02:00 / 14.11.2018
1 411

Santyago Solari «Real»ning xaloskorligiga yaraydimi?

Santyago Solari «Real»ning xaloskorligiga yaraydimi?
«Kamp Nou»dagi sharmandali mag‘lubiyatdan so‘ng Lopetegida «Real» bosh murabbiyi bo‘lib qolish uchun umuman imkoniyat qolmagan, shu bois ertasigayoq iste’foga chiqarilgandi. «Qaymoqranglilar» ishqibozlari Xulenni Florentino Peres prezidentlik qilgan davrdagi eng yomon murabbiylardan biri sifatida eslab qolishadi. So‘nggi 7ta o‘yindagi 5ta mag‘lubiyat, to‘plar nisbati - 4:13, 8 soat mobaynida gol urilmagani, Primera turnir jadvalidagi 9-o‘rin. Lopetegi «Real»ni aynan shunday holatda tashlab ketadigan bo‘ldi. Vaziyatni birinchi bo‘lib o‘nglash vazifasi esa 42 yoshli argentinalik mutaxassis Santyago Solari chekiga tushadigan bo‘ldi. Xo‘sh, bu murabbiy xaloskorlikni eplay olarmikan?

2000-2005 yillar mobaynida «Qirollik klubi» sharafini himoya qilgan Solari «blankos» safida jami 148ta uchrashuv o‘tkazgan. «Real» tarkibida ikki marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan, Qit’alararo kubok sohibiga aylangan va hattoki, Chempionlar Ligasi bosh sovriniga ega bo‘lgan. 2002 yili Santyago «Bayer»ga qarshi kechgan YeChL finalida 90 daqiqa to‘p surgan, uning jamoasi esa 2:1 hisobida zafar quchgandi. Solari chap qanot yarim himoyasida, Zayniddin Zidan va Luish Figu hamrohligida o‘ynagan.

Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin unga «blankos»ning o‘smirlar jamoasini shug‘ullantirish taklifi bilan chiqishgan. U yerda uch mavsum ishlagach, «Real» o‘rinbosarlarini qabul qilib olishga muvaffaq bo‘lgan. Mana, oradan ikki yil o‘tib, yetarlicha tajriba to‘plagan murabbiy asosiy jamoani vaqtinchalik boshqaradigan bo‘ldi. Ko‘pchilikning fikricha, Peres Antonio Konte bilan kelisha olsa, Solari «Kastilya»ga qaytadi, ammo bu voqealar rivojining yagona varianti emas. «Real» prezidenti murabbiylarga imkoniyat berishga o‘rgangan. Santyagoga ko‘p vaqt ajratilmasligi tushunarli, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Vaziyatni hoziroq tuzatish kerak, Solari buni uddalay olmasa, Peres «Qirollik klubi»ga boshqa nomdorroq mutaxassisni olib kelishdan boshqa chora topolmaydi.

Ayni payt Solarining holati mana bunday: La Liga reglamentiga ko‘ra, biror-bir murabbiy lavozimga vaqtinchalik tayinlansa, o‘sha klubda tegishli litsenziyaga ega mutaxassisni ushbu vazifaga to‘laqonli tayinlash uchun roppa-rosa 15 kun beriladi. Solarida shunday litsenziya bor. Demak, «Real» 13 noyabrda yo Santyagoni «vazifa bajaruvchilik»dan xalos qiladi yoki boshqa murabbiy olib keladi. Tayinlangan muddat ichida «qaymoqranglilar» to‘rtta o‘yin o‘tkazishlari belgilangandi - Ispaniya kubogida «Melilya» bilan (safarda), Primerada «Valyadolid» (uyda) va «Selta» (safarda) bilan, YeChLda esa «Viktoriya» (safarda) bilan. Aynan shu uchrashuvlarda Solari «Real»da muvaffaqiyatga erisha olishini isbotlashi lozim.

Hozircha yuqorida keltirilgan dast­labki ikkita bahsda «Qirollik klubi» g‘alaba qozondi. To‘g‘ri, taqvim oddiy emas, ammo juda qiyin deb ham bo‘lmaydi. E’tiborlisi, shu to‘rtta uchrashuvda qo‘lga kiritiladigan yutuqlar ham Florentino Peres uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Natija, albatta, asosiy faktor sanaladi, lekin prezident birinchi navbatda o‘yin sifatiga e’tibor qaratishiga shubha yo‘q.

