06:30 / 27.02.2018
3 425

Umid Ahmadjonov: Olimpiada va JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak

Umid Ahmadjonov: Olimpiada va JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak
Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov ishtirok etdi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Umid Ahmadjonov O‘FA hamda MOQ xodimlari birgalikda yurtimizda sportni, xususan, futbolni yuqori bosqichga olib chiqish, yanada rivojlantirish uchun bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishlari kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

“Bu yil oldimizda eng katta vazifa Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish. Keyin 2019 yilda Osiyo Kubogi musobaqasi kutib turibdi. Undan so‘ng esa Olimpiada hamda futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga saralash boshlanadi. Vaqt tobora kam qolyapti. Futbol muxlislari ertaga bizdan natija talab qilishadi. Shu sababdan hammamiz birgalikda harakat qilib, kuyib-pishib ishlashimiz zarur.

Birinchi navbatda bolalar futbolida tizim yaratishimiz zarur. Belgilangan taqvim asosida bu yil mingga yaqin musobaqa o‘tkazamiz deb e’lon qildik. Musobaqalar hududlarda bo‘lib o‘tmoqda. Lekin bu musobaqalarda o‘zini ko‘rsatgan bolalar keyin qayerga boradi? Kim ularni saralab olib, terma jamoalarga nomzod sifatida ko‘rsatadi? Buning uchun seleksiya ishini kuchaytirishimiz kerak. Malakali seleksionerlar kerak bo‘lsa 10-15 kun viloyatlarda, yurtimizning chekka-chekka qishloqlarida yurib, u yerdagi iste’dodli bolalarni saralab olishlari zarur. Shundagina musobaqalar o‘tkazishdan samara ko‘zlashimiz mumkin.

Futbol maktablari va akademiyalardagi poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik kabi illatlarni yo‘qotishimiz zarur. Iste’dodi yo‘q bo‘lsa ham, faqat puli borligi uchun futbol maktablarida yurgan bolalar bo‘lsa, ulardan voz kechish vaqti keldi. Aksincha, qobiliyatli, iste’dodli bo‘la turib, futbolga qatnash imkoniyatiga ega bo‘lmagan kam ta’minlangan oilalar farzandlarini bepul futbol bilan shug‘ullanishlarini ta’minlash kerak. Buning uchun akademiyalarga qabul jarayonlarida shaffoflikni yuzaga keltirib, faqat munosiblargina imtihonlardan o‘tishini ta’minlashimiz darkor.

Tokioda bo‘ladigan Olimpiada musobaqasi yo‘llanmasi uchun kurashadigan Olimpiya terma jamoasini hozirdan shakllantirishmiz kerak. Xitoydagi Osiyo chempionatida qo‘lga kiritilgan yutuqni unutish kerak. Endi asosiy maqsad dastlab Olimpiadada ishtirok etish, keyin esa Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Xalq bizdan mana shuni kutyapti.

Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasida ishlaydigan har bir xodim shuni chuqur his qilib, to‘g‘ri anglagan holda ish olib borishi kerak. Shundagina biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadga yeta olamiz”, - dedi Umid Ahmadjonov.

Shundan so‘ng, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov so‘zga chiqdi.

“Yurtimizda sportni, xususan, futbolni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar, islohotlar albatta o‘z samarasini beradi. Faqat buning uchun barchamiz jonbozlik ko‘rsatishimiz kerak. Sportga, futbolga aloqador har bir xodim o‘z mas’uliyatini to‘la his qilgan holda faoliyat yurtishi kerak.

Agar kimda o‘zining takliflari, fikrlari bo‘lsa bemalol bildirishi mumkin. Biz barchani eshitishga, barchaning fikrini inobatga olishga harakat qilamiz. Sportning, futbolning rivojiga barchamiz mas’ulmiz. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi yaqinda tashkil etildi. Lekin oldimizda juda katta vazifalar turibdi. Agar birgalikda harakat qilsak, barcha maqsadlarimizga yetamiz”, - dedi Shoakrom Isroilov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov: Olimpiada va JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak