23:35 / 08.06.2019
2 440

Lyubinko Drulovich Misrga qarshi o‘yindan oldin nimalar dedi?

Lyubinko Drulovich Misrga qarshi o‘yindan oldin nimalar dedi?
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining tashabbusi bilan Misr olimpiya terma jamoasi O‘zbekiston olimpiya termasiga qarshi ikkita o‘yin o‘tkazish uchun yurtimizga yetib keldi. Dastlabki uchrashuv ertaga Andijondagi “Sog‘lom avlod” stadionida O‘zbekiston hamda Misr olimpiya terma jamoalari ishtirokidagi xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi.

11 iyun kuni esa Namanganda ushbu jamoalarning ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda Andijonda ushbu uchrashuvga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bungacha “Sog‘lom avlod” stadionida o‘tkazilgan O‘zbekiston U-18 hamda «Berlin» U-18 jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ham yuqori darajada tashkillashtirilgandi. Navbatdagi halqaro darajadagi uchrashuvga bo‘lgan qiziqish va e’tibor ham yuqori darajada deyish mumkin.

Andijonlik muxlislar esa har ikkala jamoa a’zolarini ko‘tarinki kayfiyat bilan qarshi olishdi. “Sog‘lom avlod” stadionida mahalliy ishqibozlar tomonidan bayramona muhit yaratilishi kutilmoqda. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich ham Misrga qarshi kechadigan bahsda muxlislarning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilmoqda. Ushbu mutaxassis mazkur bellashuv oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Misr terma jamoasiga qarshi o‘yin uchun Andijonga keldik, - deydi Drulovich. - Oldimizda esa ushbu raqibga qarshi ikkita o‘yin turibdi. Shuni aytishim mumkinki, bo‘lajak raqibimiz Afrikadagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Shunday ekan, ertaga bizni kuchli raqibga qarshi qiziqarli uchrashuv kutib turibdi.

Ertaga ijobiy natijaga erishish uchun harakat qilamiz va umid qilamanki, stadionga yig‘ilgan muxlislarni xursand eta olamiz. Buning uchun esa andijonlik ishqibozlar ham jamoamizni faol tarzda qo‘llab-quvvatlashlariga ishonaman. Qolaversa, tarkibimizda ajoyib futbolchilar bor va ular o‘z vaqtida Osiyo chempioniga aylanishgan. Bunday raqibga qarshi bahsda o‘zlarini ko‘rsata oladilar deb umid qilaman.

Umuman olganda, Misr terma jamoasi haqida ma’lumotlarga egamiz. Futbolchilarimiz ham ertaga qaysi raqibga qarshi maydonga tushishlarini yaxshi bilib turibdilar. Biz Misrning o‘yinlarini jamoaviy tarzda ham ko‘rib, tahlil qilib chiqdik. Ertaga muxlislarni qiziqarli to‘qnashuv kutib turibdi.

Tarkibimizda yo‘qotishlar yo‘q emas. Bir qator futbolchilarimiz milliy terma jamoamizga chaqirilishgan bo‘lsa, Islom Kenjaboyev bilan Jasur Yaxshiboyevda jarohatlar bor. Albatta, tarkibimizda yangi nomlar ham yo‘q emas. Bu o‘yin esa ular uchun o‘zlarini ko‘rsatishga bo‘lgan imkoniyat. Umuman aytganda, olimpiya terma jamoasida o‘zini ko‘rsatgan o‘yinchilar milliy termaga ham jalb etilmoqdalar.

O‘ylaymanki, tarkibimizdagi har bir o‘yinchi ham milliy termada to‘p surishni istaydi. Buning uchun esa ular o‘zlarini har tomonlama ko‘rsata olishlari lozim. Bu borada esa har bir futbolchimizda bunday imkoniyat bor. Oldimizda esa Osiyo chempionati musobaqasi turibdi. Asta-sekin ushbu musobaqaga tayyorgarlik ko‘rib boryapmiz. Hammasi rejamiz asosida davom etmoqda, - deya fikrlarini yakunladi, terma jamoamiz bosh murabbiyi.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Lyubinko Drulovich Misrga qarshi o‘yindan oldin nimalar dedi?