11:15 / 17.01.2019
2 542

Yuriy Sarkisyan: «Asosiysi - natija»

Yuriy Sarkisyan: «Asosiysi - natija»
O‘zingizga ma’lum, yaqinda Toshkentning «Bunyodkor» klubida bir qator o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jumladan, klub bosh direktori Murod Aliyev o‘rniga Ulug‘bek Mirzayev tayinlandi. Jamoa bosh murabbiyi lavozimi esa tajribali mutaxassis Vadim Abramovga topshirildi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, klubning yangi ustoziga Shuhrat Maqsudov va Yuriy Sarkisyanlar yordam beradigan bo‘lishdi. «Bunyodkor»dagi islohotlar, albatta, ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortadi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, ayni paytda yurtimizdagi deyarli barcha futbol ishqibozlarining nigohi BAAda o‘tayotgan navbatdagi Osiyo kubogiga qaratilgan. Turkmanistonliklarga qarshi bahs oldidan biz Yuriy Vazgenovichni suhbatga tortdik.

- Yuriy Vazgenovich, suhbatimiz avvalida «Bunyodkor» jamoasidagi o‘zgarishlar borasida to‘xtalib o‘tsangiz...
- Futbolga befarq bo‘lmagan barchaning xabari bor, klubimizda jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Deylik, klub rahbariyati o‘zgardi, jamoa murabbiylar shtabida yangi mutaxassislar, jumladan, oldin men bilan birga «Neftchi»da faoliyat yuritgan Vadim Abramov, shuningdek, farg‘onaliklar tarkibida futbolchi bo‘lib o‘ynagan, so‘ngra «Neftchi»da menga muntazam yordam bergan Shuhrat Maqsudov ish boshlashdi. Shuningdek, «qaldirg‘ochlar» tarkibiga iqtidorli yosh futbolchilar jalb etildi. Ushbu o‘yinchilar yangi mavsumda o‘z mahoratlarini namoyish etib, «Bunyodkor»ning muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo‘shishadi, degan umiddaman.

- Bizga ma’lumki, «Bunyodkor»da jamoaning sobiq futbolchisi Sergey Simonenkodan qarzdorlik borasida muammo yuzaga kelgan. Bu esa tabiiyki, ko‘plab ortiqcha qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Sizningcha, noqulay vaziyatdan chiqib ketishning yo‘li bormi?
- Umid qilamizki, yangi rahbariyat mazkur muammoni ijobiy tarzda hal etadi hamda klubimiz yangi mavsumda Superligada munosib ishtirok etish uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Menimcha, ayni paytda klub mas’ullari mazkur muammo ustida izlanishyapti.

- Barchamizning diqqatimiz markazida turgan Osiyo kubogi-2019 musobaqasi haqida fikrlaringiz qanday? Mutaxassis sifatida mazkur qit’a chempionatining kutilmagan natijalari hamda milliy terma jamoamizning dastlabki o‘yini borasida nima deya olasiz?
- Osiyo kubogi-2019ning kutilmagan natijalari borasida nima deyishim mumkin? Har qanday jamoa maydonda raqib unga qanday imkoniyat berishiga qarab, o‘yin ko‘rsatadi. Shunday ekan, grand terma jamoalarning ham ba’zida mag‘lubiyatga uchrashi - tabiiy holat. Yirik musobaqada bunday kutilmagan sensatsiyalar bo‘lib turadi. Boisi, futbol yildan-yilga rivojlanib boryapti va buni deyarli barcha mamlakatlarda kuzatish mumkin. Milliy terma jamoamizning 1-turdagi ummonliklarga qarshi kechgan bahsi borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, asosiysi - natija edi. O‘sha uchrashuvda Ektor Kuper shogirdlari qanday o‘yin namoyish etishganidan qat’iy nazar, zafar quchishdi. Muhimi, shu.

- Siz 2000 yili Livanda o‘tkazilgan qit’a chempionatiga bosh jamoamizni olib borgandingiz. O‘sha birinchilik bilan taqqoslaganda, bu safargi Osiyo kubogida qanday o‘zgarishlar bor?
- Yuqorida ta’kidlaganimdek, futbol barcha mamlakatlarda rivojlan­yapti, o‘syapti. Ilgari futboli unchalik taraqqiy etmagan terma jamoalar bugunga kelib kuchli raqiblarga ham munosib qarshilik ko‘rsatishyapti. Buni mazkur qit’a chempionati tasdiqlamoqda. Bunga misol tariqasida avstraliyaliklarning Iordaniya termasidan mag‘lubiyatga uchrashgani hamda Xitoy termasining qir­g‘izistonliklar ustidan katta qi­yinchilik bilan g‘alaba qozonishganini keltirish mumkin. 2000 yilgi turnirdan buyon oradan ancha yil o‘tdi. Shuning uchun o‘sha musobaqani hozirgisi bilan solishtirish qiyin. Xullas, millionlar o‘yini jadal sur’atda taraqqiy topib bormoqda va rivojlanmoqda.
U.UMAROV suhbatlashdi.

Manba: interfutbol.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Yuriy Sarkisyan: «Asosiysi - natija»
[/banner_pushhouse