Nihoyat, uzoq kutilgan xabar rasman yangradi – Ektor Kuper iste’foga chiqarildi. Uzoq kutilganining sababi, bu haqida ancha oldin gap-so‘zlar tarqalgan, faqat masalaning moliyaviy tomoni, murabbiy bilan shartnoma shartlari yuzasidan muzokaralar o‘tkazilgani bois hal etish oson bo‘lmadi.
Ha, aynan mana shu jihat odamni xursand qiladi. O‘zimizning va chet ellik murabbiy o‘rtasidagi birinchi farqni namoyon etadi. Murabbiyni olib kelish ham, uni bo‘shatish ham qandaydir muzokaralar talab etgan – bu assotsiatsiyamizni ancha yuqoriroq standartlarda ishlashga majbur qiladi. Mazmunan «Bor yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma», deb masalan, bir murabbiyni haydab, ikkinchisiga telefon qilib, «Terma jamoani sen ol, klubingga o‘zim telefon qilib qo‘yaman» qabilida ishlashdan ko‘ra professionalroq. Bu uchun qancha pul ketgani, boshqa mavzu.
Ikkinchi farq, masalan, Kuper uchun tashkil qilib berilgan yig‘inlar, o‘rtoqlik uchrashuvlari va sharoitlarda. O‘FA uning barcha injiqliklarini ko‘targan, masalan hatto Turkiya mehmonxonalaridan birida yo‘q bo‘lgan muzni qayerdandir tashib olib kelishgan. Injiqlik deganim, bu ijobiy ma’noda. Agar bir murabbiyni terma jamoa boshiga olib keldingmi, uning talablarini yuz foiz bajarishga majbursan, aks holda u ham yuz foiz ishlamaydi.
Futbolchi vatanparvar bo‘lish kerak, to‘g‘ri, chunki masalan, maydonda qo‘shimcha kuch kerak bo‘lganda, bor imkoniyatni ishga solish kerak bo‘lganda, yurak ham zarur. Ammo murabbiylik boshqacha soha, aqliy mehnat. Murabbiy har qancha vatanparvar bo‘lsa, shunchalik aqli ortib ketmaydi. Professionalizm birinchi o‘rinda. Mahalliy murabbiyning bunday injiqliklarini ko‘tarishimizga shubham bor, O‘zbekistondagi hech qaysi murabbiy «mexmonxonaga qayerdan bo‘lsa ham muz topib keling» demaydi. Muz-ku mayli, umuman, mahalliy murabbiy O‘FAning bor sharoitlaridan kelib chiqib ishlashga majbur. Bu shuni anglatadiki, o‘zimiznikilar O‘FAning sharoitlarini bir bosqich yuqoriga ko‘tarishga sabab bo‘la olmaydilar.
Uchinchi farq. Chet ellik murabbiy barcha futbolchilar uchun xolis bo‘ladi. Kuperning dastlabki o‘yinlarini eslang, barcha futbolchilar tarkibga kirishga harakat qilgan, Javohir Odildan muhimroqqa aylanib qolgan, qandaydir ishonchsizlikdan asar ham yo‘q edi. To‘g‘ri, tarkib masalasida, ayniqsa, jurnalistlarning e’tiroziga sabab bo‘lgan tanlovlar bo‘lgan, Denisovni misol qilish kifoya. Ammo Denisov aynan murabbiyning futbol qarashlaridan kelib chiqib, chetlatilgani ham aniq. Chunki Kuper kelganida, Denisovni tanimasdi, to‘g‘rimi?
To‘rtinchi farq. Kuper futbolimiz tarixida eng ko‘p tanqid qilingan murabbiy bo‘ldi. Ha, Babayan yoki Qosimovni eslash mumkin, ularga nisbatan tanqidiy fikrlar ko‘proq bo‘lgandi, qo‘shilaman. Lekin aksariyat hollarda muxlislar va jurnalistlar tomonidan salbiy fikrlar yangragan xolos.
Biror futbol mutaxassisining televizorda yoki intervyuda chiqib Qosimovni yoki Babayanni tanqid qilganini eshitganmisiz? O‘zbekcha istiholami, boshqami, ko‘z ko‘zga tushadi, deb ko‘p mutaxassislar terma jamoa haqidagi fikrlarni o‘zlariga olib qolishar, terma jamoa o‘yini haqidagi fikr aytilmasdi. Kuperga kelganda, hammasi bemalol bo‘ldi.
