01:36 / 23.12.2018
3 603

Ikrom Aliboyev: «Yevrofutbolga yo‘l «Seul» orqali...»

Ikrom Aliboyev: «Yevrofutbolga yo‘l «Seul» orqali...»
O‘zbekiston Superligasining yakunlangan mavsumida «Lokomotiv» sharafini himoya qilgan va mamlakat chempioniga aylangan Ikrom Aliboyev bundan buyon faoliyatini legioner sifatida davom ettiradi. Iste’dodli yarim himoyachi Janubiy Koreyaning «Seul» klubi futbolchisiga aylanganidan ko‘pchilikning xabari bor, albatta. Ma’lumot o‘rnida ayt­sak, Aliboyev va «Seul» o‘rtasida tuzilgan shartnoma 2021 yilgacha amal qiladi va Ikrom ushbu koreys klubida to‘p surgan o‘zbekistonlik ikkinchi futbolchi bo‘ladi.

Unga qadar Server Jeparov ham «Seul» sharafini himoya qilgan. Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi 2010-2011 yillarda Janubiy Koreya chempioniga aylangan edi. Transfer amalga oshganidan so‘ng Jeparov Aliboyevga omad tilash barobarida u haqda juda iliq fikrlarni bildirdi. Qolaversa, bu transferdan «Lokomotiv» ham yaxshigina pul ishlab oldi.

Koreya matbuotidagi xabarlarga tayanadigan bo‘lsak, ushbu summa yarim million dollar atrofida ekan. Lekin bu borada rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q. Ayni paytda Aliboyev Antaliyada milliy terma jamoamizning o‘quv-yig‘in mashg‘ulotida ishtirok etyapti. Biz futbolchimiz bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik.

- Ikrom, avvalo legioner bo‘lganingiz bilan tabriklayman. Umuman, bu transfer qanday amalga oshdi?

- Tabrik uchun rahmat. Transferga kelsak, «Seul» haqidagi gap-so‘zlar asli Jakartada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlaridan so‘ng boshlangan edi. Koreys klubi tomonidan jiddiy qiziqish bo‘lsa-da, bu haqda matbuotda ma’lumot berilmagandi. Mavsum yakunlanishi bilan ular «Lokomo­tiv»ga rasmiy taklif jo‘natishdi. Jamoamiz rahbarlari, murabbiylar shtabi bu taklifni ko‘rib chiqishdi va rozilik berishdi. Shu tariqa men «Seul» klubi futbolchisiga aylandim.

- «Seul» sizga nimasi bilan ma’qul keldi?

- Bunday klubning taklifini o‘ylamasdan ham qabul qilsa bo‘ladi. Zero, bu jamoa nafaqat Janubiy Koreya, balki butun Osiyoda o‘z o‘rniga ega klub hisoblanadi. Koreya K-ligasi qit’amizning eng kuchli uchta chempionatidan biri. Boz ustiga, «Seul» orqali Yevropaga ketish ham mumkin. Endi hammasi o‘zimga bog‘liq. Maqsadim - yaxshi o‘yin ko‘rsatib, Yevropaning kuchli chempionatlariga yo‘l olish! Masalaning aynan shu tomonlarini o‘ylab, bu taklifga rozilik berdim.

- 2010-2011 yillarda bu klub sharafini Server Jeparov ham himoya qilgandi. U hatto Koreya chempioni ham bo‘lgan. Darvoqe, Server ijtimoiy tarmoqlar orqali sizga omad tiladi. Kelishuvdan avval u bilan maslahatlashmadingizmi?

- Ha, Server akaning so‘zlarini o‘qidim. Bundan juda ham xursand bo‘ldim. Fursatdan foydalanib, ularga rahmat aytaman. Jeparovning «Seul»dagi natijalarini takrorlashni istayman. Lekin hozircha u bilan maslahatlashishga ulgurmadim. Ammo, albatta, maslahatlashib olaman. Qolaversa, hozirda Koreyada Sanjar Tursunov va Shohrux Gadoyev ham faoliyat yuritmoqda. Tabiiyki, ular bilan ham aloqaga chiqaman. Umid qilamanki, bu futbolchilarimiz bilan Koreyada ko‘p bor uchrashamiz.

- «Lokomotiv» OChL guruh bosqichida ishtirok etadi. Shu ma’noda klub rahbariyati sizni osonlikcha qo‘yib yubormagandir?

- «Lokomotiv» bilan yana bir yillik shartnomam bor edi. Jamoam bu transferdan moliyaviy tomondan foyda ko‘rdi. Klubimiz mutasaddilari mening kelajagimni o‘ylab ham bu transferga rozi bo‘lishdi. Men bilan suhbatlashishdi, «Koreyaning ko‘zga ko‘ringan klubi bo‘lgani uchun rozilik beryapmiz, agar arab jamoalari chaqirganida yoki juda katta summaga sotardik va yo umuman qo‘yib yubormasdik», deyishdi. Shuning uchun ham klubimiz rahbarlariga alohida minnatdorchilik bildiraman. Sobiq jamoadoshlarimga OChLda omad tilayman. Ishonchim komil, albatta o‘rnimga yaxshi saviyali futbolchi olib kelinadi. Aytishadiku, almashtirib bo‘lmaslar yo‘q, deb! Bu jumla ruschada jarangli chiqadi (kuladi).

- Sir bo‘lmasa, transferingiz «Seul»ga qanchaga tushdi? Bizdagi norasmiy xabarlarga ko‘ra, 800 000 AQSh dollari deb eshitdik. Shu rostmi?

- Bu haqda aniq ma’lumotga ega emasman. Ikki klub o‘zaro kelishuvga erishgan, harqalay.

- Ikrom, yangi klubingiz bilan tanishishga ulgurdingizmi? Bosh murabbiy bilan muloqot ham bo‘lgandir?

- Koreys klubi mutasaddilari bilan ko‘rishib, tanishib oldim. Bosh murabbiy bilan ham taxminan bir soatlik suhbat bo‘lib o‘tdi. Juda ko‘p masalalarda gaplashib oldik.

- «Seul» so‘nggi mavsumni biroz omadsiz o‘tkazdi. Klub oldiga qanday vazifa qo‘yilgan ekan?

- Bu jamoa oldiga hamisha yuqori maqsad va vazifalar qo‘yib kelingan. Keyingi mavsumdagi mo‘ljal aniq - chempionlik! Ha, siz aytgandek, o‘tgan mavsum jamoada pasayish holati kuzatildi. Shunga qaramay, o‘tish o‘yi­nida Koreya K-ligasidagi o‘rnini saqlab qoldi. Bunday holat ba’zida kuchli jamoalarda ham kuzatiladi.

- Klubda sizdan boshqa legionerlar ham bormi?

- Bilishimcha, o‘tgan mavsumdagi legionerlar masalasida hali bir to‘xtamga kelishmabdi. Albatta, mendan boshqa xorijlik futbolchilar ham bo‘ladi. Legionerlar uchun qabul qilingan limitdan to‘liq foydalanilsa kerak, harholda.

- Til masalasida qiynalmaysizmi? Qayerda yashaydigan bo‘ldingiz?

- Tilmoch, ya’ni tarjimon xizmatidan 4-5 oy foydalanaman. Baribir, yangi muhitga moslashguncha ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Umid qilamanki, uzog‘i bilan yarim yildan so‘ng tarjimonning xizmatiga ehtiyoj sezilmaydi. Boshpanaga kelsak, «Seul» klubi tomonidan menga alohida uy ajratilishi haqida aytishdi. Demak, bu borada muammo bo‘lmaydi.

Server Jeparov Aliboyev haqida:

Aliboyev uchun xursandman. Chunki O‘zbekistondan qancha ko‘p futbolchi xorijga yo‘l olsa, bu futbolimiz va qolaversa, milliy terma jamoamiz uchun ham shuncha yaxshi bo‘ladi. Har bir futbolchi o‘zini legioner sifatida sinab ko‘rishni istaydi. Ikrom uchun shunday fursat keldi. Endi u imkoniyatdan unumli foydalanib qolishi kerak. Uni iqtidorli futbolchi deb hisoblayman. To‘g‘ri, maydonda biroz agressivroq, ya’ni «portlovchi» xarakterga ega. Lekin bu bir tomondan yaxshi. Yoshligimda men ham Ikromga o‘xshab jizzaki edim. Vaqt o‘tishi bilan bosilib qolganman. Men ham «Seul» bilan uch yillik shartnoma imzolagandim. Ko‘ryapsizmi, u bilan o‘ziga yarasha o‘xshash jihatlarimiz bor. O‘ylaymanki, Aliboyev Koreya chempionatida yo‘qolib qolmaydi

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ikrom Aliboyev: «Yevrofutbolga yo‘l «Seul» orqali...»
ePN