgan. Agar Chempionlar Ligasini aytmasa, MLS nima-yu, Liga 1 nima...
JAMOADOShLAR
Neymar qarasa, uni Parijda intizorlik bilan kutgan futbolchilar u qadar ko‘p emas ekan. Bu yerda ham o‘z Messilari, Suareslari bormush... Albatta, Kavanini Messi bilan taqqoslash noo‘rin. Mahoratini aytmayapman. Messi yoki Inesta uchun «Barselona» o‘ziniki edi, ular jamoaning kuchliroq bo‘lishini istashar, yordamga Neymar kabi yulduzlar kelsa, quchoq ochib kutib olishardi. Messi hech qachon o‘zining Neymar bilan solishtirishlari haqida o‘ylamasdi, uning «Barselona»ga munosabati bunday fikrlardan balandroq edi. Kavani esa, xuddi Neymar kabi yollanma, faqat sal ertaroq kelgan. U ham ko‘proq gol urishni istaydi. Nihoyat Fransiya Ligasi ham «Oltin butsa» koyeffitsentlarida 2.0 ga chiqqach, bu sovrinni ham qo‘lga kiritishni istaydi. U uchun Neymar bu yo‘ldagi bir raqobatchi xolos. Penalti va jarima to‘plarni talashib, voqea juda kattalashib ketgani yorqin misol. Neymar Parijga kelayotganda, bunday bo‘lishini kutmagani tabiiy.
Umuman braziliyalik futbolchilar va qisman Mbappedan tashqari, boshqa futbolchilar bilan Neymar yaxshi munosabatda emasligi ma’lum bo‘lib qoldi. Ayniqsa, Di Mariya va Pastore haqida turli xabarlar tarqala boshladi.
MURABBIY
O‘z vaqtida Artem Dzyuba tomonidan pisand qilinmagan Unai Emerini Neymar ne ko‘ylarga solishi mumkinligini tasavvur qilavering. Buning ustiga, braziliyalik futbolchining azaldan murabbiylar bilan chiqishmasligi haqida ko‘p yozishmoqda. Jumladan, o‘sha «Santos» davrida ham Neymar juda ko‘p marotaba murabbiy ishidan norozi bo‘lgan, uning qarorlariga isyon qilgan ekan. «Barselona»da esa yordamchi murabbiy Unsua bilan bog‘liq voqealar tilga olindi. Unsua Neymarga «agar o‘zgarmasa, Ronaldinoning ahvoliga tushib qolishi mumkinligi» haqida tanbeh bergandi. Bilamizki, Ronaldino «Barselona»ni ham, umuman katta futbolni ham juda erta tark etdi, mahoratiga yarasha barqaror bo‘la olmadi. Ammo aytish mumkinki, Neymar hali hamyurti qo‘lga kiritgan ikki «Oltin to‘p»dan juda uzoq masofada turibdi.
Emerining mashg‘ulotlari, uslublari, taktikalari anchadan beri Neymarni qoniqtirmayapti. Albatta, «PS» egalari 222 millionga sotib olingan futbolchini oddiy murabbiydan ustun ko‘rishlari tabiiydek ko‘rinmoqda, bir kun Emerining iste’fosi muqarrar. Ammo keyinchi?
RAQIBLAR
Bilasizmi, «Barselona»ga Ispaniyadagi munosabat bilan, «PSJ»ga Fransiyadagi munosabat o‘rtasida katta farq bor. Ispanlar, Liganing boshqa jamoalari «Barselona»ni etalon sifatida ko‘radilar, unga intiladilar. «Barselona» bilan kuch sinashish, «Barselona» kabi o‘ynash ular uchun sharaf. O‘z navbatida, juda ko‘p raqib futbolchilar uchun Messi kabi yulduzlar kumir darajasiga yetadi - unga raqib bo‘lishdan zavq oladilar, birga rasmga tushadilar va hokazo.
