20:57 / 24.05.2018
3 648

“Nasaf”ning moliyaviy inqirozi qachon barham topadi yoxud Ro‘ziqul Berdiyev bilan intervyu

“Nasaf”ning moliyaviy inqirozi qachon barham topadi yoxud Ro‘ziqul Berdiyev bilan intervyu
“Nasaf” klubi atrofida yuz berayotgan bugungi voqealar hech kimni bee’tibor qoldirmayapti. Ayniqsa, “ajdarlar”ning moliyaviy tomondan jiddiy muammoga duch kelayotgani oxirgi paytlarda ko‘p gapirilyapti. Yurtimizda o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan “Nasaf” jamoasining bunday ahvolga tushib qolgani, albatta, achinarli. Bu klub odatda sovrindorlar qatoridan pastga tushmasdi. Ammo joriy mavsumda qarshiliklarning natijalari ham ko‘ngildagidek kechmayapti. Superliganing birinchi davrasidan keyin “Nasaf” hatto kuchli oltitalikka ham kira olmadi. To‘g‘ri, oldinda yana uchta davra bor, ammo chempionlik uchun kurashda da’vogarlar qatorida e’tirof etiladigan klubning o‘rtamiyonalar orasida borayotgani baribir kishini ajablantirar ekan-da.

Jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev yurtimizdagi obro‘li mutaxassislardan biri. U uch marta O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb topilganini yaxshi bilasiz. Ro‘ziqul Sa’dullayevich “Nasaf”ni odatda qiyin vaziyatlardan qanday olib chiqib ketishni yaxshi biladi. Boisi bungacha ham klubni bir qator yetakchilar tark etganida mahalliy yoshlar bilan qanday jamoa tuza olishini isbotlagan. Biroq bu safargi vaziyat avvalgilaridan ancha farq qiladi. Agar gap pul haqida ketsa, bu chindan ham ancha nozik masalaga aylanadi. “Nasaf”da so‘nggi yillarda mablag‘ bilan bog‘liq muammolar borligi haqida Berdiyev bir necha bor ta’kidlagandi, lekin bu safargi vaziyat ancha jiddiyga o‘xshab ko‘rinmoqda. Natijada qashqadaryolik muxlislar klubning keyingi taqdiridan havotir bildirib, bizga bir necha bor murojaat qildilar. Biz uchun esa o‘quvchilarning fikr va mulohazalari e’tiborga molik.

Sergey Kucherenko haqida

Yaqinda “Nasaf” klubi rahbariyatida o‘zgarish bo‘lganidan xabardorsiz. Bungacha klub bosh menejeri sifatida ishlab kelgan Shamil Yarulin ishdan bo‘shatilib, o‘rniga “Nasaf” klubi akademiyasi direktori lavozimida ishlab kelgan Sergey Petrovich Kucherenko tayinlandi. Xo‘sh, bu o‘zgarish klubdagi moliyaviy muammolarning bartaraf etilishiga qanchalik yordam beradi? Bu borada jamoa ustozi Ro‘ziqul Berdiyev SPORTS.uz saytiga shunday dedi:

- Sergey Petrovich Kucherenko bilan har doim uchrashib, gaplashib turamiz. Shuni aniq bilamanki, Kucherenko futbol odami. U bilan bir necha yillardan beri birga ishlab kelyapmiz. “Nasaf” akademiyasini muvaffaqiyatli tarzda boshqarayotgandi. Sergey Petrovichni yaxshi bilaman, futbolni yaxshi tushunadi. Lekin bu insonga ham homiylar yordam berishi kerak. Klub rahbariyatida o‘zgarish bo‘lgani bilan homiylarimiz moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlashmasa vaziyat yana og‘irlashib boraveradi. Agar moliyaviy yordam bo‘lmasa, Kucherenkoni tayinlashning nima farqi bor? To‘g‘ri, ushbu mutaxassis talabchan va yaxshi tashkilotchi ham hisoblanadi. O‘zi ham futbolchi bo‘lgani uchun hammasini yaxshi biladi. U ham vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishga harakat qilyapti.

O‘FAning talabi qayerda qoldi?

Ma’lumki, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mavsum boshlanmasdan oldin klublarning yillik byudjetini 25 milliard so‘m bo‘lishini shart qilib belgilab bergandi. Ammo klublarimizda buncha miqdorda pul yo‘qligi tobora ayon bo‘lib boryapti. Buni “Nasaf” misolida ko‘rib turibmiz. U holda O‘FAning klublarning oldiga qo‘ygan qat’iy talabi qayerda qoldi?

- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan klublarga yillik byudjet 25 milliard etib belgilandimi, demak, o‘sha miqdordagi pullar klublarga berilishi kerak, - deya mavzuni davom ettirdi Berdiyev. - Lekin men moliyaviy masalalarga javob bermayman. Sergey Petrovich qandaydir o‘zgarishlar qilishga harakat qilishi aniq. Uning o‘zi ham vaziyatni yaxshi tushunib turibdi. U tashkiliy masalalarni to‘g‘rilashga intiladi va yaxshi niyat qilamiz. Hozircha esa o‘zgarish yo‘q, faqat kutyapmiz. Men bu gaplarni matbuot anjumanlarida ham bir necha bor aytgandim. O‘zimiz ham vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishini kutyapmiz va agar bu masalada yangilik bo‘lsa, albatta, xabar beramiz.

Klubda inqiroz yuz berdimi?

“Nasaf” ayni paytda turnir jadvalida o‘ziga yarashmagan o‘rinda borayotganini bilsangiz kerak. Bunga sabab klub bir qator o‘yinlarda yutqazdi, qimmatli ochkolarni boy berdi. Ko‘pchilik esa jamoaning bunday muvaffaqiyatsizligini inqiroz boshlangani hamda mavjud moliyaviy muammolar bilan bog‘lashmoqda. Ammo bu borada gap ketganda Ro‘ziqul Sa’dullayevichning fikrlari boshqacha bo‘lib chiqdi.

- Oldingi o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizligimiz bu – inqiroz emas. Buning moliyaviy muammolarimizga ta’siri yo‘q. Shunchaki, biz 40 kun ichida deyarli bitta tarkib bilan 10 ta o‘yin o‘tkazdik. Bunday paytda har qanday jamoada toliqish bo‘ladi. Shuni hisobga olib “Neftchi”ga qarshi o‘yinimizdan keyin futbolchilarimizga ko‘proq dam bergandim. Ammo yana bir qator o‘yinchilarimizni terma jamoalarga olib ketishdi. Vaholanki, yigitlarimiz yaxshiroq dam olishsin deb ularga to‘rt kunga hordiq bergandik (kuladi). Odil Hamrobekov bilan Aziz G‘aniyev milliy terma jamoa bilan Eronga borib kelishdi. Doniyor Narzullayev bilan Islom Kenjaboyev esa olimpiya terma jamoasi yig‘inida qatnashishdi. Buning ustiga hozirgi paytda Superligadagi o‘yinlarning shiddati ham ancha o‘sdi. Albatta, “So‘g‘diyona”ga ham o‘z maydonimizda alamli tarzda yutqazib qo‘ydik. “Paxtakor” bilan uchrashuvning oxirgi 20 daqiqasida charchab qolganimiz bilindi. Shu bois “Paxtakor”ga kuchimiz yetmay qoldi.

Legionerlar sotiladimi?

Shuningdek, klubning hozirgi moliyaviy qiyinchiligidan kelib chiqqan holda legioner futbolchilarga boshqa klublardan qiziqish bo‘layotgani haqida ham ma’lumotlar bor. Ya’ni, “Nasaf” ushbu o‘yinchilarini sotish orqali ma’lum miqdorda pul ishlab olishni ko‘zlayapti, degan gaplar ham yo‘q emas. Bu masala bo‘yicha Ro‘ziqul Berdiyev o‘z munosabatini bildirdi.

- Jamoamizda moliyaviy tomondan muammolar bo‘layotgan paytda boshqa klublar legionerlarimizga taklif bilan chiqishyapti. Aslida bunday chaqiruvlarning bo‘lishi tabiiy hol. Lekin hali legionerlarni sotish va ulardan foyda ko‘rish kerak, degan oxirgi xulosa aytilgani yo‘q. Agarda jamoaning manfaati uchun o‘shalardan birini sotib moddiy tomondan foyda ko‘rish qaroriga kelsak, shundagina bunga ruxsat berishimiz mumkin. Baribir oxirigacha vaziyatning yaxshi tomonga o‘zgarishini kutib turamiz. - Jamoamizda moliyaviy tomondan muammolar bo‘layotgan paytda boshqa klublar legionerlarimizga taklif bilan chiqishyapti. Aslida bunday chaqiruvlarning bo‘lishi tabiiy hol. Lekin hali legionerlarni sotish va ulardan foyda ko‘rish kerak, degan oxirgi xulosa aytilgani yo‘q. Agarda jamoaning manfaati uchun o‘shalardan birini sotib moddiy tomondan foyda ko‘rish qaroriga kelsak, shundagina bunga ruxsat berishimiz mumkin. Baribir oxirigacha vaziyatning yaxshi tomonga o‘zgarishini kutib turamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Nasaf”ning moliyaviy inqirozi qachon barham topadi yoxud Ro‘ziqul Berdiyev bilan intervyu