09:02 / 28.08.2018
5 482

Respublikaning har bir mahallasida kamida bitta futbol maydoni boʻladi

Respublikaning har bir mahallasida kamida bitta futbol maydoni boʻladi
Mahallalarda futbol maydonlarini qurish uchun bepul asosda doimiy foydalanishga yer uchastkalari ajratiladi hamda mahalla aholisi kunning maʼlum vaqtida futbol maydonidan bepul foydalanishi mumkin boʻladi. Bu Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar yigʻinlarida sportning futbol turini yanada rivojlantirish hamda fuqarolar yigʻinlari raislarining oʻrinbosarlari — yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilarni moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorida koʻzda tutilmoqda.

Qarorga muvofiq, mahallalarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida zamonaviy futbol maydonlarini tashkil etish boʻyicha “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi amalga oshiriladi.

Tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari mahallalardagi futbol maydonlarini saqlash hamda yoshlar oʻrtasida futbol va boshqa ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtiradilar.

Qarorga berilgan ilovaga koʻra, futbol maydonlari va ularning mavjud holati yalpi xatlovdan oʻtkaziladi. Oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra tuman (shahar) hokimliklari tomonidan qarovsiz yotgan davlat mulki boʻlgan futbol maydonlarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlarga berilishi taʼminlanadi.

Mahallalarda futbol maydonlari qurilishini tashkil etish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilib, barcha mahallalarda futbol maydoni qurish istagida boʻlgan tadbirkorlar biriktiriladi.

2018-2022 yillarda barcha mahallalardagi futbol maydonlari zamonaviy qiyofaga keltiriladi, ular sport va oʻyin qurilmalari bilan jihozlanadi. Respublikaning har bir mahallasida kamida bitta futbol maydoni boʻlishiga erishiladi.

Bundan tashqari, fuqarolar yigʻinlari raislarining oʻrinbosarlari — yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilarning faoliyatini baholash va moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha har bir tuman (shaharda) komissiya shakllantiriladi.

Moddiy ragʻbatlantiriladigan maslahatchilar komissiya tomonidan tashkil etiladigan tanlov asosida aniqlanadi.

Tanlovda har bir tuman va shahardan uch nafardan gʻolib boʻlgan maslahatchilarga olti oy davomida eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida moddiy ragʻbatlantirish puli toʻlab boriladi.

Tanlov gʻoliblari yoshlar oʻrtasida futbol, ommaviy sport musobaqalari tashkil etilganligi, mahallalarda yoshlar, voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchiliklarning oldini olish, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan targʻibot tadbirlari, davra suhbatlari tashkil etilganligi, tuman (shahar) va hududiy miqyosda tashkil etilgan sport musobaqalari, koʻrik-tanlovlarda mahalla yoshlarining ishtiroki taʼminlanganligi hamda ularning erishgan yutuqlariga koʻra aniqlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Respublikaning har bir mahallasida kamida bitta futbol maydoni boʻladi