Birinchidan, u baribir tushunmaydi, ikkinchidan, tushunsa ham, tanish emas, xafa bo‘lsa bo‘lar. Uchinchidan, o‘rganib qolgan, xafa bo‘lmaydi ham. Kuper Xayrulla Hamidovning uyiga ko‘ngil so‘rash uchun bordi, uch kun o‘tib esa, Xayrulla Hamidov u haqida bemalol tanqidiy fikrlarni bildirdi, iste’foga chiqishi kerakligini aytdi. Tabiiyki, chet ellik murabbiyning tanqidga bo‘lgan munosabati, biz jurnalistlarni ham chet ellikka aylantirib qo‘yishi bor gap.
Yana boshqa farqlar bor. Ba’zilarini sanadim va e’tibor bersangiz, aksariyat hollarda bu farqlar chet ellik murabbiyning ustunligini ko‘rsatadi. Bu nazariy jihatdan, albatta, ayrim holatlar bo‘ladiki, aynan bir pallada chet ellik murabbiydan ko‘ra, mahalliy mutaxassis jamoaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hozirgi holat kabi. Ammo zinhor, bugungi iste’fo «ana, chet ellik murabbiyni ham ko‘rdik, o‘zimiznikidan qo‘ymasin ekan» degan xulosani taqdim etmasligi kerak.
Agar kimdir, «O‘zimizning mutaxassis chet elnikidan yaxshiroq» desa, yuqorida men keltirganim kabi, mahalliy mutaxassisning yevropalik hamkasbidan yaxshiroq bo‘lishi haqida farqlarni keltirib o‘tishi shart. Abramovning Kuperdan ayni paytda yaxshiroqligi yoki Skolari o‘z vaqtida ko‘rsatgan natijadan ko‘ra, Qosimov muvaffaqiyatliroq bo‘lgani, hech narsani isbotlamaydi. Abramovning uslubi Kuperdan yaxshiroq, deyish mumkindir, ammo bu chet ellik-mahalliy solishtirmasi uchun umuman o‘lchov emas. Hamma o‘zbek murabbiy Abramov bo‘lmaganidek, chet ellik murabbiy faqat Kuperdan iborat ham emas.
Umuman, Osiyo miqyosida ham oling, qit’a chempioniga aylangan Qatarni kim boshqardi? Ispaniyalik murabbiy. O‘z vaqtida BAA, Bahrayn kabi terma jamoalarning kuchayishida mahalliy mutaxassislar muhim rol o‘ynamadimi? Yaponiya, Koreya, Eron, Avstraliyaning bugungi holatigacha kelishida gollandiyalik, portugaliyalik, germaniyalik murabbiylarning ahamiyati katta emasmi?
Go‘yoki Kuperning himoyaviy uslubi to‘g‘ri kelmagani, o‘zbek futboli hujumkor ekani haqidagi fikrlar men uchun g‘alati tuyuladi. Zamonaviy futbolni hujumkor va himoyaviy deb ajratish ham har doim u qadar to‘g‘ri emas, jamoa o‘sib, kuchayib borgan sari, to‘pni yaxshiroq nazorat qiladi, hujumkorlik o‘sib boraveradi. Bundan tashqari, biz Mourinoni olib kelgan Braziliya emasmiz-ku, to‘g‘rimi?
Superliga o‘yinlariga qarab, klublarimizning Osiyo Chempionlar ligasidagi qatnashishlariga baho bering – qaysi o‘yinlarda futbolimiz hujumkor? Nechtadan gol uryapti «Paxtakor» yoki «Lokomotiv» Osiyo maydonlarida? Ularni nega himoyaviy uslubda ayblamayapmiz? Ya’ni asosiy muammo tanlangan uslubdan emas, shunchaki, jamoaning kuchsizroq ekanidan, kutilganidek rivojlanmaganidan, deb bilaman.
Muvaffaqiyatsizlikning asosiy sabablari sifatida esa, quyidagilarni aytish mumkin.
Birinchidan, murabbiy har qanaqa ma’noda diktator bo‘lgan zamonda muvaffaqiyat qozongan yoshi kattaroq mutaxassislar bugungi instagram avlodini boshqarishda qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar. Asosan futbolchilar orasida «ulardan biri» bo‘la olayotgan Klopp, Zidan kabi yosh murabbiylar boshqaruvda samaraliroq ko‘rinyaptilar. Kuperning muvaffaqiyatsizligiga asosiy sabab shu, deyish mumkin.
Kuperning iste’fosi u jamoani yo‘qotib qo‘yganligi tufayli ro‘y berdi. Men har bir o‘yin yoki turnirdan keyin fikrlarimni yozib bordim. Chuqurlashish niyatim yo‘q. Ayb butunlay jamoada yoki Kuperda, demoqchi emasman. Umuman aybdor qidirish ham shart emas. Kuper ham yaxshi bo‘lishini istadi, lekin jamoa bilan aloqani yo‘qotdi. Bunday holatlar yanada professionalroq bo‘lgan Yevropada ham, ayniqsa, avvalgi avlod murabbiylari bilan sodir bo‘lib kelmoqda va ko‘pincha, iste’fo bilan tugayapti.
