22:49 / 05.09.2018
2 963

Ektor Kuper: “Men futbolchilardan birinchi navbatda oʻz yurtini sevishni talab qilaman” (toʻliq matn)

Эктор Купер: "Мен футболчилардан биринчи навбатда ўз юртини севишни талаб қиламан" (тўлиқ матн)
Bugun “Milliy” stadion anjumanlar zalida Oʻzbekiston – Suriya oʻrtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda dastlab Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiy Ektor Kuper va jamoa sardori Odil Ahmedovlar qatnashishdi.

Ushbu matbuot anjumanini toʻliq hajmda eʼtiboringizga havola qilamiz.

“Hammaga salom! Terma jamoa bilan 22 avgustdan yigʻinga kirishdik, bu vaqt davomida avval aytib oʻtganimdek, asosan tanishuv jarayonini olib bordik. Ularni nafaqat futbolchi sifatida, balki shaxsan yuzma-yuz koʻrishib bilib olishga harakat qildim. Oʻtgan 10-12 kun vaqt oraligʻida ularning oldingi oʻyinlarini taxlil qilgan holda hozirgi jismoniy holatlarini tekshirib oldik.

Aytib oʻtish joiz, oʻyindagi baʼzi taktik sxemalarga oʻzgartirishlar kiritish kerak edi va biz bularni amalga oshirdik. Ammo bu hali hammasi emas, kelajakda oʻzgartirishlar davom etadi.

Yana bir gap, butun tarkib yigʻilib boʻldi deb ayta olmayman. Masalan ikkita legioner futbolchimiz (Janubiy Koreya birinchi divizionida harakat qilayotgan Shohruh Gadoyev va Sanjar Tursunov) 7 sentyabrda tarkibga qoʻshiladi. Bundan tashqari baʼzi futbolchilar, Ahmedov va Denisovlar kecha tarkibga kelib qoʻshilishdi. Ular hali terma jamoaga butunlay kirishib ketganlari yoʻq, ularga hali vaqt kerak. Denisov kechagi mashgʻulotlarda alohida shugʻullandi.

Yigitlar holatini baholash uchun ertangi oʻyinni koʻrishimiz kerak boʻladi. Suriya va Eronga qarshi oʻyinlardan soʻnggida biz ayrim xulosalarga kelishimiz mumkin.

Chaqirilgan oʻyinchilarga keladigan boʻlsak, bu holat hali oʻzgarishda davom etadi. Mahalliy chempionatda toʻp suradigan va legioner futbolchilarning oʻyinini koʻrib boraman, ularning jismoniy tayyorgarliklari va oʻyinlarini taxlil qilib boraman. Kelajakda hamma narsa boʻlishi mumkin, navbatdagi yigʻingacha katta oʻzgarishlar boʻlishi mumkin. Barchasini kuzatib boramiz, kelajakda tarkibda oʻzgarishlar kuzatilishi ehtimoldan holi emas”, - deydi Kuper.

Soʻngra Odil Ahmedov oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Avallom bor barchaga assalomu aleykum! Oʻtgan bayramlar bilan tabriklayman. Oldimizga qoʻygan maqsadimizga ushbu murabbiy bilan erishishga harakat qilamiz. Kuperga futbolchilar, muxlislar va futbol atrofidagi odamlarning barchasi yordam bersa, oʻylaymanki biz oʻz maqsadimizga erishamiz”, – deya gapni qisqa qildi Ahmedov.

Navbat savollarga yetib keldi.

– Bilamizki Ektor Kuper avvalgi jamoalarida himoyaga asoslangan futbol namoyish qilgan. Oʻzbekistonlik futbolchilar esa asosan toʻp nazoratiga asoslangan oʻyinda kuchli, toʻpsiz oʻyin uslubida esa jamoamiz qiynaladi. Oʻzbekiston terma jamoasini Ektor Kuper qaysi taktika asosida oʻynatmoqchi?

– Alohida taʼkidlashim kerak, ushbu termada avvallari faoliyat yuritgan har bir murabbiyning ishini xurmat qilaman. Hozir ishonch bilan bu murabbiy himoyada oʻynaydi, bunisi esa hujumkor oʻyin koʻrsatadi deb ayta olmaymiz. Bu maydondagi holatdan kelib chiqadigan jihat.

