14:15 / 01.10.2019
3 115

"Biz o‘zbeklarni yengish oson emas". Mahmud Murodov "Match TV" telekanaliga katta intervyu berdi

"Biz o‘zbeklarni yengish oson emas". Mahmud Murodov "Match TV" telekanaliga katta intervyu berdi
O‘zbekistonlik birinchi UFC jangchisi Mahmud Murodov Rossiyaning "Match TV" telekanaliga intervyu berdi.
Bundan rosa 10 yil oldin Mahmud Murodov Rossiyaning Tomsk shahridagi qurilishda noqonuniy ishchi bo‘lgan. Bugun esa u UFCdagi jangda g‘alaba qozondi va nufuzli promoushenda oktagonga chiqqan birinchi o‘zbek sportchisiga aylandi.

Mahmud Murodov hozir 29 yoshda. Odamlar uni Floyd Meyvezer o‘zining "Instagram" sahifasida Murodovni to‘satdan dunyodagi eng yaxshi MMA jangchisi deb ataganidan so‘ng yanada yaxshi tanib olishdi.

Murodov professional faoliyatini 2010 yilda Chexiyaga pul ishlash maqsadida kelganidan so‘ng boshlagan. Bungacha esa 4 yil davomida Rossiyada noqonuniy ishchi bo‘lgan: qurilishda ishlagan, bir oyda 4000 rublga yashagan.

Murodov yozda, Las-Vegasda UFCning saralashida qatnashish taklifini rad etganini aytdi. Uni UFCning standart shartnomasi (oktagonga chiqish uchun 10 000 dollar, qo‘shimcha g‘alaba uchun yana 10 000 dollar) qoniqtirmagan. Chunki, u Chexiyada ko‘proq pul ishlaydi. Mahmud u yerdagi mahalliy promoushen - Oktagon ning yulduzi edi.

Aslida Murodov 9 noyabr kuni Oktagon turniri doirasida Pragadagi 20 minglik arenada bo‘lib o‘tadigan jangga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Ammo, 16 sentyabr kuni unga biroz kutilmaganda UFCdan taklif bo‘ldi. Yaxshi mablag‘ va 12 kundan so‘ng, ya’ni 28 sentyabr kuni Kopengagenda o‘tkaziladigan turnirda oktagonga chiqish talabi. Mahmud bunga rozi bo‘ldi. Undan muhim jang oldidan to‘laqonli mashg‘ulotlar bajarilganidan so‘ng debyut o‘tkazish to‘g‘ri bo‘lmaydimi, deb so‘raldi, u esa hayron qolib:

- Nimani kutish? Men bu yerda tarix yaratish uchun turibman. Men UFCdagi birinchi o‘zbek bo‘lmoqchiman, - dedi.

Murodovning italiyalik Alessio di Kirikoga qarshi janggi 12 kunlik tayyorgarlikni ko‘rsatib berdi. Mahmud dastlabki ikki raundda raqibdan ustun keldi, ammo 3-raundda allaqachon toliqib bo‘lgandi va bir nechta zarbalarni qabul qilib oldi. Shunga qaramay, Mahmud jang yakunida O‘zbekistonga UFCdagi dastlabki g‘alabani keltirdi.

- Uchinchi raundda sizga zarbalar ta’sirini o‘tkazdimi yoki charchoq?
- Yo‘q! Qaysi zarbalar? Mening boshim betondan. Biz, o‘zbeklarni yuta olishmaydi. Bu charchash tufayli ro‘y berdi. Men raqibimning kuchli zarbasi borligini bilardim. Shuning uchun ko‘proq faol bo‘lib, harakat qilishim kerak edi. Ikki raundda bu o‘xshadi. Uchinchi raundda esa biroz charchadim. Hozir aqllilar nimalardir deb yozishmoqda. Ammo, tasavvur qiling: mening raqibim bu jangga 2-3 oy tayyorgarlik ko‘rgan, men esa bu haqida 12 kun oldin bilganman. Mashg‘ulotlar uchun 5 kun bor edi va jangdan 4 kun oldin Daniyaga uchib keldim. Shunga qaramay, shunday og‘ir jang bo‘lganidan mamnunman.

