date
views 3 144

Xayrulla Hamidov Samarqandning qal’asi mustahkam, eng zo‘r to‘qnashuv va temiryo‘ldagi to‘siq haqida (2-qism)

Xayrulla Hamidov Samarqandning qal’asi mustahkam, eng zo‘r to‘qnashuv va temiryo‘ldagi to‘siq haqida (2-qism)
Xabaringiz bor, kecha Superligada 8-tur o‘yinlari ortda qoldi. Unda kutilmagan natijalar bilan birga e’tiborni tortadigan holatlar ham kuzatildi. Bular haqida "Sport" telekanali sharhlovchisi Xayrulla Hamidov ijtimoiy tarmoqdagi o‘zining sahifasida "8-turdan keyingi xulosalarim" deya nomlangan maqolasini e’lon qildi.

Xayrulla Hamidov janubning uyg‘onishi, kutilgan hodisa, Qarshiga yaxshigina qarshilik va taqvimning farqi yo‘q jamoa haqida (1-qism)

SAMARQANDNING QAL’ASI MUSTAHKAM

DINAMO – AGMK – 1:0
Ha, tarkibi pro-liga bo‘lib yotgan “Dinamo” o‘z muxlislarini xursand qilishda davom etmoqda. Davron Fayziyev qo‘l ostidagi kamtar masalliqdan ajoyib taom tayyorlamoqda.

Samarqandliklarni Samarqandda hech kim mag‘lub eta olmayapti. “Navbahor” bilan kechgan dramatik o‘yindan so‘ng jamoa Andijonda yana bir dramaga qo‘l urgan, biroq baribir muxlislariga anchadan buyon g‘alaba taqdim etmayotgandi. Jizzax mag‘lub etilgan oqshomdan keyingi qurbon – AGMK. Olmaliq jamoasi o‘ziga kela olmayapti. Oradagi bitta g‘alaba Qosimov shogirdlari kayfiyatini yaxshilamadi. “Bunyodkor” va “Nasaf”dan qabul qilingan zarba juda og‘ir kelgan, shekilli...

“Paxtakor” stadioniga borishdan avval AGMK “So‘g‘diyona”ni qabul qiladi va muxlislar shu o‘yindangina uch ochko umid qilib turgan bo‘lishsa, ajabmas.

“Dinamo” esa, “Loko” bilan bellashishdan avval Buxoroga boradi, “Qizilqumni” qabul qiladi va Qo‘qonda o‘ynaydi. Fayziyev mana shu o‘yinlardan besh-olti ochko tortib olsa kerak.

ENG ZO‘R TO‘QNAShUV

PAXTAKOR – NAVBAHOR – 2:2
Eng zo‘r o‘yinni oxirida bermayotganimizga sabab bor, navbati kelganda aytamiz. Hozir esa, uchrashuvning o‘ziga to‘xtaladigan bo‘lsak, shunday bo‘lishi kutilgan edi: “Paxtakor” kuchliroq o‘yin ko‘rsatishi, “Navbahor” munosib javob berishi, muxlislar shovqin-suroni va hakamlar haqidagi qandaydir gap-so‘zlar...

Shaxsan men uchun Zokir Qodirov o‘yinni yomon boshqarmadi. To‘g‘ri, tizgin ba’zi vaziyatlarda qo‘lidan chiqib ketgandir, ammo “Paxtakor” stadionidagi bunday to‘qnashuvda kim ushlab tura oladi? Shuningdek, hakamning xato qarorlari o‘yin taqdiriga jiddiy ta’sir o‘tkazdi, deyolmayman. Penaltiga shubham yo‘q. Sariq kartochkalarni o‘z vaqtida berdi.

Aut... To‘g‘ri, yosh bola ham biladigan qoida. Biroq, bu qadar shovqinda insoniy faktor bilan ham xato qilishi mumkin. Ayniqsa, u golli vaziyatga aloqasi bo‘lmasa, jiddiy olish shartmas. Mayli, nima bo‘lganda ham Zokir Qodirov chetlatildi. O‘yin esa, muxlislar uchun turning ajib lahzalarini taqdim etdi. “Navbahor”ning kambeki bizga YeChLdagi ingliz klublarini eslatib yubordi. Namanganlik futbolchilarni o‘sha kambekka undagan muxlislari bo‘ladi. Shularning haqqi-hurmati Kanchelskis shogirdlari irodali futbol ko‘rsata olishdi. Kasyan va O‘runov raqib jamoasi yulduzlari darajasida o‘ynab berishdi. Ochig‘ini aytganda, natija o‘yinga mos bo‘ldi. “Navbahor” hisobni tenglashtira olgani uchun ham yutqazishga haqqi yo‘q edi.

Keyingi turlarga qaraydigan bo‘lsak, “Navbahor” “Metallurg” bilan oson bo‘lmagan o‘yin o‘tkazadi va so‘ng vodiy derbisida “Andijon”ni qabul qiladi. Uydagi ikki o‘yinda katta sahnada yana namanganlik muxlislar, shubhasiz...

TEMIRYO‘LDAGI TO‘SIQ

METALLURG – LOKOMOTIV – 0:0
Ha, “Lokomotiv” peshqadamning ochko yo‘qotganidan unumli foydalanishi kutilgan edi. Biroq, “Metallurg” doimgidek tishini ko‘rsatdi. Uchrashuvning bir soatini temiryo‘lchilar bir o‘yinchisiz o‘tkazishdi. Hisob ochilmadi natijada. Fyodorov shogirdlari “Paxtakor” bilan uch ochkolik farqni qisqartira olishmadi. Keyingi turlarda mamlakatimiz chempioni o‘yini bilan ko‘pchilikning suyuklisiga aylanib qolgan “Bunyodkor” va “Nasaf” bilan bahs yuritadi. Bekobodliklar esa, Namanganga tashrif buyurishadi. Kanchelskis jamoasi bilan bir ochkolik farq borligini hisobga olsak, 9-turda ko‘proq o‘sha bahsga e’tiborimizni qaratamiz. Zo‘rroq o‘yinlar oldinda, shekilli?!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xayrulla Hamidov Samarqandning qal’asi mustahkam, eng zo‘r to‘qnashuv va temiryo‘ldagi to‘siq haqida (2-qism)