12:15 / 08.03.2018
3 845

Sardor Rashidov: “Nasib qilsa, Fransiya chempionatida o‘ynayman”

Sardor Rashidov: “Nasib qilsa, Fransiya chempionatida o‘ynayman”
O‘zbekiston milliy jamoasi yarim himoyachisi Sardor Rashidov ma’lum tanaffusdan so‘ng yana ichki chempionatimizga qaytdi. BAAning “Al-Jazira” klubi bilan shartnomani bekor qilgan Rashidov “Lokomotiv” bilan kelishuvga erishdi.

U OCHL guruh bosqichidan o‘rin olgan rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushib, hatto gol urishga ham ulgurdi. Sardor amirlik jamoasidan avval Qatarning “Al-Jaish” klubi sharafini himoya qilgandi.

“Al Jazira”da esa asosiy vaqtini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazayotgandi. Bunday vaziyatda eng maqbul yo‘l klubdan ketish edi. Rashidov amalda shunday qildi.

Yaqinda matbuotda uning Fransiyaga yo‘l olishi haqida ham yozishdi. Intervyu berishni biroz xushlamaydigan futbolchimiz bilan ayni mana shu mavzular yuzasidan suhbatda bo‘ldik.

- Sardor, “Lokomotiv”ga moslashish jarayoni qiyin kechmadimi?
- Yo‘q. Faoliyatimning katta qismi O‘zbekiston chempionatida o‘tgan. Boz ustiga, “Lokomotiv”da do‘stlarim ko‘p. Shu bois, juda tez moslashib oldim.

- Nima uchun aynan “Lokomotiv”­ni tanladingiz? Tanlov uchun bosh­qa variantlar ham bormidi?
- Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Birinchidan, “Lokomotiv” amaldagi O‘zbekiston chempioni va kubogi sohibi hisoblanadi. Jamoa ikki yildan beri bu unvonlarni o‘zida saqlab kelmoqda.

Ikkinchidan, u mamlakatimizning ayni paytdagi eng kuchli klubi. Uchinchidan, bu klub OCHLda ishtirok etyapti.

“Loko”ga o‘tishimning asosiy sabablaridan biri ham aynan shu bo‘ldi. O‘zimni Osiyoning klublar miqyosidagi eng nufuzli turnirida sinab ko‘rmoqchiman.

- O‘zbekiston chempionatiga qaytish orqali moliyaviy tomondan yutqazdingiz. Bundan afsusda emasmisiz?
- Afsuslanishga hojat yo‘q. Futbolchi faqat pulni o‘ylasa, o‘yini o‘xshamay boraveradi. Men yana o‘zimga kelib, o‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shishni istayman.

- “Al-Jazira”dan ketishingizga murabbiylar bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab bo‘ldi, deb eshitdik. Bu ma’lumot qanchalik haqiqatga yaqin? Klub prezidenti bilan bu borada gaplashib ko‘rmadingizmi?
- Ha, ushbu ma’lumotni tasdiqlayman. “Al-Jazira” murabbiyi menga juda kam imkon berdi. O‘sha imkon berilgan va ishonch bildirilgan o‘yin­larda gol urdim, golli uzatmalarga mualliflik qildim.
Ochig‘i, bu murabbiyni umuman tushunmadim. Mayli, endi muhokama qilgandan foyda yo‘q. Siz aytgandek, klub prezidenti bilan munosabatlarim yaxshi edi. “Al-Jazira”ga o‘tishimda ham shu rahbarning hissasi katta bo‘lgandi.

U qolishimni istadi, men esa futbol o‘ynashni xohladim. Shu tariqa shartnomani bekor qildim.

- “Al-Jazira”dan ketish uchun shartnomani bir tomonlama bekor qilish va transferingizni sotib olishingizga to‘g‘ri kelibdi. Shu rost­mi? Klub rasmiylari siz bilan osonlikcha xayrlashmagandirlar?
- Yo‘q, bu noto‘g‘ri ma’lumot. “Al-Jazira” mening transferimni “Al-Jaish”dan sotib olgandi. Shuning uchun ham ular ketishimdan biroz ranjishdi. Chunki meni xarid qilib, 5 oydan keyin tekinga qo‘yib yuborishlariga to‘g‘ri keldi.

Bu yerda hamma ishni murabbiy qildi. Menga esa far­qi yo‘q edi. Agar o‘zi astoydil xohlaganida, meni maydonga tushirardi. Lekin u bu yo‘ldan bormadi. Menga esa mazkur holat to‘g‘ri kelmasdi.

Tushuning, axir zaxira o‘rindig‘ida o‘tiradigan yoshda emasman. Shu sababli ham shartnomani buzishdan o‘zga chora topa olmadim.

- “Lokomotiv” bilan imzolangan shartnomada xorij klubidan taklif tushsa, sizni qo‘yib yuborishlari haqida band bormi?
- Ha, bor.

- “Al-Jaish”ning sobiq murabbiyi Lyamushi bugungi kunda “Renn” klubida ishlayapti. Shu ma’noda sizning aynan Fransiya chempionatiga yo‘l olishingiz mumkinligi haqida gap-so‘zlar bolaladi.Lyamushining o‘zi bilan bu haqda gaplashdingizmi? Bu transfer yozda amalga osharmikan?
- Xuddi shunday. Men Lyamushi bilan doimo aloqada bo‘lib, telefon orqali gaplashib turaman. U menga yozgacha kutishimni va katta ehtimol bilan o‘sha transfer bozori chog‘ida “Renn”ga o‘tishimni aytdi.
Nasib qilsa, Fransiyaga boraman. Mabodo, bu transfer amalga oshmay qolgan taqdirda, boshqa xorij klublari bilan muzokaralarga kirishaman.

- “Lokomotiv” OCHL 2 – 3-turlarini Eronda “Zob-Ohan”, Qatarda “Duhayl”ga qarshi o‘tkazib, imkoniyatni boy berdi. Bu mag‘lubiyatlarga nima sabab bo‘ldi?
- Ochig‘ini aytsam, safardagi o‘yinlar biz uchun kutilganidan ham qiyin kechdi. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, Toshkentdagi javob uchrashuvimiz umuman boshqacha tarzda o‘tadi. Ishonchli g‘alaba uchun borimizni beramiz.

- “Lokomotiv” “pley-off” yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladimi?
- Bu - futbol. Guruhimizdagi to‘rt­tala jamoa oldiga ham “pley-off” bosqichiga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Albatta, bor e’tiborimizni keyingi o‘yinlarga qaratib, boshqa ochko yo‘qotmaslikka harakat qilamiz.

Bizda hali rasman mavsum boshlangani yo‘q. Eron yoki boshqa arab davlatlarida esa chempionat eng qizg‘in pallaga kirgan. Bu holat raqiblarimizga qo‘l keladi.

- O‘zbekiston Superligasi boshlandi. Yangilangan chempionatdan nimalar kutyapsiz?
- Shak-shubhasiz, bu yilgi chempionatimiz juda qiziqarli, kurashlarga boy tarzda o‘tadi. Har bir jamoa maydonga faqat g‘alaba ilinjida chiqadi.
Kamoliddin Alimov suhbatlashdi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sardor Rashidov: “Nasib qilsa, Fransiya chempionatida o‘ynayman”