«Jamoaga og‘ir vaziyatda keldim. Holat yengil emas, ammo biz uni o‘zgartirishga qodirmiz. «Real» futbolchilari - haqiqiy jangchi va g‘oliblar. Men yangi Zidanmanmi? Zayniddinni tinch qo‘ying. Ayni payt zavq-shavqga to‘laman, juda baxtliman. Maqsadim nima? G‘alaba qozonish», - dedi Solari o‘zining dastlabki matbuot anjumanida.

Zidan bilan solishtirishlari avvaldan kutilgandi. Fransuz ham 2000 yillar boshida «Real»da o‘ynagan. Solari xuddi Zayniddin kabi Florentino Peresning ishonchiga kirgan. Murabbiylik yo‘lining boshlanishi ham o‘xshash, axir Santyago ham aynan Zidan singari jamoani inqiroz davrida qabul qilib oldi. Faqat bitta farq bor - fransiyalik mutaxassis darhol bosh murabbiylikka tayinlangandi («vazifa bajaruvchi» qo‘shimchasisiz), Solari esa bu maqomga erishish uchun ko‘proq ter to‘kishi lozim. Argentinalik mutaxassis yoqtiradigan uslublar haqida gapiradigan bo‘lsak, u so‘nggi paytlarda «Real» tanlayotgan taktikalarni ma’qul ko‘radi - 4-3-3 va 4-4-2. Shuningdek, Santyago «Kastilya»da ko‘pincha 4-2-3-1 sxemasidan ham foydalanardi.

Havoda muallaq turgan yana bitta savol bor. Peres nima sababdan hozirgacha Konte bilan kelisha olmadi? To‘siqlar, aslida, ko‘p. Birinchisi - Konte Peresdan uzoq muddatli shartnoma, shuningdek, yangi hujumchi va markaziy himoyachi sotib olishni talab qildi. Nega aynan shu chiziqlar? Hammasi oddiy - Antonio o‘zi yoqtiradigan uch himoyachi taktikasini tanlashni allaqachon o‘ylab qo‘ygan. Demak, murabbiy muzokaralar payti o‘z so‘zida turib, bo‘sh kelmayapti. Bunday pozitsiya klub rahbariyati bilan ishonchli va mustahkam aloqalarni o‘rnatish nuqtai nazaridan unchalik yaxshi emas, biroq Konte shunday yo‘lni tanlagan ekan, unga qarshi biror so‘z deyishga ojizmiz.

Va ikkinchi muammo - murabbiyning «Chelsi» bilan munosabatlarida chala qolgan ishlari. Gap shundaki, Antonio hamon London klubi bilan shartnomani bekor qilmagan, mazkur omil «Real»dagi faoliyatini rasman boshlashiga to‘sqinlik qiladi. «Chelsi»ning shartlari mana bunday: agar italiyalik mutaxassis «aristokratlar» klubidan iste’foga chiqarilgani uchun belgilangan 10 million yevrolik tovon pulidan voz kechsa, londonliklar uni qo‘yib yuborishadi. Ushbu holat sababli tomonlarning o‘zaro muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.

Ayni payt Solari Kontening kelishidan xavotirlanmasa bo‘laveradi. Oldinda murabbiyni juda muhim bir hafta kutib turibdi va barchasi uning o‘ziga bog‘liq. Ochig‘ini aytganda, Santyagoda «Real»ning to‘laqonli bosh murabbiyi bo‘lish uchun imkoniyat ko‘p emas, ammo aynan shunday bosimning yo‘qligi unga Zidanning qahramonligini takrorlash imkonini berar?

Keling, yaxshisi, voqealar rivojidan ilgarilab ketmaylik-da, Xulen Lopetegi qoldirib ketgan muammolarni hal etishda Solariga omad tilaylik.

Manba: interfutbol.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Santyago Solari «Real»ning xaloskorligiga yaraydimi?