Vadim Abramov O‘zPFL rahbari bilan gap talashdi

Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov Oliy Liga-2015 qur’asiga bag‘ishlangan tadbir vaqtida musobaqa tashkilotchisi – O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Farhod Magametov bilan kelisholmay qoldi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.
“Stadion.uz” xabariga ko‘ra, tashkilot vakili Valeriy Lyotkin qur’a oldidan musobaqaning o‘tkazilish tartibini tushuntirayotganida, Abramov aynan o‘tgan yilgi tartibga qarshi ekanligini, undan avvalgi yildagi eski tartibga qaytish kerakligini aytgan.
Bu orada gapga O‘zPFL rahbari Farhod Magametov qo‘shilib, yangi tartibga o‘tish oldidan o‘tgan yili barcha klublarning roziligi olinganini eslatib o‘tgan. “Men u vaqtda yo‘q edim”, – deb turib olgan (Abramov 2014 yil yozida “Lokomotiv”da ish boshlagan).
“Magametov bundan muammo yasamaslik lozimligini uqtirsa, Abramov o‘z fikrini aytayotgani va bunga haqqi borligi ta’kidlashdan to‘xtamadi. Gapning orasida Abramov Magametovga: “Men sizga gapirganim yo‘q, o‘zingiz gapga aralashib, muammo ko‘taryapsiz”, – dedi”, – deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2014 yilgi mavsumga qadar Oliy Liga bahslari “ko‘zguli” tartibda o‘tardi – unda 1-turda duch kelgan jamoalar musobaqaning oxirida o‘zaro to‘qnash keladi. 2014 yili esa yangi tartib joriy etildi va unda 1-turda to‘qnash kelgan jamoalar ikkinchi davra boshida ham o‘zaro maydonga tushishlari kerak.
Qayd etishlaricha, 17 dekabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda Abramovning e’tirozidan so‘ng, tadbirda ishtirok etayotgan Oliy Liganing 16 vakili o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgan va unda 11 jamoa vakili 2014 yilgi, yangi tartib kuchda qolishi uchun ovoz bergan.
foto: Kun “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing