15:38 / 15.07.2018
2 368

“Real” Ronaldusiz qanday ko‘rinish hosil qilishi mumkin?

“Real” Ronaldusiz qanday ko‘rinish hosil qilishi mumkin?
Portugaliyalik futbolchi La Ligadagi 9 yillik faoliyatidan keyin “Santyago Bernabeu”ni tark etdi. Madridliklarning oldida turgan muhim masala endi – Ronaldusiz qanday o‘ynash kerakligi ko‘ndalang turibdi. Quyida bu haqida mulohaza yuritamiz.

Krishtianu Ronaldu endi “Real Madrid” o‘tmishining bir parchasiga aylandi. Besh karra “Oltin to‘p” sohibi bu haftada “Yuventus” klubiga katta mablag‘lar evaziga ko‘chib o‘tdi. “Real” esa 2009-yildan beri birinchi bor jamoani usiz tuzishga majbur.

Portugaliyalik hujumchi to‘qqiz mavsumdan beri ispan klubining asosiy tarkibida o‘ynab keldi. “Manchester Yunayted”dan kelib qo‘shilganidan beri u tarkibning eng yirik yulduzi maqomida harakat qildi.

Ronaldu “qaymoqranglilar” uchun 438 o‘yinda 450 gol urishga erishdi. Bu vaqt oralig‘ida 16 sovringa ega chiqdi. Ular orasida Zidan qo‘li ostida besh mavsum ichida to‘rt marta ega chiqqan Chempionlar Ligasi sovrini alohida o‘rin tutadi.

Ammo Zinedin Zidan ortiq bosh murabbiy emas. U Kiyevda “Liverpul”ga qarshi bahsdan so‘ng klub boshqaruvini tark etdi va uning o‘rniga Ispaniya termasi boshqaruvidan Xulen Lopetegi olib kelindi.

Lopetegining dastlabki ishi endi Ronalduga munosib o‘rinbosar topish bo‘ladi. Yozda kim kelishidan qat’iy nazar, u juda katta obro‘ga ega bo‘lishi talab etiladi. Ronalduning 450 goli, Chempionlar Ligasida erishgan yutuqlarini uncha-muncha futbolchi to‘ldira olmaydi.

Shunga qaramay, madridliklar olg‘a qadam tashlashi kerak. Zero o‘tmishda Ronaldudan avval ham kuchli yulduzlar tark etgan. Bular sirasiga Alfredo Di Stefano, Pako Xente, Raul va boshqalar.

Demak, keyingi mavsum uchun “Real” tarkibi quyidagicha ko‘rinish hosil qilishi mumkin. Ronaldusiz o‘ynash qanchalik omadli chiqishini esa vaqt ko‘rsatadi.

Ronaldu rolida Neymar

Lopetegi 4-3-3 o‘yin sxemasida o‘ynashni yoqtiradi, agarda klub Ronalduning o‘rniga Neymarni olib kelishning uddasidan chiqsa, madridliklarning hujum uchligi dahshatli ko‘rinish hosil qilishi aniq.

Ronaldu ko‘p vaqtini markaziy hujumchi pozitsiyasida o‘tkazgan bo‘lsada, u chap qanotdan hujumga qo‘shilishni yoqtiradi. Bu esa “PSJ” vakilining ham eng sevimli ampluasi hisoblanadi.

Neymar to‘rt mavsum kataloniyaliklar safida aynan chap qanot hujumchisi vazifasida o‘ynadi. Milliy terma jamoasida ham aynan shu pozitsiyada harakat qiladi. Xullas, Neymar Benzema va Beyllar bilan kuchli uchlikni yaratishi mumkin. Lopetegida esa qo‘shimcha variantlar ham bor. U Isko, Marko Asensio va Lukas Vaskeslardan ham foydalanishi mumkin.

Mbappe o‘ngda, Beyl chapda

Kilian Mbappe Jahon Chempionatining kashfiyotlaridan biri bo‘ldi va u o‘tgan yozda “Real” imzolamoqchi bo‘lgan futbolchilardan biri. Biroq u o‘shanda Parijga ko‘chib o‘tishni ma’qul topgan edi.

Ronaldu jamoani tark etganidan keyin fransiyalik iqtidor egasi “Real”ga o‘tishi ehtimoli oshgan. 19 yoshli hujumchi madridliklarning o‘ng qanotidan o‘rin olsa, Garet Beyl o‘zining avvalgi pozitsiyasi – chap qanotga qaytishi mumkin. Beyl bu nuqtada “Tottenxem”da omadli ishtirok etgan. Biroq Madridda Ronaldu tufayli u o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur bo‘lgandi.

Azar davrani keng olishi mumkin

Ronalduning o‘rnini to‘ldirishi kutilayotgan navbatdagi iste’dod egasi bu Eden Azar. Belgiyalik futbolchi “qaymoqranglilar”da o‘ynash istagi borligini aytib, La Liga vakili mutasaddilarini o‘ziga jalb qildi.

“Chelsi” hujumchisi Londonda olti mavsum o‘tkazdi va uning qahramoni Zidan ortiq “Santyago Bernabeu”da bo‘lmasa ham, oldinga qadam tashlash vaqti kelganini tushunib yetgan ko‘rinadi.

Asensioga porlashiga imkon berish

Asensio dunyoning eng umidli yosh iqtidor egasi hisoblanadi. U klubda cheklangan o‘yin amaliyoti uchun munosib tarzda kurashib keldi.

Endi Ronaldu ketgach, 22 yoshli futbolchi uchun nazoratni qo‘lga olishning ayni vaqti. Lopetegi ham “Malorka” tarbiyalanuvchisining haqiqiy muxlisi. O‘tgan ikki mavsumda mos ravishda 10 va 11 gol urishga erishgan Marko o‘zining ko‘rsatkichlarini yaxshilashi kutilmoqda. Ammo u maydondagi o‘yin daqiqalarini orttira oladimi, hozircha biror nima deyish qiyin.
Erkinjon G‘aybullayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Real” Ronaldusiz qanday ko‘rinish hosil qilishi mumkin?