16:06 / 03.08.2018
2 855

Mirjalol Qosimov: "Hakamlarga insof bersin"

Миржалол Қосимов: "Ҳакамларга инсоф берсин"
Foto/championat.asia
"Bunyodkor" bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov "Qo‘qon-1912"ga qarshi o‘yindan keyin o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- "Qo‘qon-1912" jamoasini haqli g‘alaba bilan tabriklayman. Futbolni ikkita darvozaga o‘ynaydi. Bizning jamoa esa bir bo‘lim futbol o‘ynadi. Birinchi bo‘limda "Qo‘qon-1912" jamoasining harakatlaridan ularning maqsadi ko‘rinib turgandi. Biz esa kuch ishlatmay futbol o‘ynamoqchi bo‘ldik. Futbolchilar oson g‘alabaga erishishni o‘ylashdi. Bu esa bizni qiyin holatga tushirib qo‘ydi. O‘tkazib yuborilgan tezkor ikkita gol jamoamiz ruhiyatiga ta’sir qildi. Qisqa qilib aytganda, birinchi bo‘limda jamoamiz futbol o‘ynamadi. Keraksiz bahslar, tortishuvlar bilan shug‘allandik. Keraksiz joyda olingan kartochkalar va yakunda bu chetlatishga aylandi.

Tanaffusdan keyin o‘yinni o‘zgartirishga erishdik. Ammo bir kishi kam bo‘lib qolganimiz tufayli vaziyatni o‘nglay olmadik. Shuningdek, bir taym futbol o‘ynab natijaga erishib bo‘lmaydi. O‘yindan keyin futbolchilarga aynan shu xususida gapirdim. Futbolni o‘yin boshlanishi bilan toki hakam xushtagiga qadar o‘ynash lozim. Mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqaramiz. Kamchiliklar borasida ishlaymiz.

Qolaversa jamoamiz yanada qiyin sharoitga tushib qoladi. Chunki bir necha nafar futbolchilarimiz terma jamoalar ixtiyoriga jo‘nab ketishadi. Qo‘l ostimda qoladigan futbolchilar bilan imkon qadar oldimizga qo‘yilgan maqsad sari intilishda davom etamiz.

Hakamlar? Ha, o‘yin davomida ko‘p marotaba hakamga e’tiroz bildirdim. Bu faqat bugungi bahsda emas, balki ko‘p bora takrorlanmoqda. Nima ham derdim, hakamlarga insof bersin. Hakamlarga qaraydigan qo‘mita bor, ular o‘zlari tegishli choralarni ko‘rishsa kerak. Biz esa futbolimizni o‘ynashimiz lozim. Hakamlar ham xato qiladi. Lekin shuni aytish kerakki, hakam xushtagi bilan juda ko‘p marotaba o‘yin tempini buzishga urindi. Shu asabga tegdi. Yana bir vaziyatda to‘p raqib futbolchisini qo‘liga tekkan bo‘lishi mumkin. Buni videotasmada ko‘rish kerak. O‘ylaymanki, "Referi-taym"da bu vaziyat bo‘yicha mutaxassislar izoh berishadi. Biz ham shu orqali penalti bormidi yoki yo‘qligini bilib olamiz.

Qur’ada Ravshan Ermatov bilan bo‘lar-bo‘lmasga xushtak chalib o‘yinni to‘xtavermaslikni gaplashib olingandi. Ermatovni o‘zi Superligada endi yevropa o‘yinlari singari yelkama-yelka kurashlarga qo‘yib berish, futbolchilarni har bir yiqilganiga xushtakni chalavermaslikni aytgandi. Bugun esa teskari holat kuzatildi. Bu esa o‘yin tempiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Nafaqat bizni, balki bu narsa futbol ko‘rish uchun kelgan muxlislarni ham g‘ashiga tegadi. Yevropada yelkama-yelka kurashlarga qo‘yib beriladi. Futbol bu kontaktlarga boy o‘yin. Buni murabbiylar ham futbolchilarga tushuntirib, o‘z klublarida targ‘ib qilishlari kerak. Simulyatsiya, sal teginsa ham yiqilaverish futbol sifatiga ta’sir qiladi. Muxlislarga jangovor kurash, keskinlik qiziq. Hakam esa xushtagini chalaverib o‘yin tempini tushirib yubordi. Yelkama-yelka urilish bu normal holat futbolda. Biz Superligada kurashlarga boy, jangovor futbol bo‘lishini aytgandik. Futbolni kurashsiz o‘ynab bo‘lmaydi. Bu narsa bora-bora terma jamoaga ham boradi.

Akrom Komilov? Futbol bu shashka emas. O‘yinda kontakt, agressiya bo‘ladi. Futbolni chin yurakdan o‘ynash kerak. Akrom Komilovga hozir kiyinish xonasida alohida gapirdim. Jamoani og‘ir vaziyatda qoldirish kerak emasligini tushuntirdim. To‘g‘ri, bu birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Ayniqsa terma jamoa futbolchisi jamoani qiyin sharoitda qoldirmasligi lozim. Muhimi, futbolchi bo‘lgan voqeadan o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarishi kerak. Shunchaki bu gaplar bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketsa, unda bu holat yana takrorlanaveradi. Bu birinchi yoki ikkinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Bu nafaqat butun jamoaning qilgan mehnati, balki oddiy klub ishchisi va xodimlarining ham mehnatini ko‘kka sovurishga teng. Futbolchi buni tushunib yetishi lozim. Kiyinish xonasida yaxshigina suhbatlashib oldim. O‘ylaymanki, kelajakda bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib harakat qiladi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: "Hakamlarga insof bersin"