Nihoyat, milliy terma jamoamizda kutilgan o‘zgarish amalga oshdi. Argentinalik Ektor Kuper iste’foga chiqarilib, o‘rniga Vadim Abramov tayinlandi. Tabiiyki, ushbu o‘zgarishga har kim o‘z munosabatini bildirmoqda. Ko‘pchilik esa Vadim Karlenovichning terma jamoamizga bosh murabbiy bo‘lishini kutayotgandi ham. Biz esa terma jamoamizdagi o‘zgarish haqida hozirda «Metallurg»da ishlayotgan va bungacha turli yoshdagi terma jamoalarimizda faoliyat olib borgan mutaxassis Murod Ismoilovning fikrlariga quloq soldik.
Kuperning iste’fosi haqida
Murod Ismoilov avvalambor Ektor Kupering iste’foga chiqarilganligi to‘g‘risida o‘z munosabatini bildirdi.
- Ektor Kuperni ishlagan vaqti mobaynida o‘ylagan rejalari qanchalik amalga oshdi yoki oshmadi, shuningdek, o‘yin uslubidan kelib chiqib, qilgan mehnatlarini yomonlamoqchi emasman. Balki unda nimadir o‘xshamay qolgandir. Kech bo‘lmasidan bosh murabbiyni almashtirilishi ayni muddao bo‘ldi. Ayniqsa, o‘zimizning futbolni ich-ichigacha yaxshi biladigan Vadim Abramovning tayinlanishi to‘g‘ri bo‘ldi. Aynan shu o‘zgarish o‘z vaqtida amalga oshirildi. Vadim Karlenovich barcha o‘yinchilarni biladi hamda uning uslublari ham boshqacharoq. Har tomonlama bu o‘zgarish bizga mos tushadi.
U bir yil davomida bizga nima berdi?
Ma’lumki, endilikda sobiq murabbiyga aylangan Kuper yurtimizda bir yil davomida ishladi. Qiziq, u shuncha payt davomida futbolimizga nima bera oldi? Ismoilov ushbu masala xususida shunday dedi?
- Baribir kimdir undan nimadir oldi, o‘rgandi. Albatta, terma jamoamizning ichkarisidagi holat qanday bo‘lganini bilmaymiz. Baribir futbolga bo‘lgan munosabati, oxirgi jahon chempionatida Misr bilan jahon chempionatida qatnashgani va o‘zidagi boshqa bilimlari bilan o‘rtoqlashgan bo‘lishi kerak. U bizga hech nima bermadi deya olmayman. Shuning uchun futbolchilarimiz Kuperdan nimadir o‘rganishdi deb o‘ylayman.
Falastinga uchralgan mag‘lubiyat Kuperning iste’foga chiqarilishiga arzirmidi?
Albatta, terma jamoamizning Falastinga mag‘lubiyatga uchragani xafsalamizni pir qilgani rost. Xo‘sh, ushbu o‘yindagi mag‘lubiyat aslida Kuperning iste’foga chiqarilishiga qanchalik arzirdi? Aynan ushbu savol bilan Murod Ismoilovga murojaat qildik.
- Menimcha, birgina bu mag‘lubiyat sabab bo‘lmasa kerak. Bundan oldingi uchrashuvlarda ham ko‘rinib turgandiki, bizda nimadir o‘xshamay turgandi, o‘yinimiz ham qovushmayotgandi. Shu bois uning ketishi Falastinga qarshi o‘yin bilan bog‘liq. Baribir Kuperning ishida nimadir ko‘ngildagidek chiqmayotgandi-da. Hammasi yig‘ilib-yig‘ilib uning iste’fosiga olib keldi. Balki o‘zining uslubini yigitlarga to‘liq tushuntira olmagandir. Boya aytganimdek, terma jamoamizning ichkarisida nima gaplar bo‘lganini bilmayman.
