Endi Ruis - shu kunlarda boks olami qahramoniga aylandi.
Yakshanba tongida ushbu meksikalik semiz bokschi sensatsion ravishda Entoni Joshuani nokautga uchratib, to‘rtta vazn toifasidagi yangi chempionga aylandi. Balki, Ruis og‘ir vazn toifasida o‘zgacha tana tuzilishiga ega bo‘lgan yagona bokschidir. Ammo, Endining fikricha ortiqcha vazn unga yordam beradi.
Joshua ustidan g‘alaba - superog‘ir vazn tarixidagi eng kutilmagan natija
Jang oldidan Endi Ruisga ishonganlar juda kamchilikni tashkil etardi. Ammo, sensatsiyani oldindan his qilganlar ham yo‘q emasdi. Ekspertlar Joshuani favorit hisoblagan bo‘lsalarda, bu borada ehtiyotkorlik bilan fikr bildirardilar. Hatto Eddi Xirn ham hayajonlandi.
Ruis jang davomida chempion uchun maksimal ravishda muammo yaratishga harakat qildi. Endining g‘alabasi og‘ir vazn toifasi tarixidagi eng katta sensatsiyalardan biridir. Har holda ushbu g‘alabani kutilmaganligi bo‘yicha "TOP 3"ga kiritsak bo‘ladi.
Og‘ir vazn toifasi tarixidagi eng kutilmagan natijalar:
1978 yil: Leon Spinksning Muhammad Ali ustidan g‘alabasi
1990 yil: Baster Duglasning Mayk Tayson ustidan qozongan g‘alabasi
2001 yil: Xasim Rahman Lennoks Lyuisni mag‘lub etgan
2019 yil: Endi Ruis Entoni Joshuani mag‘lub etdi
12 yoshida o‘zidan kattalarni do‘pposlagan bolakay
Endining bolaligida otasi katta-Endi kabi ikkita sevimli mashg‘uloti bor edi - boks va beysbol. Kichik Ruis 6 yoshida boks bilan shug‘ullanishni boshlagan. Ikki yildan so‘ng ota farzandi aynan ushbu yo‘ldan ketishi lozimligini tushunib yetgan. U o‘g‘lining birinchi murabbiyiga aylandi. "Uning uchta opa-singlisi bor. Bolaligidan ularning himoyachisi bo‘lishini aytardi. "Ota, men kuchli bo‘laman va yaqinlarimni hafa qilishlariga xech qachon yo‘l qo‘yib bermayman. Men chempion bo‘laman", - deb eslaydi katta Ruis.
O‘sha vaqtda Endiga ortiqcha vazn umuman ta’sir qilmasdi - u tezlik borasida nafaqat tengdoshlarini ortda qoldirardi...
Joshuaga qarshi jang oldidan katta Ruis bir voqea haqida esladi: "Men Endining salohiyatini bilardim. Chunki, u 12 yoshida 30 yoshli kishilarni do‘pposlagan. Politsiyachilar, qo‘shnilar Endi bilan sparring qilishni istashardi. Ammo, yakunda ular ringda nima qilishni bilmay qolardilar. O‘ylaymanki, Joshua bilan ham shunday bo‘ladi. U Endiga qarshi nima qilishni bilmay qoladi. Siz Endining tezligi va jigarga beradigan zarbalarini ko‘rganmisiz?". Guvohi bo‘lganimizdek, otada kelajakni oldindan ko‘ra bilish qobiliyati bor ekan.
Ruisning havaskor boksdagi natijasi ham yaxshi - 100 tadan ortiq g‘alaba va bor-yo‘g‘i 5 ta mag‘lubiyat. U 18 yoshida ikki marotaba Pekin Olimpiadasi litsenziyasi uchun harakat qilib ko‘rdi. Biroq, har ikki holatda ham mag‘lubiyatga uchradi. Yana to‘rt yil kutishni istamagan Ruis professional boksga qadam qo‘ydi.
Ortiqcha vazn halal bermaydi - u jahonning eng tezkor og‘ir vaznli bokschilaridan biri
Ruis umuman chempion bokschiga o‘xshamaydi - u ko‘proq kuniga 3-4 litr pivo bilan kechgacha tamaddixonada o‘tiradigan kishiga o‘xshaydi. U prof boksdagi debyut jangida 135 kg va 188 sm ko‘rsatkichga ega edi. "Ha men butun umrim davomida semiz bo‘lganman va bu menga umuman halal bermagan. O‘ylaymanki, zarba vaqtida bu menga yanada tezkorlik bag‘ishlaydi. Og‘ir vaznda ko‘rinishga e’tibor qaratmagan ma’qul. Bu borada texnika eng muhimi", - dedi Ruis.
U xatto ortiqcha vazn bilan ham raqiblarini qiyinchiliksiz mag‘lub etardi. 2014 yilga kelibgina u diyetolog bilan hamkorlik qilishni boshladi. Janglar oldidan 10-15 kg vazn tashlar va yanada tezkor sportchiga aylanardi. Masalan, u Joshuaga qarshi jang oldidan 121 kg tosh bosdi.
"Endi tezkor bokschi. Men Muhammad Alidan so‘ng og‘ir vazn toifasida bunday bokschilarni ko‘rmagandim. Ruisning qo‘llari juda tez. U shuningdek aql bovar qilmas kombinatsiyalarni amalga oshiradi", - degandi uning sobiq promouteri Bob Arum.
Ruis shirinliklarni yaxshi ko‘radi. Joshuaga qarshi jang oldidan ham matbuot anjumaniga snikers bilan keldi: "Yigitlar, mening vaznimga va tashqi ko‘rinishimga e’tibor bermang. Ha, men baqaloqman. Ammo, Joshua mendan ehtiyot bo‘lishi lozim. Menda unikidek tashqi ko‘rinish, press, mushaklar yo‘q. Ammo, mening zarbalarimni ko‘rganlar jim bo‘lib qolishadi. Ha, men snikersni yaxshi ko‘raman, bu bolalikdan qolgan odat.
Men qandaydir yaxshi ish qilsam, otam doimo menga snikers sotib olib berardilar. Men haliyam ularni yaxshi ko‘raman. Cho‘ntagimda doimo ushbu shirinlik turadi. Kayfiyatim tushgan paytda ham snikersdek xech narsa meni xursand qila olmaydi. Ular bilan shartnomam bormi? Yo‘q, men shunchaki ularni yeyishni yaxshi ko‘raman".
Ko‘rinishidan, snikers ishlab chiqaruvchilari chempionga shartnoma taklif qilishlari kerak. Qizig‘i, kechagi g‘alabadan so‘ng kompaniyaning tvitterdagi akkaunti bokschini tabrikladi.
Ruis superog‘ir vazn toifasidagi ilk meksikalik chempion
Ruis Kaliforniyada tug‘ilgan va o‘sha yerda yashaydi. Fuqaroligi ham amerikalik. Ammo, u o‘zini meksikalik deb hisoblaydi. Joshuaga qarshi jangdan so‘ng Endi otasining vatani bayrog‘ini ko‘tardi. Yana nima kerak: U tarixga kirdi - bungacha xech bir og‘ir vaznli meksikalik bokschi chempionlikni qo‘lga kiritmagan. Kris Arreola uch marta, Erik Molina ikki marotaba bunga urinib ko‘rgan. Ruis esa ikkinchi urinishda to‘rtta kamarni o‘ziniki qilib oldi.
Bundan tashqari, Lotin Amerikasidan bo‘lgan faqatgina bir bokschi og‘ir vaznda chempionlik kamariga ega chiqqan - Puerto-Rikolik Jon Ruis WBA kamari sohibiga aylangan (Ammo u Nikolay Valuyevga yutqazib kamarini boy bergan. Valuyevdan keyin esa Ruslan Chagayevga mag‘lub bo‘lgan - olamsport). "Men "Kanelo" kabi bo‘lishni istayman", - dedi Ruis. "U bilan bir necha marotaba uchrashganman - u menga omad tilagan. Men meksikalik jangchiman. Menda meksika qoni oqadi. Hozirgina tarixga kirdim va ushbu onlardan zavq olmoqchiman".
Aziz To‘xtamurodov tayyorladi
Manba : olamsport.com “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin