18:17 / 07.10.2018
4 779

Nurmagomedov jangdan keyingi mojaroga izoh berdi (video)

Nurmagomedov jangdan keyingi mojaroga izoh berdi (video)
UFC jangchisi Xabib Nurmagomedov Konor Makgregorga qarshi gʻalabali jangdan soʻng oʻtkazilgan matbuot anjumanida yuzaga kelgan mushtlashuvga nima sabab boʻlganini maʼlum qildi.

«Men Nevada shtati sport komissiyasidan uzr soʻramoqchiman. Las-Vegasdan ham uzr soʻrayman. Bilaman, oʻzimni yaxshi tomondan koʻrsata olmadim. Ammo men ham oddiy odamman va nima uchun hozirda faqat men oktagondan chiqqanim muhokama qilinayotganini tushunmayapman.

Nima uchun hech kim mening dinim, mamlakatim va otamga qaratilgan gaplarni eslamayapti?

U Bruklinda avtobusga hujum qilgandi. U bir necha kishini oʻldirib qoʻyishiga bir baxya qolgandi. Bunga nima deysiz? Nega hozir hech kim bu voqeani eslamayapti? Nima uchun odamlar hozir faqat men qafasdan qanday sakrab chiqqanimni gapirishmoqda? Men tushunmayapman.

Otam meni kamtarlikka va odamlarga hurmat bilan munosabatda boʻlishga oʻrgatgan. Men aslida boshqachaman. Buni koʻpchilik, Kaliforniyada oʻtkazgan 7 yilim davomida bunga guvoh boʻlganlar tasdiqlashi mumkin. Ular aslida qandayligimni bilishadi.

Men odamlarga yuzlanmoqchiman... jurnalistlarga. Menimcha aynan ular bu oʻyinni shunday darajaga olib kelishdi. Bu oʻyinda treshtok (tresh-tok - raqibga hurmatsizlik) boʻlmasligi kerak. Kurashda hamma bir-birini hurmat qilishi kerak. Men avval ham aytgandim — bu oʻyinni oʻzgartirmoqchiligimni! Men jangchilar bundan buyon raqibi, uning otasi, dini haqida har xil bemaʼni gaplarni aytishini istamayman. Bular haqida yomon gaplar aytishingiz mumkin emas. Shaxsan men uchun bu muhim.

Boʻldi, yigitlar. Kelganingiz, kutganingiz uchun rahmat. Las-Vegas, yana bir bor kechir. Nevada, kechir. Qaytganimda otam taʼzirimni berishini bilib turibman, chunki... u shunchaki mening taʼzirimni beradi.

Yana bir gap. Sizlar Makgregor Putin bilan suratga tushganini koʻp muhokama qilgandingiz. Putin hozirgina menga qoʻngʻiroq qildi va mening gʻalabam bilan faxrlanishini aytib, meni tabrikladi. Eslaymizmi, men sizlarga aytgandim, 6 oktyabr kuni bu yerga kelib, barchasini oʻzgartirishimni. Buni uddaladim», — degan Nurmagomedov jurnalistlarga qarata.

7 oktyabr kuni tongda oʻtkazilgan UFC 229 turnirining asosiy jangida Xabib Nurmagomedov Konor Makgregorni 4-raundda boʻgʻish usuli bilan taslim etdi. Jang yakunida dogʻistonlik oktagondan sakrab chiqdi va irlandiyalik raqibining murabbiyi Dillon Dennisga tashlandi. Xuddi shu vaqtda uning jamoasi aʼzolari oktagon ichiga kirib Makgregorning oʻziga hujum qilishdi. Janjal politsiyachilar aralashuvi bilan toʻxtatildi.

Hozirda ushbu holat boʻyicha tekshiruv olib borilmoqda.

Oxirgi xabarlarga koʻra, qoidalarni buzgani uchun Xabib Nurmagomedov diskvalifikatsiya qilinishi va chempionlikdan mahrum qilinishi mumkin. Shuningdek, unga jang uchun toʻlanishi kerak boʻlgan gonorar tekshiruv yakunlangunicha muzlatib qoʻyilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nurmagomedov jangdan keyingi mojaroga izoh berdi (video)