O‘sha o‘yin to‘g‘risida
Umuman olganda, Falastin bilan uchrashuvda jamoamiz, ayniqsa, sobiq bosh murabbiy keskin tanqidlarga uchradi. Hech kimga yoqmagan o‘yindan hamma hayratga tushib qolgandi. Chunki hech kim bunday yoqimsiz o‘yinni kutmagandi.
- Futbolda bunday o‘yinlar bo‘lib turadi, - deya gapni davom ettirdi, Ismoilov. - 2014 yilgi jahon chempionatida ham Braziliya o‘z maydonida Germaniyaga 1:7 hisobida yutqazib qo‘ygan. Buni hech kim kutmagandi. Boshqa jamoalarda ham shunga o‘xshash vaziyatlar albatta uchrab turadi. O‘sha kuni yigitlarimiz harakat qilishmadi, o‘ynashmadi deya olmayman. Shunchaki, hech narsa o‘xshamadi. O‘sha kuni Falastinning o‘ylagan rejalari amalga oshdi. Bizda esa aksincha holat bo‘ldi, o‘yinimiz umuman qovushmadi.
Vadim Abramov terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqishga qodirmi?
Endi barcha umid va e’tibor Vadim Abramovga qaratilishi shubhasiz. Muhimi, muxlislarning o‘zlari xohlagan murabbiy oradan yillar o‘tib, yana milliy terma jamoaga qaytarildi. Bizning azaliy orzuimiz hisoblangan jahon chempionati sari O‘zbekistonni yetaklab borishi kerak. Xo‘sh, u qanchalik bizni mundialga olib chiqa oladi? Ismoilov quyidagicha fikr bildirdi.
- Buni Xudo biladi. Bitta tomoni borki, u boya aytganimdek, futbolchilarimizni juda yaxshi biladi. Uning hayoti futbol bilan chambarchas bog‘liq. Abramov muxlislarimiz xohlaydigan darajada o‘yin uslubiga ega. Faqat murabbiy xohlayotgan narsani futbolchilar maydonda bajarib berishlari kerak. Kuper ham jamoamizni olib chiqa olmayman yoki nima bo‘lsa bo‘lar deb ishlamagan. U ham O‘zbekistonga yaxshi niyatlar bilan kelgan, terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqishni istagani aniq.
Lekin u xohlayotgan narsani maydonda bajarib berish ham kerak-da. To‘g‘ri, uning taktikasi ko‘proq himoyaviylikka asoslangan bo‘lib, bizga to‘g‘ri kelmadi ham deylik. Mana, endi bizga hujumkor o‘yin ko‘rsatishni yoqtiradigan murabbiy keldi. Endi yigitlarga ham ko‘p narsa bog‘liq. Rahbarlarimiz, muxlislarimiz, umuman barchamizning ich-ichimizdan xohlayotgan niyatimizni futbolchilarimiz ro‘yobga chiqarib berishsa, ishqibozlarimizning orzusini amalga oshirishgan bo‘ladi. Bu esa futbolimiz uchun katta plyus bo‘ladi. Ayniqsa, futbolimizning kelajagi uchun muhim qadam qo‘ygan bo‘lardik. Endi futbolchilarimizni hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishadi deb aytyapmiz. Faqat buni ro‘yobga chiqarish qoldi xolos.
Futbolda kimlar ishlayotgan bo‘lsa, hammamiz qarzdormiz. Kimning oldida? Futbolsevar muxlislarimiz va rahbarlarimiz oldida qarzdormiz. Agar orzuimizni ro‘yobga chiqaradigan bo‘lsak, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Mana, boshqa sport turlarimiz bo‘yicha jahon chempionlari yetishib chiqmoqda, Olimpiadalarda qatnashib kelishyapti. Niyatim esa bizning rahbarlarimiz ham futbol bo‘yicha jahon chempionatiga borib, davlatimiz madhiyasini stadionda eshitishlarini istayman. Shuning uchun biz qarzdormiz. Futbolchilarimizga ushbu gaplar yetib borishini xohlardim. Ayniqsa, yuragidan his qilib, e’tibor berishlarini istayman.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi