21:36 / 30.09.2019
2 779

Kuperning ketishi va Abramovning kelishi qanday bo‘ldi? Ravshan Ermatov bilan intervyu

Kuperning ketishi va Abramovning kelishi qanday bo‘ldi? Ravshan Ermatov bilan intervyu
Xabaringiz bor sentyabr oyida O‘zbekiston terma jamoasida bosh murabbiy o‘zgardi.
Bir yil avval terma jamoamiz murabbiyi etib tayinlangan argentinalik Ektor Kuper bilan shartnoma bekor qilindi va uning o‘rniga "Bunyodkor" ustozi Vadim Abramov bosh murabbiyga aylandi. Mana o‘zgarishlar borasida barcha ma’lumotlarni olish maqsadida O‘FA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bilan suhbatlashdik.

- O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper iste’foga chiqarildi. Bu qaror qanday qabul qilindi?
- JCh-2022 saralashi doirasidagi Falastindan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng Ektor Kuper bilan ko‘rishdik va bu loyihani muhokama qildik. Muhokamadan so‘ng Kuper ham, O‘FA ham bu loyihani davom ettirishga to‘liq ishonch yo‘qlgini his qildik. Shu bois ikkala tomon o‘zaro kelishgan holda shartnoma bekor qilindi.

- Shartnomga asosan Ektor Kuperga katta miqdordagi tovon puli to‘lanishi haqida xabarlar chiqdi. Gap 5-7 million dollar haqida edi...
- To‘g‘ri shartnoma bekor qilingani uchun O‘FA bosh murabbiyga tovon puli to‘lashi kerak. Ammo siz aytganchalik katta summa emas. O‘FA bir hafta davomida murabbiy bilan muzokara natijasida tovon pulini ancha kamaytirishga erishdi. Tovon pulining aniq summasini ayta olmayman, sababi shartnoma bandlaridan biri buni taqiqlaydi.

- Falastin bilan o‘yindan keyin turli mish-mishlar, xabarlar chiqdi. Ammo O‘FA negadir hech qanday reaksiya qilgani yo‘q.
- Aytganimdek biz bir hafta davomida Ektor Kuper bilan muzokara olib bordik va barcha masala hal bo‘lishini kutdik. Shu bois muzokaralar vaqtida O‘FA ham, Kuper ham hech qanday bayonot bilan chiqqani yo‘q.

- Nima uchun aynan Vadim Abramov tanlandi?
- O‘sha paytda mutaxassislar tomonidan takliflar bo‘ldi, murabbiylar kengashi bilan maslahatlashdik. Muxlislar tomonidan turli fikrlar bildirildi, chet eldan yangi murabbiy kerak deganlar ham bo‘ldi, Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov kabi murabbiylarni taklif qilishdi. Agar chet eldan murabbiy olib kelsak bitta xato ustiga yana xato qilishimiz mumkin edi. Sababi o‘zbek futboliga begona bo‘lgan mutaxassis terma jamoamizni o‘rganishiga ancha vaqt kerak bo‘lishini inobatga oldik. Chunki 10 oktyabr kuni Yaman bilan o‘yinimiz bor. Vaqt juda oz edi.

Murabbiylar kengashi bilan maslahatlashgan holda tajribali, o‘z vaqtida terma jamoada ishlagan Vadim Abramov variantida to‘xtaldik. Unga yosh murabbiylarimizdan, terma jamoada 100dan ortiq o‘yinda maydonga tushgan, bir muddat milliy terma bosh murabbiyi bo‘lib ishlagan Timur Kapadze yordam beradigan bo‘ldi. Abramov va Kapadze bir-birini to‘ldirgan holda ishlashiga va yangi murabbiylar shtabining faoliyati omadli bo‘lishiga umid qilamiz. Biz ham, xalqimiz ham Jahon chempionatiga chiqishni xohlaymiz.

Umuman biz faqat terma jamoa haqida emas balki o‘zbek futboli kelajagi haqida o‘ylashimiz lozim. Futbolimizda aniq bir tizim, strategiya yo‘q. Aslida bugungi kunda qilinayotgan ishlar 5-6 yil avval rejalashtirilgan bo‘lishi kerak edi. Hozir O‘FA futboli rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganib chiqib, OFK, UYeFA, FIFA mutaxassislari bilan birgalikda qisqa 4 yillik hamda uzoq 8 yillik rejalarni tuzish ustida ishlab olib borayapmiz. Bunda asosiy e’tibor bolalar futboli, hududiy futbol assotsiatsiyalarining faoliyatini rivojantirish va viloyatlarda o‘tkazilayotgan musobaqalarni qayta tiklash, futbolning ommaviyligi, barcha terma jamoalarimiz, o‘smirlardan boshlab milliy termagacha bir xil uslubda futbol o‘ynashiga va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarga qaratiladi.

- Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘FA O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar uchun translyatsiya huquqini yana o‘ziga qaytarib olibdi. Shu haqida batafsil va aniq ma’lumot bera olasizmi?
- O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarda media, translyatsiya va tijoriy huquqlar to‘lig‘icha, 2025 yilga qadar xorijiy kompaniyaga sotib yuborilgan ekan. Ushbu kompaniya yiliga O‘FAga juda ham kichik summani to‘lab kelayotgan edi. Ya’ni terma jamoa o‘yinlarida O‘FA o‘z homiylarini reklama qila olmasdi va translyatsiyani sotish huquqiga ega emasdi. Shu bois ham terma jamoada hozirga qadar bosh homiy, hamkorlar yo‘q edi. O‘sha kompaniya vakillari bilan bir necha bor muzokaralar olib bordik, O‘zbekistonga taklif qildik. Olib borilgan muzokaralar natijasida 2025 yilga qadar tuzilgan shartnoma bekor qilindi va barcha huquqlar yana o‘zbek futboliga qaytarildi.

Narzulla Saydullayev suhbatlashdi

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuperning ketishi va Abramovning kelishi qanday bo‘ldi? Ravshan Ermatov bilan intervyu