«Parij» esa, aksincha, oddiy fransuz jamoalari uchun boshqa joydan kelib qolgan yot unsurdek. Katta pullar bilan chempionatga kirib kelish va yulduzlarni jamlab olish boshqa klublarning hamiyatiga tegadi. Oddiy raqib emas, dushmandek qaraydilar. Neymar ular uchun kumir, raqiblik qilish imkoni tug‘ilgan osmondagi yulduz emas, dushman. Unga va boshqa «PSJ» futbolchilariga qarshi qat’iyroq, qo‘polroq o‘ynashga harakat qiladilar. Bunday munosabatni ham tabiiyki, Neymar kutmagan. Natijada, u ba’zi safar o‘yinlarini o‘tkazib yuborishga intilyapti, turli jarohatlar o‘ylab topyapti. Ispan nashrida tarqalgan xabarga qaraganda, u «Monpele»ga ketish oldidan kichik jarohatni bahona qilib, u yerga bormagan. Ammo boshqa futbolchilarning aytishicha, Neymar o‘sha kuni hamma qatori mashg‘ulotlarda qatnashgan va hatto hammadan keyin qolib ham shug‘ullangan ekan.
ENDI NIMA BO‘LADI?
Shunaqa gaplar. Neymar bilan bog‘liq bu voqealar o‘z vaqtida Ronalduning Manchesterni sog‘inib qolgan paytdagi oddiy injiqliklar emasdek. Nimadir o‘zgarishi va balki yaqin kelajakda yana bir katta transfer voqeasini kuzatishimiz mumkin. Savol tug‘iladiki, bu yangi jamoa qaysi?
«Real»mi? Ishonish qiyin. Kataloniya uni qanday kutib olishini tasavvur qilavering. Keyin u yerning ham o‘z «messi»si bor, ilk rasmiy o‘yinda Neymar va Ronalduning navbatdagi jarima to‘pini talashib qolganliklarini kuzatish qiziq bo‘lardi, albatta.
«Barselona»ga qaytish? Neymar sobiq jamoadoshlari bilan juda yaqin aloqalarni saqlab qolgan bo‘lsa-da, rahbariyat bilan shu qadar ziddiyatga bordiki, to u yerda yangilar kelmaguncha, bu transfer haqida o‘ylash noto‘g‘ri.
«Manchester Siti»? Bir qarashda ideal variant - dunyoning eng yaxshi murabbiyi, terma jamoadoshi Jezus bilan birga to‘p surish... Ammo bilasizmi, Neymar jamoadagi biror kemtikni to‘ldirish yoki o‘z nomi bilan yangi bosqichga olib chiqish uchun kerak bo‘ladi. «Manchester Siti» esa, hozir idealdek ko‘rinmoqda. Neymarning kelishi u yerdagi muvozanatni buzib qo‘yishi ham hech gap emas.
«Manchester Yunayted»? Pul ko‘p, Mourinoga ham Neymar yoqishini bilamiz. Ammo bu jamoaning o‘z roknrolshigi bor, ikkinchisi ko‘plik qiladi. Avvaliga hammasi yaxshi bo‘ladi, keyin Mourino Neymarning himoyaga qaytmayotganidan noliydi, majbur Eshli Yang variantiga qaytiladi, zaxirada o‘tirishdan zerikkan Neymarni tungi klubda Jezus bilan birga ko‘rib qoladilar. Mourino g‘azabda... Xullas yaxshi g‘oya emas.
Aytmoqchimizki, Neymar o‘zi bosib o‘tayotgan ko‘priklarga o‘t qo‘yishda davom etmoqda va bunday vaziyatda top-klublarning uni sotib olishga urinishlari avvalo, marketing nuqtai nazaridan sodir bo‘lishi mumkin xolosdek.
Bechora futbolchi esa, baxtsiz. Hayotda ham shunaqa. Qo‘lga kiritilmagan ba’zi narsalar uchun shu qadar intilamizki, oxiri unga yetishganda, bu yo‘lda boshqa, qadrliroq narsalarni boy berib qo‘yganimizni tushunib yetamiz. Boy berilganlarni qaytarish esa, yanada qiyinroq.
Qahramon Aslanov
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Putin Ukrainaning yadroviy bomba yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi
Yapon psixiatri qiyinchiliklarni qanday yengish va mazmunli yashash sirlarini aytdi
Shoygu Rossiyaning “yadro soyaboni” kimni himoya qilishini aytdi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
1 dekabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi