20:03 / 25.01.2018
4 552

7 joydan maosh oladigan Ramatov navbatdagi lavozimida tekinga ishlaydi

7 joydan maosh oladigan Ramatov navbatdagi lavozimida tekinga ishlaydi
Bugun O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi prezidenti etib saylangan Ochilboy Ramatov yangi ish joyida tekinga ishlashini ma’lum qildi.

U futbol sohasi vakillariga murojaat qilib, yaxshi pul topish uchun yaxshi ishlash kerakligini ta’kidlagan.

«Futbolni yaxshi ko‘radigan odam faqat futbol haqida o‘ylab, shuning ichida yashashi kerak. Shu yerdan pul topishi kerak, pul topishning boshqa joylarini qilishi kerak emas.

Meni haydab yuborsanglar, boshqa kasbim bor, boshqa ishlarimni qilib, bola-chaqamni boqa olaman. Sizlar esa faqat futbol bilan shug‘ullana olasizlar.

Men bu lavozimda oylik olmayman. Men prezidentimiz shu yerga jo‘natgani uchun keldim, sizlarga yordam bermoqchiman. Sizlar qo‘l ko‘tarib, tasdiqladingizlar. Sizlarni hech kim majburlamadi.

Mening hamma narsam bor, 7 joydan oylik olaman, faqat boksda va futbolda emas. Yurtboshimiz shularga yordam ber, deb jo‘natdi.

O‘zim ham hamisha futbolimiz uchun qayg‘urganman. Bu mas’uliyatli ish.

Bolalarimizni tarbiyalaymiz. Yaxshi mingta futbolchi chiqaramiz. Ular hech narsadan kamchilik ko‘rmasligi kerak. Evaziga barqaror o‘ynab berishsin», deydi Ramatov.

Ma’lumot uchun, Ochilboy Ramatov 2002 yildan buyon «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning boshqaruv raisi hisoblanadi. U 2016 yilning dekabridan O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksining rahbari.

Ramatov shuningdek, 2006 yildan buyon O‘zbekiston boks federatsiyasi prezidenti hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 7 joydan maosh oladigan Ramatov navbatdagi lavozimida tekinga ishlaydi