13:30 / 10.02.2018
2 332

Talablar va istisnolar bahsi

Talablar va istisnolar bahsi
Nihoyat, futbol muxlislari katta qiziqish bilan kutayotgan yana bir tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldik: Superliganing dastlabki ikki davrasi uchun qur’a tashlandi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu jarayon futbolimiz tarixidagi inqilobiy mavsumning yo‘lchi yulduzidir. Umidvormizki, shu yo‘lchi yulduz chempionatimiz va Superliga dovrug‘ini dunyoga taratadi. Dastlabki mustaqil milliy chempionatimizga qur’a tashlangan payt ham aksariyat muxlislarda shunday ko‘tarinki kayfiyat kuzatilgani o‘z-o‘zidan ayon. O‘shanda istiqlolga tashna qalblar faxr-iftixordan yashnagandi. Endi esa ko‘ngillar taraqqiyotning yangicha nafasidan navolanmoqda.

Albatta, qiziqish doirasi faqat shu kayfiyat bilan chegaralanmaydi. Futbol muxlislarini yana bir mavzu - Superliga tarkibi qiziqtirayotgandi. Qur’a jarayoni bu masalaga ham oydinlik kiritdi. Avval xabar berilganidek, «So‘g‘diyona» va «Neftchi»ga Superliga ishtirokchilari qatoridan joy ajratildi. Aniqrog‘i, rasmiy xabar qur’a jaaryonida tasdig‘ini topdi. Umuman olganda, Umid Ahmadjonov Jizzax va Farg‘onaga tashrifi chog‘ida mazkur masalalarga yechim izlagani xususida muxlislar tomonidan mulohazalar bildirilgandi. Qarangki, taxminlar o‘zini oqladi, mulohazalar reallikka aylandi. Qur’a asnosida ayon bo‘ldiki, «So‘g‘diyona» va «Neftchi» yangi mavsumni «Super»da boshlaydi. Demakki, ular bunday huquqni beruvchi barcha talablarni bajargan. «Mash’al» va «Sementchi» esa Superliga «yuk»ini ko‘tarolmagan.

Biri xush, ikkinchisi noxush xulosa, to‘g‘rimi? Shu tarzda savol qo‘yish oson. Ammo unutmaylikki, har ikki xulosa ortida muxlislar manfaati yotibdi. Bizni ayni jihat o‘yga toldirdi.

Ma’lumki, o‘tgan mavsum yakunlanmasidan boshlangan islohotlar to‘lqini nainki muxlislar, balki mutaxassislar-u mutasaddilarni ham anchayin shoshirib qo‘ygandi. Lekin futbolimizdagi vaziyat shu qadar chigallashib ketgandiki, islohotlarni shoshilinch boshlamaslikning aslo iloji yo‘q edi. Mutasaddilar g‘oyat tig‘iz tashabbuslar jarayonida oliy ligani birdaniga 5ta jamoa tark etishini e’lon qilib yuborishdi. Natijada «Sementchi» haqli ravishda o‘zini Superliganing 12-vakili sifatida sanay boshladi. Hattoki, bu o‘ringa «Neftchi»ning chiqmasligi bilan bog‘liq bayonotlar matbuot yuzini ko‘rdi. Mutasaddilar bunga javoban Superligada ishtirok etish huquqini beruvchi talablarni bajarish majburiyligini ta’kidlashdi. Zukko muxlislar ushbu ogohlantirishdan tegishli xulosa chiqarishdi, ya’ni mavsum yakunida oliy ligada 1-11-o‘rinni egallash kuchlilar qatorida qolish uchun kafolat emasligini anglashdi. Afsuski, ko‘pchilik bu xabarga alohida e’tibor qaratmadi. Superliganing o‘tgan hafta e’lon qilingan tarkibi esa Osiyo chempionati yog‘dulari ostida ko‘zga tashlanmadi. Shuning uchunmi, qur’a jarayoni ushbu ma’lumotlardan bexabar muxlislarni ajablantirdi. Ta’kidlash joiz, bu shunchaki, odatiy ajablanish emas. Gap Superligada ishtirok etish talablarini bajarolmagan «Sementchi» va «Mash’al»ning taqdiri xususida bormoqda.

Xo‘sh, o‘tgan mavsumda birinchi liga g‘olibiga aylanib, o‘yin nuqtai nazaridan elitada ishtirok etishga munosibligini isbotlagan «Sementchi» endi qanday faoliyat ko‘rsatadi? Jamoa Pro-ligada yana o‘zini ko‘rsatishga qodirmi? Farg‘ona futbolida amalga oshirilgan ishlar muxlislar ko‘nglida shunday savollar uyg‘otdi. «Neftchi» va «Sementchi»ning mutasaddilari bosh-qosh bo‘lgan kelishuv qanday samara beradi? Bu vaqt hukmiga havola. Har holda, zafarlarga boy an’analari bilan mashhur «Neftchi»ning Superligada qolishi maqsadga muvofiq ayni chog‘da. Biroq «Sementchi» muxlislarining alangalanayotgan ishtiyoqlari avvalgidek saqlanadimi? Bu savol javobini ham hozircha vaqt hukmiga tashlashga majburmiz.

Islohotlar o‘z-o‘zicha amalga oshmaydi. Bu jarayonda goho ho‘lu-quruq baravar yonadi. Futbolimiz taraqqiyoti uchun yuz berayotgan voqealarga xolis baho bersak, bas. Ishonchimiz komilki, mamlakatimiz futboli jonkuyarlari hamisha xolislikka intilishadi. Mutasaddilar nihoyatda nozik ushbu jihatni e’tibordan qochirmasliklari kerak. O‘ylaymizki, zukko muxlislar nima demoqchi ekanligimizni darhol tushunishdi. Ha, Superliga tarkibini shakllantirishda bundan keyin faqat sport prinsiplariga rioya qilinishi darkor. Bu mulohazani bejiz aytmayapmiz. Yangi mavsumga tayyorgarlik chog‘i «Andijon»da ham Superligada ishtirok etish ishtiyoqi yaqqol sezildi. Ammo jamoaning niyati ro‘yobga chiqmadi. «Andijon» endi yangi mavsumda otni jiddiyroq qamchilashi aniq. U yoqda «Dinamo» ham qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi. Chunki Samarqanddagi futbol muhiti Sirdaryo, Surxondaryo yoki Xorazmdagiga nisbatan keskin farqlanadi. Balki Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari jamoalarini Pro-ligada qatnashishning o‘zi qoniqtirar. Lekin «Dinamo» va «Andijon» an’analar nuqtai nazaridan bunga ko‘nmaydi. To‘g‘rirog‘i, uzoq kutolmaydi.

Superligada bor-yo‘g‘i 12ta o‘rin mavjud va bu hozirgi holatda o‘zini oqlamaydigan miqdor. Demoqchimizki, istaklar ta’sirida yana istisnolarga yo‘l berish Superliga, ayniqsa islohotlar taqdirini xavf ostida qoldiradi. «Sementchi» va «Mash’al» qay yo‘sinda «Neftchi» hamda «So‘g‘diyona»ga joy bo‘shatganini bugun hamma tushunib turibdi. Kelgusida esa muxlislar istisnolarni tushunishni ham istashmaydi. Hozirdanoq quyidagi savol kun tartibiga qo‘yilayotgani fikrimiz isbotidir: mavsum yakuni bo‘yicha Pro-ligada g‘olib chiqqan jamoa Superliganing o‘yin natijalariga aloqasi bo‘lmagan talablarini bajarolmasa, qanday xulosaga kelinadi? Deylik, Pro-ligada «Mash’al» g‘olib chiqsa, infratuzilma bois, o‘z o‘rnini «Dinamo» yoki «Andijon»ga bo‘shatib bermaydimi? Negaki, bu ikki jamoaning mavsum davomida Superliga talablariga to‘liq tayyor bo‘lib borishiga barcha ishonmoqda. Eng qizig‘i, uchrashuvlar va natijalar Superliganing boshqa talablari bilan hisoblashmaydi. Ana, «Bornmut» mehmonda o‘ynab turib, «Chelsi»ni yengishdan tortinmadi, «Levante» hech bir xijolatsiz «Real»dan ochko tortib oldi, «Espanol» esa «Barselona» oldida bosh egmadi. «Mash’al» ham shu yo‘ldan borsa va «Dinamo» hamda «Andijon»dagi sharoitlarni hisobga olmay, Pro-liga g‘olibiga aylansa, nima bo‘ladi? U holda «Metallurg»ning o‘rniga ko‘z olaytirilmaydimi?

Ko‘rinib turibdiki, bugun Superliga talablari tufayli muxlislarda turli savollar tug‘ilmoqda. Jamiyat taraqqiyoti va tafakkuridagi pastu-balandliklar sabab, futbolimiz mutasaddilarining yangi-yangi muammolarni hal qilishlariga to‘ri kelishi ehtimoli ham yuqori kelajakda. Bu tabiiy hol. Hamma gap shu muammolarni yengish va ulardan ustun chiqishda. Talablar va istisnolarning ijobiy natijasi ayni shu ustunlikka chambarchas bog‘liqdir.
Muhammad Vali


Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Talablar va istisnolar bahsi