Oʻyinchilar bilan ishlab shuni bildimki, bu futbolchilarda texnika yaxshi. Toʻp bilan muomala qilish, bir-birini tushunish tarafdan oʻyinchilar yaxshi shakllangan.

Lekin ertaga siz juda katta oʻzgarish yoki moʻjizaga guvoh boʻlasiz deb ayta olmayman. Futbolchilar bilan 10-12 kun birga ishlagan boʻlsak, bu vaqt davomida katta oʻzgartirishlar kiritilmadi. Shu sabab, biz himoyadan oʻynaymizmi, yoki hujumkor oʻyin namoyish qilamizmi, buning barchasi vaziyatdan kelib chiqib yuz beradi. Men faqat himoyada harakat qilaman yoki faqat hujumkor oʻyin koʻrasiz deb ayta olmayman.

Biz bir oydan soʻnggina terma jamoaning qiyofasini koʻrsatishimiz mumkin. Ertangi oʻyinda koʻp gol urishimiz mumkin va siz shundan soʻng, mana Kuper kelib katta oʻzgartirishlar qilib yubordi, deyishingiz mumkin. Yoʻq, yoʻq! Aslo unday emas. Suriya va Eronga qarshi oʻyinlar sizlarga yakuniy xulosa bermasligi kerak. Bir oydan soʻng terma jamoaning qiyofasi haqida sal gapira olsak boʻladi. Hozirda katta oʻzgarishlar vaʼda qilolmayman.

– Avvalari Oʻzbekiston terma jamoasining oʻrtoqlik oʻyinlaridagi tarkibi rasmiy uchrashuvlarga borib butkul oʻzgarib ketardi. Kuper janoblarining aytishicha, futbolchilar kechikib kelishmoqda va qishdagi musobaqa ham FIFA kunlarida boʻlmaydi. Bu ketishda Osiyo chempionatiga tayyorgarlik nima boʻladi?

– Men oʻrtoqlik oʻyini boʻladimi yoki rasmiy uchrashuvlar, futbolchi tanlashda avvalom bor oʻyinchining jismoniy holatiga eʼtibor qarataman. Ularning chempionatdagi oʻyini va klubdagi harakatlari men uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Gapingizda jon bor. Oʻrtoqlik oʻyinlari nima uchun kerak? Bu oʻyinlar yangi futbolchilarni sinovdan oʻtkazishga xizmat qiladi. Unda natijani birinchi oʻringa qoʻyib boʻlmaydi.

Rasmiy oʻyinlarda natija birinchi planga chiqadi. Bilasiz har bir terma jamoada almashtirib boʻlmas 3-4ta futbolchi boʻladi. Garchi ular oʻrtoqlik oʻyinlarida qatnashmagan boʻlsalarda rasmiy oʻyinlarda albatta maydonga tushadilar. Bu faqat bizda emas, balki koʻp joyda odatiy holat.

Masalan, Odil Ahmedov – terma jamoaning eng kuchli oʻyinchilaridan biri. Ammo bir kun kelib uning oʻyinida pasayish yuz berishi mumkin. Uning oʻrnini yosh yoki hech kim kutmagan oʻyinchi egallashi mumkin.

Oldingi tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkin, hatto milliy chempionatda oʻz klubida asosiy tarkibda harakat qilmaydigan futbolchini ham terma jamoaga jalb qilishim mumkin. Shunday ekan, hozirdan tarkib aynan qanday koʻrinishda harakat qilishini ayta olmayman.

Savollar boʻldi, nimaga “Paxtakor”dan 5ta, “Lokomotiv”dan 10ta futbolchi taklif qilindi, deya... Men atayin klublarga qarab oʻyinchi olayotganim yoʻq. Misol uchun mana shu oʻyinchilarning holati meni qanoatlantirmoqda, shu sabab ularni taklif qildim. Xulosa qilib aytganda, biz futbolchilarning jismoniy holatidan kelib chiqib tanlaymiz.

