08:04 / 03.02.2018
2 924

Roman Pavlyuchenko: "Toshkent klubi bilan og‘zaki muzokara o‘tkazdik..."

Роман Павлюченко: "Тошкент клуби билан оғзаки музокара ўтказдик..."
Rossiya terma jamoasining sobiqhujumchisi Roman Pavlyuchenko «Sport-Ekspress» nashriga intervyu berib, turli mavzudagi savollarga javob qaytardi.

- Sizga Hindiston va Indoneziya klublaridan takliflar tushayotgani rostmi?
- Ayni haqiqat. U yerga ertagayoq borishim mumkin. Yaxshi sharoitlarni yaratib berishni va’da qilishgan. Lekin uzoq parvozlardan qochyapman.
Biriga 10 soat, ikkinchisiga esa 18 soat uchishga to‘g‘ri keladi. Axir u yerga yolg‘iz bormayman. Rafiqam va ikki nafar farzandim bilan uzoq parvoz qilish kerak bo‘ladi.

- Demak, rad javobini bergansiz?
- Hozircha aniq javob bermadim. O‘ylab ko‘ryapman. Hozir turmush o‘rtog‘im bilan variantlarni o‘rganib chiqyapmiz.

- Jamoalarning nomi qanday?
- Indoneziyada poytaxt jamoasi, nomini hali aytishmadi. Agar shart­noma imzolasam, bu borada ma’lumot berishadi.

- Umuman olganda, Hindiston va Indoneziyada bo‘lganmisiz?
- Yo‘q. Uzog‘i - Tailandga borganman. U yerga 18 emas, 8 soat uchiladi.

- Toshkentning «Lokomotiv» klubidan ham taklif tushdi, deb eshitdik.

- Og‘zaki muzokara o‘tkazdik, aniq kelishuv bo‘lmadi. Boz ustiga, muzokara uchinchi shaxs orqali o‘tkazildi. Vaholanki, klub rahbarlaridan o‘zim bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashishlarini so‘radim.

Tez orada Osiyo Chempionlar Ligasi boshlanadi. Bir-ikki kun oldin yana chaqiruv bo‘ldi. Ammo bu safar ham o‘sha uchinchi shaxs orqali. Buni noto‘g‘ri deb hisoblayman. Yuzma-yuz gaplashgan yaxshi.

- Ayni payt chempionatda yuqori o‘rinlarda yurgan «Spartak» va «Lokomotiv» jamoalarida o‘ynagansiz. Hozirda ushbu klublarning qay biriga muxlislik qilyapsiz?
- «Spartak» - bir umrlik jamoam. Bu klub hamisha men uchun birinchi raqamli.

- Jikiyaning jarohati «Spartak» va terma jamoa uchun yo‘qotishmi?
- Menimcha, bu «Spartak» uchun ham, terma jamoa uchun ham muammo. Jikiya menga futbolchi sifatida juda yoqadi. Unga qanday tashxis qo‘yishdi?

- Tizza to‘qimalarining uzilishi.
- Demak, jahon chempionatida o‘ynay olmaydi. Afsus.

- Berezutskiylarni termaga qaytarish kerakmi?
- Bu bosh murabbiyning ishi.

- Pogrebnyak qiyin ahvolga tushib qoldi. «Dinamo» uni katta miqdordagi jarimaga tortmoqchi. Eshitdingizmi?
- Yaqinda gaplashgandim.

- Nima dedi?
- To‘g‘risi, u aniq fikr bildirmadi. Shu bois ham tashqaridan turib bir narsa deyishim qiyin. Umuman olganda, Pashka tajribali futbolchi va nima qilish kerakligini biladi.
Unga mening maslahatlarim kerak emas. Ma’lumki, Pogrebnyak «dubl»da emas, asosiy tarkibda o‘ynashni istaydi.

- Ma’lumotlarga qaraganda, Pavelni «Qayrat» o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi ekan. Andrey Arshavin u yerga sizni chaqirmadimi?
- U bilan anchadan buyon gaplashmadim.

- «Torpedo»da yangi homiylar paydo bo‘ldi. Chaqirishsa borasizmi?

- Yana ikkinchi divizionmi...?

- Axir Moskva, o‘z tarixiga ega klub...
- Hech qachon «hech qachon» dema. Ertaga nima bo‘lishini bilmayman. Shu bois ham bu savolingizga javob berolmayman.

- Fyodor Smolov ikki yo‘l orasida qoldi - Rossiyada qolish yoki Angliya­ga ketish. Unga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

- To‘g‘risi, Fedyaga «Zenit» yoki «Spartak»ka o‘tishni tavsiya qilmayman. Moskva yoki Piterga ko‘chib o‘tgan bilan jamoa o‘yiniga mos tushmasligi mumkin. Hozir «Krasnodar»da yaxshi o‘ynayotgan bo‘lsa, ketishga na hojat? Smolovga Krasnodarda qolishni maslahat beraman. Bordi-yu, ketmoqchi bo‘lsa, Yevropani tanlashi lozim.

- U Angliyada o‘ynab keta oladimi?
- Bunga shubham yo‘q.

- Aytishlaricha, APLdan tushgan taklif «Krasnodar»dagidan biroz pastroq ekan.
- Yevropaga sharoitlar uchun borish... bilmadim. Men o‘z fikrimni aytdim. Uyog‘ini Smolovning o‘zi hal qiladi.

- Yaqinda Kanchelskis Promesning APL darajasiga javob bermasligini aytdi. Bu borada sizning fikringiz qanday?
- U Angliyada o‘ynab keta olishi mumkin. Lekin menga Promesning nima aloqasi bor? Rossiyalik futbolchi borasida fikr bildirishim mumkin. Kvinsining esa menga qizig‘i yo‘q.

- Unda aytingchi, Artyom Dzyuba nima qilishi kerak?
- So‘nggi mavsumlarda u «Zenit» yetakchilaridan biri edi. Manchini bilan oralaridan nima o‘tganini bilmayman.

- Endi nima qilishi kerak? «Zenit-2»da qolishi lozimmi?

- Albatta, yo‘q. Boz ustiga, shu yil yozida jahon chempionati o‘tkaziladi. Menimcha, terma jamoa uchun u va Oleg Shatov ijaraga bo‘lsa ham bosh­qa jamoaga o‘tishlari kerak.
Akmalxon EShONXONOV tayyorladi


Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Roman Pavlyuchenko: "Toshkent klubi bilan og‘zaki muzokara o‘tkazdik..."