21:50 / 27.03.2019
3 346

Yevro-2020 saralashi haqida nimalarni bilamiz?

Yevro-2020 saralashi haqida nimalarni bilamiz?
21-27 mart kunlari Yevropada qitʼa chempionati uchun saralash bosqichining dastlabki 2 tur oʻyinlari oʻtkazildi. Bu safargi turnir, xususan saralash oʻyinlari ham biroz farqli boʻlib oʻtayotgani tufayli, aksariyat muxlislarda tushunmovchiliklar yuzaga kelgan boʻlishi tabiiy. Shuningdek, Millatlar Ligasi deb nomlangan yangi turnir tashkil etilgani va bu musobaqaning ham qitʼa chempionati saralashiga taʼsiri borligi koʻpchilikni chalkashtirdi.

Shuning uchun Yevro-2020 saralashi va ushbu musobaqaga Millatlar Ligasi orqali chiqish yoʻllari haqida tushuncha berib oʻtishni lozim topdik.

Avvalo, shuni taʼkidlash kerakki, 21 mart kuni boshlangan va dastlabki 2 turi nihoyasiga yetgan saralash bahslarining oldingilardan keskin farqi yoʻq. Faqatgina, saralash oʻyinlari odatdagidek, kuzda emas, yetti oy kechroq, bahorda boshlanganini eʼtirof etish mumkin.

Boshqa tomondan hammasi tushunarli, 10 guruhga boʻlingan jamoalar 20 yoʻllanma uchun davraviy tizimda kurash olib borishadi. Har bir guruhda dastlabki 2 oʻrinni egallagan terma jamoa toʻgʻridan-toʻgʻri qitʼa chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi.

Yevropa chempionatida 24 jamoa ishtirok etishi koʻzda tutilgan. Xoʻsh, 20 terma jamoaning qanday aniqlanishi tushunarli, xoʻsh, qolgan 4 yoʻllanma qanday tarzda oʻz egasini topadi?

Avvalgi formatda, mana shu guruhlarda keyingi oʻrinlarni egallagan terma jamoalar pley-offda toʻqnash kelib, 4 yoʻllanma egasi aniqlanardi. Bu safargi oʻzgarish shundaki, endi mana shunday pley-off saralash guruhlaridagi 3-oʻrin sohiblari oʻrtasida emas, Millatlar Ligasidagi gʻoliblar oʻrtasida boʻlib oʻtadi.

Shu oʻrinda Millatlar Ligasi haqida ham qisqacha eslatib oʻtamiz. Bu turnirda Yevropadagi terma jamoalar 4 (A, V, S va D) ligalarga boʻlingandi. A ligada eng kuchli terma jamoalar, V ligada reyting boʻyicha keyingi terma jamoalar va hokazo tarzda ligalar ajratilgandi. Har bir ligada 4tadan guruh boʻlib, 2018 yilning kuzida har bir guruhda gʻoliblar aniqlangan.

Demak, bir yildan soʻng, 2020 yilning mart oyida Millatlar Ligasi gʻoliblari, yaʼni, har bir guruhda 1-oʻrinni olgan jami 16 jamoa ishtirokida pley-off oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Masalan, A Ligasidagi 4 guruhda gʻolib boʻlgan 4 jamoa yarim final va final shaklida pley-off oʻyinlari oʻtkazishadi. Oʻyinlar uyda va safarda tizimida boʻlib oʻtadi. 4 jamoa ishtirokidagi mana shu mini turnirda gʻolib chiqqan terma jamoa Yevro-2020ʻga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi. Xuddi shu shaklda, V, S va D Ligalaridagi guruh gʻoliblari oʻrtasidagi pley-offlar yana uch ishtirokchini aniqlab beradi.

Bu yerda yana bir jihat bor. Masalan, Millatlar Ligasiga guruh gʻolibi boʻlgan terma jamoa oddiy saralash guruhidagi oʻyinlar orqali Yevropa chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritib boʻlishi mumkin. U holda, pley-offda uning oʻrniga shu Ligadagi keyingi terma jamoa pley-off ishtirokchisiga aylanadi. Agar masalan, A ligadagi jamoalarning hammasi Yevro saralashini muvaffaqiyatli yakunlashgan boʻlib, pley-offga jamoa topilmay qolinsa, qoʻyi Ligadagi jamolar bu oʻrinlarni toʻldiradilar.

Tasavvur qiling, A Ligadagi 12 terma jamoadan 10tasi oddiy saralash oʻyinlari orqali yoʻllanmani qoʻlga kiritib boʻlsin. Yana 2 terma jamoa pley-offda qatnashadi va ularga raqib sifatida qoʻyi ligadan 2 terma jamoa qoʻshiladi. Faqat, eʼtiborli tarafi shundaki, bu qoʻshiladigan 2 terma jamoa guruh gʻoliblari boʻlmasligi kerak. Chunki, guruh gʻolibi boʻlgan terma jamoa oʻz ligasidagi raqiblar bilan pley-offda oʻynashi mantiqan toʻgʻriroq. Agar guruh gʻolibi yuqori ligadagi pley-offni toʻldirish uchun tepaga chiqarilib, kuchliroq raqibga duch kelsa-yu, guruhda gʻolib boʻlmagan jamoalar osonroq raqiblar bilan oʻynashsa, adolatdan boʻlmasdi.

Darvoqe, Yevro-2020 final bosqichiga qurʼa 2019 yilning 30 noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Yaʼni, qurʼa paytida faqat 20 ishtirokchi aniq boʻladi, xolos. 2020 yilning mart oyida yuqorida tilga olingan pley-off oʻyinlari oʻtib olgach, pley-offda yoʻllanmani qoʻlga kiritgan 4 jamoa uchun qoʻshimcha qurʼa tashkil qilinadi.

2 tur natijalariga koʻra guruhlardagi vaziyat quyidagicha koʻrinish olgan:

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevro-2020 saralashi haqida nimalarni bilamiz?