– Siz bu yerda yangi odamsiz. Iloji boʻlsa ochiqchasiga aytsangiz, siz va OʻFA oʻrtasida qandaydir tushunmovchiliklar boʻldimi? Ochigʻini aytsak, bizning rahbarlar murabbiylarning yuqori darajadagi talablariga oʻrganmaganlar...

– Hozircha hech qanday muammo yoʻq. Sharoitlarni yaxshilab boramiz, bunga bizda imkoniyatlar bor. Ammo men kamchiliklarni sanab, biror narsa yetishmayotganidan nolimayman. Har doim imkoniyatlardan kelib chiqib ish yuritaman. Shu sabab, rahbariyat menga sharoit yaratib bera olmayapti deya olmayman. Hozircha barchasi qoniqarli darajada. Ammo bu bilan toʻxtab qolmay yanada yaxshilashda davom etishimiz kerak.

Men uchun hozirda federatsiyaning yaratib bergan sharoiti emas, futbolchilarning menga boʻlgan munosabati birinchi navbatda turibdi. Ilk xulosalarim boʻyicha, futbolchilar oʻzlarini kamtarona tutmoqdalar. Mashgʻulotlarda yaxshi ishlamoqdalar. Ammo bu doimiy shunaqa boʻladi deb xulosa chiqarmagan boʻlardim. Kelajakda barchasi koʻrinadi, futbolchi har doim shunday ter toʻkib ishlaydimi, yoki faqat yangi murabbiyga oʻzini koʻrsatish uchun shunday qilyaptimi...

Men futbolchilardan birinchi navbatda oʻz yurtini sevishni talab qilaman. Oʻz vatani shaʼnini munosib himoya qilishini soʻrab qolaman.

– Yaqinda olimpiya terma jamoasi Jakartada Osiyo oʻyinlarida qatnashib qaytdi. Siz ularning oʻyinini kuzatingizmi? Kelajakda ushbu tarkibdan terma jamoaga futbolchilar jalb qilinishi mumkinmi?

– Avval aytib oʻtganimdek, barchasi asta-sekinlik bilan boʻladi. Mashhur qoʻshiqda aytilganidek, “Despacito” (ispancha: asta-sekin – izoh UFF) hammasi sekinlik bilan amalga oshadi. Biz nafaqat 23 yoshlilar balki barcha yosh toifasidagi terma jamoalarni koʻrib chiqamiz.

Toʻgʻri hozir barchaning ogʻzida olimpiya terma jamoasi. “Yaxshi shakllangan terma jamoa”, “Oltin avlod”, “shular asosida terma jamoani shakllantirish kerak”, degan gaplar koʻp yangramoqda. Ammo hozir shuni aytishim kerak, bizning barcha eʼtibor mana shu ikkita oʻrtoqlik oʻyiniga qaratilgan. Ayni damda faqat mana shu yigʻinga chaqirilgan futbolchilar haqida oʻylayapman. Ammo kelajakda ularning ayrimlarini terma jamoaga jalb qilishimiz mumkin. Indoneziyadagi oʻyinlarni kuzatib bordim. Shuni aytishim mumkinki, U-23 termasi MTJni kuchaytira oladi.

Hozirgi chaqirilgan futbolchilarning ism-sharfini oʻrganib chiqishim uchun uch kun vaqt ketdi. Hozirda ularning barchasini yaxshi taniy olaman, lekin bu gapni olimpiya termasi haqida ayta olmayman.

– 22 avgustdan buyon mashgʻulotlar boʻlayotgan boʻlsa, ularning aksari jurnalistlar uchun yopiq boʻlmoqda. Yaʼni dastlabki 15 daqiqasi ochiq boʻlsa, undan soʻng jurnalistlar chiqarib yuborilmoqda. Aytingchi, bu sizning qaroringizmi yoki OʻFAnikimi?

– Avval qanday boʻlganini bilmayman. Ammo dunyo amaliyotida dastlabki 15 daqiqa jurnalistlar uchun ochiq boʻladi, keyin esa ulardan chiqib ketish soʻraladi. Biroq men sizlarda qanday boʻlishini bilmayman. Menga qolsa mana shu tizim yaxshi. Bu masalani yana oʻrganib chiqamiz.

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper: “Men futbolchilardan birinchi navbatda oʻz yurtini sevishni talab qilaman” (toʻliq matn)