- Uchinchi raundda qanday qilib turib bera oldingiz?
Men o‘zimga o‘zim: "Shu yerda jang qilmoqchi edingmi, shunday qil, seni onang, otang va akang tomosha qilmoqda" dedim. O‘zbekistonda, uyimiz yonida katta proyektor o‘rnatilgan va jang hamma qo‘shnilar uchun qo‘yib berilgandi. Shunda onam uchchala raundni ham ko‘ra olmasligini aytdi. "Nimaga buncha uzoq", - deydi u. U asabiylashdi, qo‘shnining bolasini quchog‘iga oldi, yurdi va jang tugashini kutdi.

- Floyd Meyvezer turnirdan so‘ng sizga nimadir yozdimi?
- Biz telefonda gaplashdik va yozishdik. Floyd g‘alabamdan xursand bo‘ldi va qachon qaytishimni so‘radi? Shuningdek, Chexiya va O‘zbekistondan juda ko‘p odamlar qo‘ng‘iroq qilishdi. Ko‘plab chex jangchilari meni tabriklashdi. Mehmonxona lobbisida hamma alkogol ichishni boshladi. Men esa UFC jangchilarga tiklanish uchun beriladigan kokosli suvni ichdim va butun paketni o‘zim bilan xonamga olib ketdim. Raqibim esa pivo bilan oldimga kelib tabrikladi va birgalikda ichishni taklif qildi. Men esa unga ichmasligimni aytdim. Bu gapimdan juda hayron qoldi. U menga jamoasi ushbu jangga qarshi ekanligini, uni men bilan jangidan qaytarmoqchi bo‘lishganini aytdi. Jang faqatgina u men bilan kurashishni xohlagani uchun bo‘ldi. U yaxshi jangchi va men aynan shunday jangchi ustidan g‘alaba qozonganimdan mamnunman. Endi bu tarix: o‘zbek 12 kundan so‘ng bo‘ladigan jangga rozi bo‘ldi, chiqdi va yutdi.

- Shartnoma imzolashdan oldin Las-Vegasda UFC prezidenti Dana Uayt bilan ko‘rishdingiz. Muloqot nima haqida bo‘ldi?
- Men uning yoniga bordim va so‘radim: "Menga shartnoma bering, noyabrda Moskvada jang qilish imkoniyatini taqdim eting. Bu mening orzuim, u yerda muxlislarim ko‘p" dedim. U esa: "Tashvishlanma. Biz sen haqingdagi barcha narsani bilamiz" dedi. Hozirgina jangdan so‘ng Dananing "Instagram"ini ko‘rdim. U jangdan oldin mening rasmimni qo‘ygan ekan. U yerda 500ta izoh qoldirilgan. Muxlislarim ajoyib. Aynan shuning uchun men dushanbadanoq mashg‘ulotlarga kirishaman.

- Endi UFC bilan shartnomangiz bor. Hali ham 9 noyabr kuni Moskvada jang qilishni xohlaysizmi?
- Zo‘r bo‘lar edi. Kopengagenda jang qilishim ikki hafta qolganda aniq bo‘lganiga qaramay, u yerga Chexiyadan yuzlab muxlislarim tashrif buyurdi. UFC Moskvada qancha o‘zbek muxlislarim borligini ko‘rar edi. Moskvadagi turnirlar faytkardlarga to‘lib bo‘lgan va men u yerga borishni xohlamayman. Kelasi yil Rossiyada yana turnir bo‘ladi va biz u yerda albatta hozir bo‘lamiz. Kim bilan va qayerda, bu muhim emas. Muxlislarim qayerga bo‘lsa ham borishadi. UFC bilan shartnoma imzolaganimda, MMA O‘zbekistonda qonuniylashtirildi, Endi musobaqalar rasmiy tarzda o‘tkazilishi mumkin. Menimcha, shunday.

Alisher Ostonov tayyorladi

Manba: olamsport.com

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Biz o‘zbeklarni yengish oson emas". Mahmud Murodov "Match TV" telekanaliga katta intervyu berdi