21:00 / 04.07.2019
3 265

Meksikalik qilichboz O‘zbekiston fuqaroligini oldi. U o‘z yurtidagi korrupsiyadan zada bo‘lgan

Meksikalik qilichboz O‘zbekiston fuqaroligini oldi. U o‘z yurtidagi korrupsiyadan zada bo‘lgan
Meksikalik qilichboz Paola Pliyego O‘zbekiston fuqaroligini oldi va endilikda xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston nomidan qatnasha boshlaydi. Bu haqda u Twitter mikroblogida ma’lum qilgan, deb xabar bermoqda Tribuna.uz.

24 yoshli atlet bunday qarorga kelishini Meksika Olimpiya Qo‘mitasidagi korrupsiya holati bilan izohlagan.

Ayni paytga kelib, Xalqaro Qilichbozlik Federatsiyasi rasmiy saytida Paola O‘zbekiston fuqarosi sifatida ko‘rsatilgan.

Tribuna.uz`ning mamlakat sportidan boxabar manbasi yaqinda bir murabbiy va uch nafar xorijlik sportchiga xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston sharafini himoya qilishi uchun fuqarolik berilganini tasdiqladi.

Manbaga ko‘ra, Paola Pliyego 2019 yilgi Jahon kubogida O‘zbekiston nomidan qatnashadi.

Pliyego 2016 yilgi Rio Olimpiadasiga qadar xalqaro miqyosda qator yutuqlarga erishib kelgan, ammo Braziliya poytaxtiga jo‘nab ketishiga uch kun qolganda doping bilan bog‘liq muammo tufayli olimpiya o‘yinlarida qatnasha olmay qolgan.

Wikipedia ma’lumotiga ko‘ra, Mexikoda tug‘ilgan Pliyego 2013/14 mavsumini Xalqaro Qilichbozlik Federatsiyasi (FIE)ning yosh sablyachilar ro‘yxatida 150 ochko bilan birinchi o‘rinda yakunlagan, o‘sha mavsumda yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan. Ya’ni Paola o‘z vaqtida sablya yo‘nalishida ayollar o‘rtasida jahonning birinchi raqamli yosh qilichbozi edi.

2014/15 mavsumida Paola Pliyego Satellit turnirida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2015 yilgi Pan Amerika chempionatida bronza, jamoaviy bahslarda esa kumush medal sohibasi bo‘lgan.

NewsBeezer`ning yozishicha, 2016 yilgi yozgi Olimpiada arafasida Pliyego topshirgan namunadan taqiqlangan modafinil moddasi topilgan. U buni rad etganiga qaramay, olimpiya o‘yilarida qatnasha olmagan. Oradan bir oy o‘tib, qayta tahlil o‘tkazilganda doping testi salbiy natija bergan. Biroq bu vaqtda Olimpiada yakunlanib bo‘lgan edi.

Bu xatolikdan so‘ng mazkur doping tahlilini o‘tkazgan, Meksika Jismoniy tarbiya va sport milliy komissiyasiga qarashli laboratoriyaning litsenziyasi bir yilga olib qo‘yilgan.

Shunga qaramay, Pliyegoning Meksika qilichbozlik federatsiyasi va Meksika Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati bilan muammolari barham topmagan. Mahalliy sport mulozimlari unga 2018 yildagi Markaziy Amerika va Karib mintaqasi o‘yinlarida qatnashishga izn berishmagan.

Natijada Paola Pliyego jahon chempionati va Olimpiadada g‘olib chiqish orzusiga O‘zbekiston bayrog‘i ostida erishishga qaror qilgan.

15 iyuldan Budapeshtda boshlanadigan jahon chempionati Pliyegoning O‘zbekiston terma jamoasidagi ilk turniri bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov 2008 yildan buyon Xalqaro Qilichbozlik Federatsiyasi (FIE) prezidenti hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Meksikalik qilichboz O‘zbekiston fuqaroligini oldi. U o‘z yurtidagi korrupsiyadan zada bo‘lgan