23:20 / 27.01.2018
3 837

Umid Ahmadjonov Osiyo chempionatidagi g‘alaba uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi

Umid Ahmadjonov Osiyo chempionatidagi g‘alaba uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimizning qit’a chempionatidagi g‘alaba qozongani munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi. Uning minnatdorchilik maktubi O‘FA rasmiy saytida e’lon qilindi.

«Barchamiz uchun birdek qadrli bo‘lgan yurtboshimiz Shavkat Miromonovich!

Bugun sizga o‘zbekistonlik millionlab futbol muxlislari, murabbiylar, federatsiyamiz vakillari va albatta, Osiyo maydonlarida mardonavor to‘p surgan terma jamoamiz a’zolari nomidan maktub bitayotganimizdan bag‘oyatda baxtiyorman.

Sizning rahnamoligingizda O‘zbekiston sporti, xususan futbolimiz oldinga kattagina qadam tashladi deb bemalol ayta olamiz! O‘tgan yil yakunida yuz bergan o‘zgarishlar ko‘p o‘tmay, o‘zining mevasini bera boshladi va 23 yoshgacha bo‘lgan yigitlarimizdan tashkil topgan jamoamiz Osiyo mamlakatlarini ortda qoldirib, qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi. Bunda sizning farzandlaringiz, mamlakatning yetuk o‘g‘lonlari futboli taraqqiy etgan Xitoy, Ummon, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlat termalarini mag‘lub etib, dramatik ruhda kechgan o‘yinda Vetnamni ham dog‘da qoldirib, shohsupaning eng yuqorisidan joy olishdi.

Bir necha oy ilgari O‘zbekiston yakkakurashlarda o‘z o‘rniga ega ekani haqida aytib, jamoaviy sport turlarida ham o‘sishimiz, oldinga qadam tashlashimiz zarurligini kuyunib gapirgandingiz. Ishonamanki, sizning bu so‘zlaringiz o‘zbekistonlik barcha sportchilarimizning ongiga muhrlanib, ularning yuraklariga qadar yetib borgan. Biz buni futbolchilarimiz misolida ko‘rib turibmiz.

Sizning rahbarligingiz, tashabbusingiz va albatta g‘amxo‘rligingiz ostida mehnat qilish barchamiz uchun birdek sharafli. Umid qilamizki, yangi yildagi debyut g‘alabamiz qolgan futbolchilar ruhiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatib, biz kelajakda ulkan g‘alabalarni hali ko‘p nishonlaymiz. Barchasi uchun katta rahmat!

Hurmat bilan, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov Osiyo chempionatidagi g‘alaba uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi