23:10 / 11.09.2019
3 207

Islom Ahmedov: "Maydonda futbolchilar bor-u, ammo jamoa yo‘q"

Islom Ahmedov: "Maydonda futbolchilar bor-u, ammo jamoa yo‘q"
Hozirgi paytda milliy terma jamoamizning mag‘lubiyati qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lyapti va turli bahs-munozaralar avjiga chiqyapti. Axir Osiyoda o‘rtacha saviyadagi raqib bo‘lgan, bizdan kuchsiz hisoblangan Falastinga mag‘lubiyatga uchraganimizni qanday tushunish mumkin? Ochig‘i, jamoamiz ko‘rsatgan o‘yin barchani tushkun ahvolga tushirib qo‘ydi. Shumi bizning o‘yin, biz jahon chempionatiga shunday o‘yin bilan chiqamizmi? Kuperni biz mana shunday o‘yin ko‘rsatishi uchun olib kelganmidik? Uning oldidagi asosiy majburiyat va maqsad jahon chempionatiga olib chiqish.

Ammo ikkinchi saralash bosqichining ilk o‘yinidayoq kuchsiz raqibga yutqazib tursa yomon alam qilar ekan-da va bundan buyog‘iga undan nimani kutishni ham bilmay qolasan ekan. Tabiiyki, bunday paytda jiddiy tanqidlar asoslidek tuyulmoqda. Ayniqsa, futbolni yaxshi tushunadigan, tajribali mutaxassislarning bildiradigan munosabatlari esa yanada qiziqarli ko‘rinishi mumkin. Yurtimizda ko‘zga ko‘ringan, tajribali mutaxassislarimizdan biri Islom Ahmedov bilan bog‘lanib, uning milliy terma jamoamizning sharmandali mag‘lubiyatiga qanday munosabatda ekanligi bilan qiziqdik.

«Kuperga tushunmadim»
- Jamoa o‘yinga har tomonlama tayyor emasdi, - deb gap boshladi Ahmedov. - Murabbiyning imzosi ko‘rinmadi. Vaholanki, tarkibda faqat eng yaxshi futbolchilarimiz bor edi. Lekin ular o‘yindan uzilib qolishdi, tashkiliy tomonlama ham o‘yinimiz yo‘q. Bu bizning jamoa emasdi, mutlaqo tanimadim. Bu yerda hamma savol bosh murabbiy va uning shtabiga. Jamoamiz Kuperning qo‘lida bir yildan beri shug‘ullanyapti. Mayli, Osiyo Kubogigacha uning ixtiyorida ikki-uch oycha vaqt bor edi, bu tushunarli. Kechirasiz, endi bir yil vaqt o‘tdi.

Sizga mutaxassis sifatida aytamanki, jamoamizda o‘yin yo‘q. Bir yil davomida murabbiy nima bilan shug‘ullandi? Falastin bilan o‘yindan keyin Kuper juda qiziqarli intervyu berdi. Bu birinchi o‘yin, oxirigacha ko‘raylik, keyin xulosa chiqaramiz deyapti. Iye, axir vaziyat shunday davom etsa, qanday qilib oxiri bo‘lishi mumkin? Bilasizmi, o‘yinni ko‘rib o‘zimni juda g‘alati his qildim. Bizning futbolchilarimiz yaxshi va sifatli o‘ynay olishadi.

Biroq O‘zbekiston uchun nihoyatda achinarli o‘yin bo‘ldi. Men o‘yindagi xatolar haqida gapirmoqchi emasman. Boya aytganimdek, umuman o‘yin yo‘q, himoyada ham, hujumda ham. Kim nima qilishni bilmayapti. Aslida barcha yigitlar bir-birini yaxshi tushunadi. Ammo Falastin bilan uchrashuvda bir-birini tushunishmadi. Falastin bizdan kuchliroq ko‘rindi. Vaholanki, ularning jamoasida biznikilarga o‘xshagan birorta yaxshi futbolchi yo‘q. Xo‘sh, bu vaziyatda yana kimga savol bo‘lishi kerak? Albatta murabbiyga.

