
Ertadan eʼtiboran barcha futbol shaydolarining diqqat eʼtibori BAA stadionlarida oʻtadigan qitʼa chempionatiga qaratiladi. Musobaqa odatdagidek mezbon jamoa ishtirokidagi oʻyin orqali start oladi. BAA - Bahrayn uchrashuvi bilan boshlanajak chempionatdan umidlarimiz nihoyatda katta. Garchi chempionat biz uchun kechroq boshlansada, finish ham startdagidek eng oxirida nasib qilishiga umid qilamiz. Yaxshi niyat.
Terma jamoamiz ruliga Ektor Kuper kelgach Osiyo Kubogiga qadar 6 oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushdik. Tayyorgarlik bosqichi toʻrtga boʻlindi. Avvaliga sentyabrda deyarli salkam bir oylik yigʻin tashkil etildi. Suriya va Eronga qarshi oʻrtoqlik oʻyinlari. Keyingi yigʻin oktyabr oyida tashkil etilib, unda KXDR va Qatar bilan oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻtkazdik. Soʻngra noyabrda Avstraliyadagi yigʻinda Livan va Janubiy Koreya bilan oʻrtoqlik uchrashuvlarida kuchimizni sinab oldik. Osiyo Kubogi oldidan yakuniy va hal qiluvchi tayyorgarlik bosqichi doirasida Turkiyada 2 haftalik yigʻin tashkil qilindi. Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz mazkur yigʻinda oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazmadi. Bu qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻri boʻlganini qitʼa chempionati koʻrsatib beradi. Hozircha avvaliga Kuper istagan, ammo jarohatlardan qochish maqsadida yakunda murabbiy nazorat bellashuvini rad etdi deyildi.
Oʻtkazilgan 6 oʻrtoqlik oʻyinlaridan ikkitasida gʻalaba (KXDR, Qatar), ikki durang (Suriya, Livan) va xuddi shuncha magʻlubiyatga (Eron, Janubiy Koreya) uchradik. Tarozi pallasi teng.
Demak, Osiyo Kubogiga qadar Kuper terma jamoamiz bilan tanishish, oʻz falsafasi va uslubini joriy qilishi uchun jami toʻrtta yigʻinni oʻtkazdi. Oʻrtoqlik uchrashuvlaridagi natijalar, oʻyin uslubi va boshqa jihatlar endi hech qanday ahamiyatga ega emas. Mazkur yigʻin va qilingan mehnatlar samarasini koʻrsatib beradigan va xolis bahoni berish imkoniyatini taqdim etadigan musobaqa eshik qoqmoqda.
Buyogʻiga musobaqa davomida, ayniqsa muhim chempionat oldidan terma jamoamizni qoʻllab-quvvatlash asosiy planga chiqadi. Ertaga boshlanajak musobaqa oldidan barcha birlashayotgan, jipslashib terma jamoamiz yutugʻini kutayotgan palla borgan sari yaqinlashmoqda.
Kuper oʻyinni himoyadan quradimi, qarshi hujum taktikasiga tayanib oʻynaydimi yoki uslubni oʻzgartirvoradimi farqi yoʻq, muhimi natija.
Kuper terma jamoamizga aynan natija koʻrsatishi uchun ham olib kelingan. Bizning yoʻlimizga doimo gʻov boʻladigan Janubiy Koreya, Eron, Yaponiya yoki Avstraliya kabi Osiyo gigantlarini taslim etish uchun ham olib kelingan janob Kuper. Aynan mazkur ogʻir vazndagi raqiblar qarshisida “yoʻqolib” qolmasligimiz uchun ham Kuper tajribasi, malakasi va bilimiga tayanishga toʻlaqonli haqlimiz.
Oʻrtoqlik oʻyinlari, uslub va boshqa jihatlarini oʻsha paytda yetarlicha tahlil va kerak boʻlsa tanqid qilindi. Avstraliyada boʻlib oʻtgan Livanga qarshi nursiz oʻyin va Janubiy Koreyadan uchralgan magʻlubiyat ham aslida aldamchi holat boʻlishiga juda ishongimiz keladi. Ich-ichimizdan shunga umid qilamiz.
Kuper kelganidan soʻng matbuot anjumanida aytgan terma jamoamizning qiyofasini aynan BAA maydonlarida boʻladigan yirik musobaqada koʻraylik! Osiyo Kubogi terma jamoamizning yangi va raqiblar uchun qoʻrqinchli boʻladigan qiyofasini taqdimot marosimiga aylanishiga umid qilamiz!
Manba: championat.asia “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar