08:05 / 27.02.2018
3 086

Chung Mong Gyu: O‘zbek futbolidagi islohotlarni yuqori baholayman

Chung Mong Gyu: O‘zbek futbolidagi islohotlarni yuqori baholayman
Xabaringiz bor, 24 fevral kuni Toshkentda CAFA (Markaziy Osiyo, Eron, Afg‘oniston Futbol Assotsiatsiyalari) Kongressi bo‘lib o‘tdi. Mazkur kongressda ishtirok etgan Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi prezidenti Chung Mong Gyu “UZREPORT TV” telekanaliga bergan eksklyuziv intervyusida o‘zbek futbolidagi islohotlarni yuqori baholashini aytib o‘tdi.

“O‘zbekistonga ko‘p tashrif buyurganman. Mamlakatingiz menga yoqadi. Toshkentga yana bir bor kelganimdan mamnunman. Men KAFA kongresida FIFA kengashi a’zosi sifatida ishtirok etdim. Osiyo qit’asining Xalqaro futbol Assotsiatsiyalari federatsiyasidagi vakiliman. Qit’amizdagi futbolga oid o‘zgarishlar, kamchiliklar va yutuqlar haqida FIFAni xabardor qilib boraman.

O‘tgan yili O‘FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan Seulda hamda Bangkokda uchrashganmiz. Uchrashuv chog‘ida tajriba almashganmiz va bir qator muzokaralar olib borganmiz. Mening fikrimcha, O‘zbekiston Osiyoda katta salohiyatga ega. 2022 yilda O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan birgalikda Jahon chempionatida ishtirok etishiga ishonaman. Biz birgalikda qit’a futboli rivojiga hissa qo‘sha olamiz.

O‘zbekistonda futbol jadallik bilan rivojlanmoqda. Nafaqat futbolda, balki hakamlik borasida ham. Bunga misol tariqasida Ravshan Ermatovning xalqaro arenalardagi muvaffaqiyatini ko‘rsatib o‘tish mumkin. O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning bir biridan o‘rganadigan jihatlari talaygina.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev futboldagi korrupsiyaga qarshi kurashga jiddiy e’tibor bermoqda. Men buni ijobiy baholayman. Futboli rivojlangan mamlakatlarda ham kelishilgan o‘yinlar uchrab turibdi. Mazkur jiddiy masala hal qilinmasa, futbol inqirozga yuz tutishi tayin.

O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar, islohotlar menda katta taassurot qoldirmoqda. Umid Ahmadjonov rahbarlik qilgan paytda O‘zbekiston paralimpiyachilari Rioda 31ta medal, jumladan, 8ta oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Bu ajoyib natijani e’tirof qilish zarur. Shuningdek, O‘zbekistonning 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilari Xitoyda Osiyo chempioni bo‘lganini shaxsan guvohi bo‘lganman. Bu futbolchilar va murabbiylarning mashaqqatli mehnati samarasidir. Olib borilayotgan to‘g‘ri siyosatsiz bu muvaffaqiyatlarga erishib bo‘lmas edi, deb hisoblayman”, - deydi Chung Mong Gyu.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Chung Mong Gyu: O‘zbek futbolidagi islohotlarni yuqori baholayman