Eldor Shomurodov Rossiya chempionatida avgust oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi, ammo Falastin bilan uchrashuvda umuman ko‘rinmadi. Yana kimga savol bo‘lishi kerak, tabiiyki bosh murabbiyga. Kuperdan jamoa bilan nima qilgani haqida so‘rash kerak. Bizda hamma o‘yinchining nomi bor, taniqli. Lekin maydonda ularni ko‘rganimiz yo‘q. Kuper bizga tushuntirsin. Afsuski, matbuot anjumanida bosh murabbiy futbolchilar aytganlarimni qilmadi deyapti.

Iye, bo‘lmasa ularni kim tayyorladi? Kim chaqirdi? Ulardan nimani talab qildi? Nimani o‘rgatdi? Ochig‘i, Kuperga tushunmadim, u Falastin bilan uchrashuvda nimani xohlaganini bilmadim. Himoyaviy o‘yinmi desam, himoya yo‘q. Hujumkor o‘yin desak, hujum ham yo‘q. Futbolchilar maydonda bor-u, ammo jamoa yo‘q edi. Biz esa guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqishimiz kerak. Ammo endi biz uch ochko yo‘qotdik va to‘plar nisbatimiz minus ikki.

«Rahbarlarimiz to‘g‘ri xulosa chiqarishadi»
- Kuper intervyusida hammasini aniq gapirdi. Oxirigacha shu yerda bo‘laman dedi. Futbolimiz rahbariyatida futbolni tushunadigan insonlar bor. Ular bu vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishadi. Hamma o‘yinni ko‘rdi. O‘ylaymanki, rahbarlarimiz professional darajada xulosa chiqarishadi. Agar shu ketishda bo‘lsa, biz uzoqqa bormaymiz. Bu yerda boshqa muammo bor. Ya’ni, Kuper bilan tuzilgan shartnoma. Uning oylik maoshi kichkina pul bo‘lmasa kerak, har holda. U oxirigacha ishlamoqchi bo‘lyaptimi, demak shartnomasi kuchli tuzilgan.

Qarang, Falastin murabbiyi o‘yinni yutgach, matbuot anjumanida yig‘lab yubordi. Bizning murabbiyimiz esa o‘yinchilarni ayblayapti. Kim futbolchilarni ayblayotgan bo‘lsa, u men uchun murabbiy emas. Men Falastinni va uning futbolchilarini hurmat qilaman. Ammo bizning Osiyoda o‘z joyimiz va o‘rnimiz bor. Ular O‘zbekistonni yutdi va bizdan kuchliroq o‘ynashdi ham. Biz o‘zimizning o‘yinchilarimizni va ularning nimalarga qodirligini ham yaxshi bilamiz.

«Barcha savollar murabbiyga»
- Bilasizmi, tarkibimiz ajoyib futbolchilardan tashkil topgan. Ularning soni 11 ta emas, 22 nafar. Futbolda hamma narsa murabbiyga tegishli. O‘yinchilarga achinyapman, ular hozir bu mag‘lubiyatdan keyin qanday kayfiyatda? Bunday o‘yindan keyin o‘yinchi o‘zidagi ishonchni yo‘qotishi hech gap emas. Shuning uchun hozir futbolchilarimizga qiyin. Falastinga qarshi o‘yindan oldin ular taniqli edi, uchrashuvdan keyin esa ularga bo‘lgan qizishlar tushib ketdi. Tayyorgarlikka ko‘p narsa bog‘liq.

Lekin savol tug‘iladi. Ular kim bilan ishlashyapti, kimning qo‘li ostida qanday yo‘nalishda harakat qilishyapti. Axir Falastinga qarshi bahsda yigitlarimiz futbol o‘ynashmadi. Axir biz o‘zimiznikilarni bilamiz-ku, qanday hujumkor futbol ko‘rsatishlarini. Bilmadim, ular o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rishgan? Afsuski, kuchsiz bo‘lgan Falastin bizdan ko‘ra kuchliroq o‘ynadi. Agar yaxshi o‘ynab yutqazsak bu boshqa gap.

Ammo kecha raqib kim edi va biz qanday o‘ynadik? Bu og‘riqli savol. O‘zini hurmat qiladigan murabbiy bunday o‘yin va mag‘lubiyatdan so‘ng ist’efoga chiqadi. Futbol tarixida esa bunga doir misollar ko‘p bo‘lgan. Men tanqid qilmoqchi emasman, shunchaki barcha savollar murabbiyga qaratilgan va ulardan javoblar olish kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Islom Ahmedov: "Maydonda futbolchilar bor-u, ammo jamoa yo‘q"