11:28 / 10.01.2019
2 523

Individual mahorat effekti

Individual mahorat effekti
Ikkita himoyadan o‘yin quruvchi jamoalar ishtirokidagi bahsning dastlabki daqiqalari ancha sokin boshlandi. Ummon nisbatan ko‘proq hujumga o‘tishga intildi va buni ilk daqiqalarda yaxshi uddaladi.

Asosan qarshi hujumni xush ko‘ruvchi Ummon to‘pni bizga topshirib, ikki qavatli himoya tashkil etgan holda raqibni o‘z jarima maydonida kutib olishni ma’qul ko‘rdi. Garchi to‘p asosan bizda bo‘lsada, jamoamiz pozitsion hujumni tashkil etishda anchagina muammolarga duch kelayotgani ko‘rinib turibdi. Hujumlarimizga joziba qo‘shib, keskinlik taqdim etishi lozim bo‘lgan Javohir Sidiqov katta o‘yinda hayajonlandimi yoki boshqa sababmi, uchrashuv fonida yo‘qolib qoldi. Markaziy hujumimizdagi yagona nominal "snayperimiz" Marat Bikmayev ham uchrashuvni deyarli to‘psiz o‘tkazdi.

Ummon birinchi bo‘limda o‘z darvozasi oldida ortiqcha xavfga duch kelmadi. Aksincha, Nesterov qo‘riqlayotgan darvoza oldida ikkita juda qulay imkoniyatga duch keldi. Biroq nafaqat o‘zbek futbolida, balki Osiyo Kubogi tarixidagi afsonaviy darvozabonga aylangan Nesterov o‘z rekordini qahramonlarcha rasmiylashtirdi.

Pozitsion hujumga o‘tishdagi muammolar, qanot orqali kerakli darajada xavf sololmayotgan pallamizda uchrashuvning 34-daqiqasida jarima zarbasi jonimizga oro kirdi. Bu vaqtga qadar darvoza tomon birorta zarba bera olmagan terma jamoamizning ilk nishoni golga aylandi. Ahmedovning mahorati tufayli "Sharja" stadionida tablo bizning foydamizga o‘zgardi - 1:0.

Goldan so‘ng Ummon endi qarshi hujum o‘ljasini pozitsionga almashtirishga majbur bo‘ldi. Buning natijasida biz ham himoyada yanada ko‘proq vaqt sarflashimizga to‘g‘ri keldi. Tanaffusga qadar Osiyo Kubogi rekordchisi Nesterov mardonavor seyv amalga oshirdi. Ignatiy Ummonni tanaffusga yaxshi kayfiyatda yo‘l olishiga rozi bo‘lmadi.

Ikkinchi taymda Ummon hujumkor ruhda, biz esa natija va murabbiy uslubidan kelib chiqqan holda odatiy himoyaviy o‘yinni davom ettirdik. Ummonning hujumlari asosan qanotlar orqali keskin tus oldi. Raqib bizdan jismoniy jihatdan va yakka kurashlarda ustunlik qildi. Lekin kecha Xayrulla Xoliqov ta’kidlab o‘tganidek, Ummonning kuchsiz tarafi - vaziyatlarni golga aylantirishdagi muammo bizning foydamizga ishladi. Qator urinishlar, o‘yindagi ustunlikni hisobda aks ettirish ularga nasib etmadi. Boshqacha aytsak, biznikilar ularga bu ishni amalga oshirishlariga to‘sqinlik qilishdi. Biroq uchrashuvning 78-daqiqasida Muhsin Al Gassani mudofaamiz ta’kibidan qochib ketib o‘z niyatiga erishdi - 1:1.

Shundan so‘ng terma jamoamiz qayta uyg‘ondi. Kuper zahira kuchidan foydalanishda negadir boshlang‘ich tarkibga kiritilmagan Shomurodov variantini tanladi. Bu o‘zgarishdan keyin Eldor ustozini uyaltirib qo‘ymadi. Balki yaxshi ma’noda uyaltirib, nega zahiraga qoldirgani uchun Kuperga savol tug‘dirgan bo‘lishi mumkin.

Kuper uchrashuvdan keyin birinchi bo‘limda Ummondan yaxshi o‘ynaganini, ikkinchi taymda esa raqib o‘yinini kuchaytirganini alohida ta’kidladi. Lekin birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham o‘yin nazorati to‘liqligicha Ummon tarafida bo‘ldi nazarimda. Kuper hisob va natijadan kelib chiqib shunday fikrga kelgandek tuyuldi. Va u haq aslida. Chunki g‘oliblar muhokama qilinmaydi, degan gap bor.

Bizning ustunligimizni ta’minlagan jihat sanoqli vaziyatlarni golga aylantirganimiz. Ya’ni Ummonga yetishmagan jihat shu kuni bizda kuzatildi.

Pim Verbek ham zahirada adashmadi. U tushirgan futbolchi hisobni tenglashtirdi. Kuper esa javoban Shomurodovni tushirdi va bu o‘zgarish ham ish berdi. Ammo bizning futbolchilarimizning individual mahorati shu kuni g‘alabamizni mustahkamladi.

Natija a’lo. Cho‘ntakda maksimal 3 ochko mavjud. Lekin o‘yin, ayniqsa to‘p nazorati va pozitsion hujumga o‘tishdagi muammolarni tuzatish lozim. Osiyo Kubogi endi boshlandi. Terma jamoamiz ko‘p ham hujumga o‘tmagani bois hujumdagi bog‘lamlar, kombinatsion o‘yin kutilgan darajada ijro etilmayapti. Turkmanistonga qarshi o‘yinda aynan shu muammoli tarafni jiddiy tekshiruvdan o‘tkazib olish zarur.

Yegor Krimetsning qizil kartochkasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, himoyachi raqibni quvib yetish imkoniyatiga ega bo‘lmagani bois ham ongli ravishda taktik folga qo‘l urdi. To‘g‘ri, Krimets uchun guruh bosqichi tugadi. Lekin umid qilamizki, himoyachimiz hali pley-off o‘yinlarida bizga as qotadi. Ya’ni, Krimetsning o‘sha vaziyatdagi qarori o‘zi uchun ziyonga, ammo jamoa manfaatiga ishladi.

Nesterovning qahramonligi, terma jamoamizdagi ikki legionerlarimizning - Ahmedov va Shomurodovning mahorati bizga samara keltirdi.

Terma jamoamiz o‘yinida Kuperning imzosi yo‘q, degan fikrga qo‘shilmayman. Aynan chuqur himoya orqali o‘yinni qurayotganimiz janob murabbiyning uslubiga monand imzo aslida. Ammo bu imzo qaysi raqiblar bilan ko‘proq qo‘l keladi va qanchalik naf keltirishi bahsli masala. Menimcha, bugungi bahsda murabbiylar shtabi jamoamizning to‘liq potensialidan foydalana olmadi.

Muhimi, musobaqa terma jamoamiz uchun omadli boshlandi. Buyog‘iga qiyin va jiddiy o‘yinlar bizni kutmoqda. Shu boisdan ham har doim futbolchilarimizning individual mahoratiga emas, jamoaviy o‘yinimizga tayanib o‘ynashimiz lozim. Kuper esa bu o‘yinni juda qisqa vaqt ichida takomillashtirib, o‘yindan-o‘yinga qo‘shib borishi kerak.

Bugungi g‘alaba va o‘yin oxiridagi xarakter uchun butun MTJga rahmat! Aynan xarakter va natija bizni quvontirdi.
Shahboz Beg‘amov

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Individual mahorat effekti