
Tailand poytaxtida o‘tayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida erkaklar o‘rtasidagi yarim final bahslari yakunlandi. Unda O‘zbekiston terma jamoasining ushbu bosqichga yetib kelgan 6 vakilidan 5 nafari finalga chiqdi.
Kechki dastur janglarini o‘zbekistonlik bokschilardan Shukurjon Rahimov boshlab berdi. Rahimov, qolgan besh jamoadoshidan farqli ravishda, reytingi o‘zidan anchagina baland bo‘lgan jiddiy raqib – mo‘g‘ulistonlik Tsendbaatar Yerdenebatgaga qarshi ringga chiqdi. Yerdenebatga so‘nggi Osiyo o‘yinlarida Shunqor Abdurasulovni mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritgan va vazn toifasidan qat’i nazar havaskor ringda dunyoning eng kuchli bokschilaridan biri sanaladi. U Shukurjonni ochkolar hisobida yengib finalga chiqdi, Rahimov esa bronza medali bilan qaytadigan bo‘ldi.
Bu – O‘zbekiston terma jamoasining ikkinchi bronza medali bo‘ldi. Bunga qadar kunduzgi dasturda -69 kg vazn toifasi vakilasi Shahnoza Yunusova xitoylik Xong Gu bilan jangda mag‘lubiyatga uchrab, terma jamoaga dastlabki medalni taqdim etgandi.
Shundan so‘ng Bobo–Usmon Baturov (-69 kg) va Bahodir Jalolov (+91 kg) final yo‘llanmasi uchun janglarda mos ravishda hindistonlik Ashish hamda suriyalik Muhammad Mulayesdan ustun kelib, final yo‘llanmasiga ega chiqishdi.

Bobo–Usmon Baturov / Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Bahodir Jalolov / Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi
Shu tariqa, ertaga, 26 aprel kuni erkaklar o‘rtasidagi final bahslarida 10ta vazn toifasidan 5tasida o‘zbekistonlik bokschilar ringga ko‘tariladigan bo‘ldi. Bugun kunduzgi bellashuvlarda Nodirjon Mirzahmedov (-49 kg), Mirazizbek Mirzaxalilov (-56 kg) va Sanjar Tursunov (-91 kg) ham final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning qolgan vazn toifalaridagi vakillari – Hasanboy Do‘smatov (-52 kg), Shunqor Abdurasulov (-64 kg), Isroil Madrimov (-75 kg) va Dilshod Ro‘zmatov (-81 kg) o‘z ishtiroklarini chorak finalda yakunlashgan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar