18:48 / 23.08.2018
5 846

Alisher Usmonov “Paxtakor” homiysiga aylandi, Toshkentda 100 mln dollarlik yangi stadion quriladi (video)

Alisher Usmonov “Paxtakor” homiysiga aylandi, Toshkentda 100 mln dollarlik yangi stadion quriladi (video)
Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov “Paxtakor” klubini vasiyligiga oldi. Bu haqda “Oʻzbekiston 24” telekanalida namoyish etilgan hujjatli filmda maʻlum qilingan.

Filmda taʻkidlanishicha, ayni paytda “Paxtakor” klubi nizom jamgʻarmasining 80 foizi asli oʻzbekistonlik biznesmenga tegishli. Hozirgacha klubni rivojlantirishga 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritilgan.

“U futbolga juda katta umid baxsh etdi. Oxirgi bir yarim yil davomida «Paxtakor”da koʻp narsa oʻzgardi. Alisher Burxanovichning sharofati bilan deyarli barcha narsa – menejment, murabbiylar, jamoa falsafasi oʻzgardi. Hozir bizda bularning barchasi mavjud», - deydi filmda ishtirok etgan “Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladze.

Maʻlum qilinishicha, 1959 yilda qurilgan “Paxtakor” stadioni oʻrnida yangi arena qurilishi moʻljallanmoqda. Barcha qulayliklarga ega, FIFA talablari asosida buyod etiladigan zamonaviy stadionning loyiha qiymati 100 million dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan. “Muxlislarning qiziqishini ushlab turish uchun rejalar toʻliq oshkor etilmaydi”, - deyiladi filmda.

Hujjatli filmda Alisher Usmonovning fikrlari intervyusi ham keltirib oʻtilgan. “Oʻzbek ekanimdan gʻururlanaman. Bu mening ona yurtim ekanidan faxrlanaman. Oʻzbekistonga qanday foydam tegishi mumkin boʻlsa, men barchasini qilishga doim va istalgan daqiqada tayyorman. Oʻzbekiston, oʻzbek xalqi va uning prezidentiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman”, - deya taʻkidlagan 64 yoshli biznesmen.

“Paxtakor”ning sobiq hujumchisi Birodar Abduraimov investorning klubga qiziqishini quyidagicha izohlagan: “Alisher Burxonovichning oʻzi ham sportchi boʻlgan. Shu boisdan ham u «Paxtakor”ga shaxsan yordam bermoqda. Qolaversa, u bu jamoani juda yaxshi koʻradi», degan faxriy sport ustasi.

Eslatib oʻtamiz, avgust oyi boshida Usmonov Londonning “Arsenal” klubidagi oʻziga tegishli 30 foiz aksiyalarni 550 million funtga sotib yuborgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Alisher Usmonov “Paxtakor” homiysiga aylandi, Toshkentda 100 mln dollarlik yangi stadion quriladi (video)