Ikkinchidan, yuqorida iste’foga chiqarish muzokaralari cho‘zilgani haqida yozdim-ku, tayinlanish jarayoni ham xuddi shunday, balki bir necha barobar uzoqroq va chuqurroq davom etishi kerak. Ya’ni O‘FA ma’lum bir murabbiyni tanlar ekan, o‘ziga yarasha strategiya bilan yondashishi talab etilardi.
Har bir murabbiyning ham ampluasi bor – ba’zilari tayyor yulduzli jamoani yaxshi o‘ynatadi, boshqasi yangi futbolchilarni kashf etib, avlodlar almashinuvini samarali amalga oshirishi mumkin, boshqasi motivator va hokazo. Terma jamoamizning ayni (o‘sha) paytdagi holati qanday vazifalarni taqozo qiladi, qanday murabbiyga muhtoj, bu haqida chuqurroq tahlil qilinishi lozim edi.
Esingizda bo‘lsa, terma jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan chet ellik murabbiylar ismlari oshkor qilingandi o‘shanda. Ro‘yxatda Bilich, Dalich kabi yosh murabbiylardan tortib, Keyrush, Kuper kabi nomlar uchragan. Ya’ni sanalgan o‘n nafar murabbiylar bir-biridan amplua jihatidan ham, uslub jihatidan ham tubdan farq qilardi. Demak, bundan O‘FA aslida terma jamoaga qanday murabbiy kerakligini aniq bilmagan, taniqli va tajribali nom qidirgan, deb xulosa qilish mumkin.
Albatta, O‘FAning aynan Kuperni tanlashi va balki Kuperning O‘zbekistonni tanlashida o‘ziga yarasha xatolik bo‘lganini aytish mumkin.
Uchinchidan, albatta, ob’ektiv sabablar ham bor.Masalan Osiyo kubogida jamoaning muhim bo‘lagi bo‘lgan Shukurovning, shuningdek Sidiqovning jarohat olishi. Bu futbolchilar bilan terma jamoamiz sal boshqacharoq ko‘rinishi va balki, Kuper o‘z rejalarini amaliyotga ko‘chirishda samaraliroq bo‘lishi mumkin edi.
Endi nima qilish kerak?
Kuperning yaxshi mutaxassis bo‘lganini tan olsam-da, iste’fo qarorini qo‘llab-quvvatlayman. Chunki yuqorida aytganimdek, agar jamoa va murabbiy o‘rtasida «ximiya» bo‘lmasa, hamma har tomonni ko‘zlab tursa, o‘z imkoniyatidan yuqori sakrab, tarixda bo‘lmagan natijaning qayd etilishi tugul, jamoa o‘z salohiyati darajasida ham to‘p sura olmaydi va kuchsiz jamoalarga yutqazishda davom etish mumkin. Terma jamoa klub emaski, bunday holatlarda tanlangan yo‘nalishdan voz kechmay, futbolchilarni almashtirib tashlansa yoki murabbiyga mosroq tarkibni yig‘sa. O‘FA oldida boshqa yo‘l qolmagandi, nazarimda.
Endi terma jamoaga mahalliy mutaxassislardan biri, katta ehtimol bilan Vadim Abramov tayinlanadi. Nafaqat Abramov, umuman bugungi holatda har qanday boshqa murabbiy ham vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishi tabiiy edi. Kim ko‘proq kuchaytirishi mumkinligi hisobga olinganda, Abramov varianti yaxshiroq ko‘rinmoqda. Lekin bu ham vaqtincha bo‘lishi ehtimol. Esingizda bo‘lsa, Babayan Mirjalol Qosimov o‘rniga kelib, vaziyatni o‘nglagandi. Lekin ma’lum vaqt o‘tib, uning jamoasi ham juda ishonchsiz o‘yin ko‘rsatishni boshlagandi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Kuper o‘rniga mahalliy murabbiyning tayinlanishi – vaziyatni o‘nglash uchun yagona to‘g‘ri qaror. Ammo mana shu o‘tgan so‘nggi bir yil o‘zimiznikilarning Kuperdan yoki mahalliy mutaxassislarning chet elliklardan yaxshiroq ekanini isbotlamasligi, shunday xulosaga kelib qolinmasligi kerak. Agar keyingi boshqaruv aynan shu fikrni o‘ziga doimiy prinsip qilib olsa, natijalardan qat’i nazar terma jamoa boshqaruvi yana orqaga ketishni boshladi, deb aytishim mumkin. Orqada esa, biz juda ko‘p marta borib qolgan tanish manzara bor.
Qahramon Aslanov
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi